Mazkur holatdan kelib chiqib, «avtomobilь yo‘li» tushunchasiga qonunchilikda aniq huquqiy ta’rif berilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 2-oktyabrdagi O‘RQ-117-sonli «Avtomobilь yo‘llari to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, avtomobilь yo‘li — transport vositalarining belgilangan tezlik, og‘irlik va o‘lcham me’yorlariga rioya etilgan holda uzluksiz hamda xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga mo‘ljallangan muhandislik inshootlari majmuasi, shuningdek ushbu majmuani joylashtirish uchun ajratilgan er uchastkalari hamda avtomobilь yo‘li ustidagi qonun hujjatlarida belgilangan doiradagi bo‘shliq sifatida e’tirof etiladi.
Bundan kelib chiqadiki, transport vositalarining qonun hujjatlarida belgilangan tezlik, og‘irlik va o‘lcham me’yorlariga rioya etilgan holda uzluksiz hamda xavfsiz harakatlanishini ta’minlashda avtomobilь yo‘llari vosita sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Biroq amaliyotda yo‘lovchilarni chiqarish yoki tushirish, yuklarni ortish yoki tushirish bilan bog‘liq holatlar, shuningdek transport vositasining texnik nosozligi tufayli yuzaga keladigan majburiy to‘xtash va to‘xtab turish holatlari ham keng ko‘lamda kuzatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12 apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, transport vositalarining to‘xtashi va to‘xtab turishi tushunchalari, ularning huquqiy mazmuni hamda qo‘llanish tartibi aniq va batafsil belgilab qo‘yilgan.
◾️ To‘xtash — transport vositasi harakatini 10 daqiqagacha bo‘lgan muddatga to‘xtatish.
◾️To‘xtab turish — harakatni 10 daqiqadan ko‘proq vaqtga atayin to‘xtatish. Yo‘lning qatnov qismida harakatsiz holda bo‘lgan jism, jumladan buzilib qolgan transport vositasi «to‘siq» deb hisoblanadi. Tirbandlik tufayli yoki Qoidalar talabiga binoan to‘xtagan transport vositasi to‘siq hisoblanmaydi.
Umumiy qoidaga ko‘ra, boshqa transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan holda yoki yo‘l cheti bilan masofa 3 metrdan kam bo‘lgan joylarda to‘xtash taqiqlanadi. Biroq, majburiy to‘xtash (buzilish) holatlarida haydovchi quyidagilarni bajarishi shart:
1. Avtomobilni imkon qadar yo‘lning qatnov qismidan chetga (yo‘l yoqasiga) olish choralarini ko‘rish.
2. Avariya chiroqlarini yoqish va avariya to‘xtash belgisini o‘rnatish.
Agar transport vositasi buzilmagan bo‘lsa va haydovchi uni shunchaki qoldirib ketgan bo‘lsa, 10 daqiqadan keyin bu O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq, «to‘xtab turish qoidalarini buzish» deb baholanadi. Majburiy to‘xtashda (buzilishda) esa haydovchi transport vositasini yo‘ldan olib chiqish chorasini ko‘rayotgan bo‘lsa, ma’muriy javobgarlik yuzaga kelmaydi. Shuningdek, ushbu kodeksga muvofiq, agar haydovchi avtomobilni yo‘lning qatnov qismida, to‘xtash taqiqlangan joylarda, masalan, «To‘xtash taqiqlangan» belgisi amal qilish hududida, piyodalar o‘tish joyida, chorrahalarda qoldirib ketsa, avtomobilni qatnov qismida qoldirish boshqa harakat qatnashchilarini tezlikni yoki yo‘nalishni keskin o‘zgartirishga majbur qilsa (avariya holati yuzaga kelsa) tegishli moddalar bilan malakalanadi.