Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5732 marta o'qildi

Ish haqidan qancha ushlab qolinishi mumkin?

Ijro hujjati bo‘yicha qarz undirilayotganda ish haqidan ushlab qolinadigan summa soliqlar ushlab qolingandan keyin qolgan mablag‘dan hisoblanadi.

Umumiy qoidaga ko‘ra, qarz to‘liq uzilgunga qadar ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning ko‘pi bilan 50 foizi ushlab qolinishi mumkin.

Agar bir vaqtning o‘zida bir nechta ijro hujjati bo‘yicha undiruv amalga oshirilsa ham, odatda xodimda ish haqining kamida 50 foizi saqlanishi kerak.

Qachon 70 foizgacha ushlab qolish mumkin?

2025-yil 19-avgustdan umumiy 50 foizlik cheklov quyidagi holatlarga tatbiq etilmaydi:

  • aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirishda;
  • axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan xodimning ish haqidan ushlab qolishda.

Bunday hollarda jami ushlab qolish xodimga haqiqatda hisoblangan ish haqining 70 foizidan oshishi mumkin emas.

Eslatma: oddiy aliment to‘lovi bilan aliment bo‘yicha to‘planib qolgan qarzdorlikni farqlash muhim. 70 foizgacha bo‘lgan maxsus cheklov aynan qonunda nazarda tutilgan holatlarga nisbatan qo‘llanadi.

Qaysi to‘lovlarga umuman undiruv qaratib bo‘lmaydi?

Qonun ayrim maqsadli va ijtimoiy ahamiyatga ega to‘lovlarni qarz undirishdan himoya qiladi.

Undiruv quyidagi mablag‘larga qaratilmaydi:

  • mayib bo‘lish yoki sog‘liqqa boshqacha shikast etkazilishi munosabati bilan zararni qoplash uchun to‘lanadigan summalar;
  • boquvchining vafoti sababli ko‘rilgan zararni qoplash summalari;
  • xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mayib bo‘lgan, yaralangan, shikastlangan yoki kontuziya olgan shaxslarga, shuningdek ular vafot etganda oila a’zolariga to‘lanadigan summalar;
  • bola tug‘ilganligi munosabati bilan to‘lanadigan summalar;
  • aliment majburiyatlari bo‘yicha shaxsning o‘ziga to‘lanadigan aliment mablag‘lari;
  • mehnat sharoiti noqulay yoki o‘ziga xos ishlar uchun to‘lovlar, radiatsiya ta’siriga uchragan shaxslarga va qonunda nazarda tutilgan boshqa holatlarda to‘lanadigan mablag‘lar;
  • homiladorlik va tug‘ish nafaqasi;
  • dafn etish nafaqasi;
  • qisman haq to‘lanadigan ta’til davrida bola parvarishi uchun to‘lovlar;
  • bola tug‘ilishi, qarindosh vafoti yoki nikoh tuzilishi munosabati bilan ish beruvchi to‘laydigan mablag‘lar;
  • xizmat safari, boshqa joyga ishga o‘tish, ishga qabul qilinishi yoki yuborilishi munosabati bilan to‘lanadigan summalar;
  • mehnat munosabatlari bekor qilinganda to‘lanadigan ishdan bo‘shatish nafaqasi.

Ijtimoiy sug‘urta va ishsizlik nafaqasidan undirish mumkinmi?

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik bo‘yicha ijtimoiy sug‘urta nafaqasi va ishsizlik nafaqasiga har qanday qarz bo‘yicha undiruv qaratilavermaydi.

Bunday nafaqalardan undiruv faqat sud qarori asosida:

  • aliment undirish;
  • mayib bo‘lish yoki sog‘liqqa boshqacha shikast etkazilishi sababli zararni qoplash;
  • boquvchining vafoti bilan bog‘liq zararni qoplash bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.

Buxgalteriya ushlab qolishni qanday amalga oshiradi?

Ish beruvchi yoki xodimga ish haqi to‘layotgan boshqa tashkilot ijro hujjatidagi talabga muvofiq tegishli summani ushlab qoladi va belgilangan tartibda o‘tkazadi.

Davlat ijrochisi undiruvchining arizasiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan:

  • mablag‘ to‘g‘ri ushlab qolinganini;
  • o‘z vaqtida o‘tkazilganini;
  • hisob va saqlash talablariga rioya qilinganini tekshirishi mumkin. Tashkilot bunday tekshiruvda zarur buxgalteriya va boshqa hujjatlarni taqdim etishi shart.
Chat