Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 6213 marta o'qildi

Bojxona sohasida tadbirkorlik sub’ektlari murojaatlarini ko‘rib <span class=data-keyword>chiqish</span> tartibi belgilandi

Apellyatsiya kengashi nima uchun tashkil etilgan?

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasida tadbirkorlik sub’ektlarining bojxona sohasidagi muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha tavsiyalar beruvchi Apellyatsiya kengashi faoliyat yuritadi.

Kengash tadbirkorlarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq murojaatlarini ko‘rib chiqadi, bojxona qiymatini belgilash, bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlarni to‘g‘ri qo‘llash hamda tadbirkor va bojxona organi o‘rtasidagi nizolar bo‘yicha tavsiyaviy xulosalar beradi.

Kim va qanday murojaat qilishi mumkin?

Davlat organi yoki mansabdor shaxsning g‘ayriqonuniy qarori, xatti-harakatlari yoki harakatsizligi natijasida huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilgan jismoniy va yuridik shaxs nizoli masalani Apellyatsiya kengashida ko‘rib chiqishni so‘rashi mumkin.

Murojaat tegishli bojxona organiga yozma yoki elektron shaklda beriladi. Bojxona organi rahbari yoki uning o‘rinbosari murojaat muallifini xabardor qilgan holda uni 1 kun ichida Apellyatsiya kengashiga yuboradi.

Murojaat qancha vaqtda ko‘rib chiqiladi?

Murojaat Apellyatsiya kengashiga kelib tushgan kundan boshlab 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Agar qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish yoki qo‘shimcha hujjatlarni so‘rash zarur bo‘lsa, ko‘rib chiqish muddati 1 oygacha bo‘lishi mumkin. Istisno hollarda qo‘shimcha choralar talab etilsa, Kengash raisi muddatni ko‘pi bilan yana 1 oyga uzaytirishi mumkin va bu haqda murojaat etuvchi darhol xabardor qilinadi.

Murojaat etuvchi yoki uning vakili Apellyatsiya kengashi majlisiga taklif qilinishi mumkin.

Apellyatsiya kengashi qanday qaror qabul qiladi?

Kengash qarori xulosa shaklida rasmiylashtiriladi. Xulosa 3 kun ichida bojxona organi rahbariga ko‘rib chiqish uchun, manfaatdor taraflarga esa ma’lumot uchun yuboriladi.

Eslatma: Apellyatsiya kengashi xulosasi tavsiyaviy xususiyatga ega. Bojxona organi rahbari uni inobatga olishi yoki yozma asoslangan holda rad etishi mumkin. Qabul qilingan qaror haqida Kengash va taraflar 3 kun ichida xabardor qilinadi.

Chat