Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 4753 marta o'qildi

Deputat kim hisoblanadi?

Xalq deputatlari Kengashi deputati — tegishli viloyat, tuman yoki shahar Kengashiga saylangan hamda saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi.

Deputat tegishli xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddatiga saylanadi. Unga deputatlik guvohnomasi va ko‘krak nishoni beriladi.

Deputatlik vakolatlarini boshqa shaxsga topshirish mumkin emas.

Deputatning asosiy huquqlari

Deputat Kengash majlislarida ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar bo‘yicha hal qiluvchi ovoz huquqiga ega.

Deputat, jumladan:

  • Kengashning doimiy va muvaqqat komissiyalariga saylash va saylanishga;
  • Kengash majlisida ko‘rib chiqish uchun masalalar taklif etishga;
  • kun tartibi va muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha takliflar kiritishga;
  • munozaralarda ishtirok etish va savollar berishga;
  • deputat so‘rovi bilan murojaat qilishga;
  • hududlarni rivojlantirish dasturlari bajarilishini nazorat qilishga;
  • hisobdor organ yoki mansabdor shaxs hisobotini eshitishni taklif qilishga;
  • qonunlar va Kengash qarorlari ijrosini tekshirish masalasini kiritishga;
  • saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga;
  • qonunbuzilishlarga chek qo‘yishni talab qilib vakolatli organlarga murojaat qilishga haqli.

Deputatning majburiyatlari

Deputat Kengash va o‘zi a’zo bo‘lgan komissiya majlislarida qatnashishi hamda ovoz berishda shaxsan ishtirok etishi shart.

Majlisda ishtirok eta olmasa, bu haqda Kengash yoki komissiya rahbarini oldindan xabardor qilishi kerak.

Deputat o‘z maqomidan fuqarolar, jamiyat yoki davlatning qonuniy manfaatlariga zarar etkazadigan tarzda foydalanishi mumkin emas.

Saylovchilar bilan ishlash tartibi

Deputat o‘z saylov okrugidagi saylovchilar bilan doimiy aloqa qilib, ularning manfaatlarini Kengashda ifoda etadi.

U:

  • saylovchilar murojaatlarini ko‘rib chiqadi;
  • jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarini qabul qiladi;
  • murojaatlarni hal etish choralarini ko‘radi;
  • yiliga kamida to‘rt marta saylovchilarga o‘z faoliyati haqida axborot beradi.

Saylovchilarning ishonchini oqlamagan yoki uni nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya oldidagi majburiyatlarini bajarmagan deputat qonunda belgilangan tartibda chaqirib olinishi mumkin.

Deputat so‘rovi nima?

Deputat so‘rovi — deputatning tegishli hududdagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organi mansabdor shaxsidan vakolatiga kiruvchi masala bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish yoki nuqtai nazarini talab qilishi.

Mansabdor shaxs deputat so‘roviga u olingan kundan boshlab 10 kundan kechiktirmay javob berishi shart.

Sud, prokuratura, surishtiruv yoki tergov organi rahbariga yuborilgan deputat so‘rovi ularning ish yurituvidagi muayyan ish yoki materialga taalluqli bo‘lishi mumkin emas.

Deputatlik odobi buzilsa qanday chora ko‘riladi?

Deputat odob-axloq qoidalarini buzgan taqdirda unga nisbatan:

  • ogohlantirish berish;
  • Kengash yoki komissiya majlisida uzr so‘rashni talab qilish;
  • qoidabuzarlik faktini Kengash majlisida e’lon qilish;
  • deputatlik vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish

choralari qo‘llanilishi mumkin.

Deputat vakolati qachon muddatidan ilgari tugatiladi?

Deputatning vakolatlari, jumladan:

  • u vakolatidan voz kechish haqida yozma ariza berganda;
  • deputatlikka nomuvofiq lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda;
  • Kengash yoki komissiya majlislarida bir yilda 30 yoki undan ortiq ish kuni uzrsiz qatnashmaganda;
  • chet davlatda doimiy yashash huquqini beruvchi hujjat olganda;
  • sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
  • deputat chaqirib olinganda;
  • O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotganda;
  • deputat vafot etganda

muddatidan ilgari tugatiladi.

Deputat degan nomga dog‘ tushiruvchi xulq-atvor ham uning vakolatlarini Kengash qarori bilan muddatidan ilgari tugatish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Deputat faoliyatining kafolatlari

Deputatga o‘z vakolatlarini erkin va samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi, uning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati muhofaza qilinadi.

Deputat:

  • guvohnomasini ko‘rsatib, tegishli hududdagi korxona va tashkilotlarga moneliksiz kirishga;
  • rahbarlar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinishga;
  • deputatlik vazifasini bajarish vaqtida ish joyi va o‘rtacha ish haqi saqlanishiga;
  • vakolati davomida harbiy yig‘inlardan ozod etilishga;
  • tegishli hududda ayrim yo‘lovchi transportlaridan bepul foydalanishga haqli.

Deputatning daxlsizligi

Deputatlik daxlsizligi — deputatni tegishli Kengashning roziligisiz belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlovchi huquqiy himoya.

Tegishli Kengash roziligisiz deputat o‘zi deputat bo‘lgan hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tomonidan qo‘llaniladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi tegishli prokuror yoki yuqori turuvchi prokuror taqdimnomasi asosida Kengash tomonidan 10 kun ichida hal etiladi.

Agar huquqbuzarlik deputat o‘zi deputat bo‘lgan hududdan tashqarida sodir etilgan bo‘lsa, Kengash roziligini olish talab qilinmaydi.

Chat