Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 40793 marta o'qildi

Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.

Er va xotinning umumiy mol-mulkiga er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar kiradi. Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.

Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.

Er va xotinning umumiy mol-mulkka egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi

Er va xotin ularning birgalikdagi umumiy mulki bo‘lgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir.

Er va xotindan birining umumiy mol-mulkini tasarruf etishi bilan bog‘liq bitim tuzilsa, bu harakat boshqasining roziligiga ko‘ra amalga oshirilayotganligini anglatadi.

Er (xotin) o‘zining nomiga rasmiylashtirgan umumiy ko‘chmas mol-mulkni tasarruf etish bo‘yicha bitim tuzishi uchun xotin (er)ning notarial tartibda tasdiqlangan roziligini olishi lozim. Ko‘rsatilgan bitimni tuzishga notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinmagan er yoki xotin mazkur bitim amalga oshirilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab 1 yil davomida bu bitimni sud tartibida haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqli.

Chat