Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 21 marta o'qildi

Xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga oshirdi.


Agentlik tahlilchilari murakkab global vaziyatga qaramay, mamlakatda energetika sohasidagi islohotlar izchil davom etayotgani, byudjet intizomi saqlanayotgani hamda xususiylashtirish jarayonlari izchil olib borilayotganini yuqori baholadi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ta’kidlashicha, «ijobiy» prognozning berilishi yaqin kelajakda O‘zbekistonning kredit reytingi yanada yuqori darajaga ko‘tarilishi mumkinligini anglatadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xalqaro hamkorlar uchun muhim signal bo‘lib, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro moliya bozorlarida nisbatan arzon resurslarni jalb etish hamda iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

«Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning yagona maqsadi — har bir vatandoshimizning hayoti va farovonligini yaxshilashdir. Bu yo‘lda jamoamiz bilan birga faqat oldinga harakat qilamiz», — dedi Saida Mirziyoeva.

Qayd etilishicha, jahondagi geosiyosiy va iqtisodiy beqarorlik sharoitida bunday natijaga erishilishi mamlakat taraqqiyot yo‘li va islohotlar strategiyasi to‘g‘ri tanlanganining yana bir tasdig‘i hisoblanadi.

Shuningdek, iqtisodiy barqarorlik va moliyaviy mustahkamlik ijtimoiy soha, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimi hamda aholi turmush sifatini oshirish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda O‘zbekistonning suveren kredit reytingi BB- darajasidan BB darajasiga ko‘tarilgan edi.

Chat