Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 188 marta o'qildi
Adliya vazirligi Oliy ta’lim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari bo‘yicha indikatorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami: 3732-son, 23.12.2025-y.).

“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 58-moddasiga ko‘ra, oliy ta’limni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va ta’lim dasturlariga muvofiqlik jihatdan kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi.

Mazkur idoraviy hujjat bilan 8 ta yo‘nalish doirasidagi 47 ta mezon bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda foydalaniladigan 271 ta indikator belgilanmoqda.

Unga ko‘ra, 19 ta (7 %) majburiy indikatorlar (indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatining mavjudligi, antiplagiat tizimi joriy etilganligi va b.) hamda 252 ta (93 %) umumiy indikatorlar (natijalarga erishgan tyutorlarning rag‘batlantirib borilganligi, talabalarning startap loyihalari va ratsionalizatorlik g‘oyalari uchun tanlovlarning tashkil etilganligi va b.) mavjud bo‘lib, “muvofiq” yoki “muvofiq emas” tarzida baholanadi.

Bunda:

▪️ 50 % gacha indikatorlar «muvofiq» deb baholansa – mezon “muvofiq emas”;
▪️ 50 % dan 70 % gacha indikatorlar «muvofiq» deb baholansa – mezon “qisman muvofiq”;
▪️ 70 % va undan ortiq indikatorlar «muvofiq» deb baholansa – mezon “muvofiq” deb topiladi.

✅ Majburiy indikator “muvofiq emas” deb baholansa, umumiy natijadan qat’i nazar, mezon “muvofiq emas” deb topiladi.

Chat