Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10 marta o'qildi

Bolalarga bepul va xavfsiz yuridik yordam ko‘rsatiladi

«Madad» nodavlat notijorat tashkiloti va UNICEF (YuNISEF) hamkorligida zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki oilaviy nizolarga jalb etilgan bolalarga bepul yuridik yordam ko‘rsatishga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida bolalarga vaucher tizimi orqali maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan malakali advokatlar tomonidan gender jihatdan sezuvchan, bolalarga do‘stona va xavfsiz yuridik yordam ko‘rsatiladi.

Loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Advokatlar palatasi, Ayol advokatlar alьyansi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkor tashkilotlar sifatida ishtirok etmoqda.

Yuridik yordam maxsus tanlab olingan 10 nafar advokat, jumladan 8 nafar ayol va 2 nafar erkak advokat tomonidan ko‘rsatiladi.

Qanday holatlarda yuridik yordam olish mumkin?

Loyiha doirasida quyidagi holatlar bo‘yicha bepul yuridik yordam ko‘rsatilishi mumkin:

Jinoyat ishlari bo‘yicha:

  • bolaning jismoniy zo‘ravonlikdan jabrlanishi;

  • psixologik zo‘ravonlikka uchrashi;

  • ekspluatatsiya yoki odam savdosidan jabrlanishi;

  • tahqirlash yoki kibertahqirlashga uchrashi;

  • oilaviy yoki maishiy zo‘ravonlikdan jabrlanishi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha:

  • bolaning qaysi ota-ona bilan yashashini belgilash;

  • bolani tarbiyalashda ishtirok etishga to‘sqinliklarni bartaraf etish;

  • boshqa shaxslar tarbiyasida bo‘lgan bolani ota-onasiga qaytarish;

  • ota-onalik huquqidan mahrum qilish, cheklash yoki tiklash;

  • ota-onalik huquqidan mahrum qilmagan holda bolani ota-onadan olib qo‘yish;

  • farzandlikka olishni bekor qilish yoki haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq nizolar.

Yuridik yordam qanday ko‘rsatiladi?

Murojaat o‘rganib chiqilganidan so‘ng, loyiha talablariga mos kelgan holatlar bo‘yicha bola yoki uning qonuniy vakiliga malakali advokat jalb qilinishi mumkin.

Advokat tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik yordam bepul bo‘lib, advokatlik xizmati uchun to‘lov loyiha mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Mazkur loyiha bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish, ularning odil sudlov va malakali yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Qo‘shimcha ma’lumot

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun +998 (71) 256-52-53 telefon raqamiga murojaat qiling.

Chat