Er yoki xotinning shaxsiy majburiyati bo‘yicha haq undirish, birinchi navbatda, qarzdor er yoki xotinning o‘ziga tegishli mol-mulkka qaratiladi.
Agar ushbu mol-mulk qarzni qoplash uchun etarli bo‘lmasa, kreditor qarzdorning er-xotin umumiy mol-mulkidagi ulushini ajratishni va undiruvni shu ulushga qaratishni talab qilishga haqli.
Er yoki xotindan birining shaxsiy qarzi avtomatik ravishda ikkinchi tarafning shaxsiy qarziga aylanmaydi.
Er-xotinning umumiy majburiyatlari bo‘yicha undiruv ularning umumiy mol-mulkiga qaratilishi mumkin.
Shuningdek, qarz faqat er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa-da, sud olingan mablag‘lar yoki mol-mulkning barchasi oila ehtiyojlari uchun ishlatilganini aniqlasa, undiruv umumiy mol-mulkka qaratilishi mumkin.
Agar umumiy mol-mulk etarli bo‘lmasa, er-xotin o‘zlariga tegishli mol-mulk bilan sherik javobgar bo‘lishi mumkin.
Qarz mablag‘lari oila ehtiyojlari uchun sarflanganini da’vo qilayotgan taraf bu holatni tegishli dalillar bilan asoslashi kerak.
Agar er-xotinning umumiy mol-mulki ulardan biri tomonidan jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘ hisobiga orttirilgan yoki ko‘paytirilgani sud hukmi bilan aniqlansa, undiruv umumiy mol-mulkka yoki uning tegishli qismiga qaratilishi mumkin.
Er-xotinning voyaga etmagan bolasi etkazgan zarar uchun javobgarligi bolaning yoshi, muomala layoqati, ota-onaning aybi va boshqa holatlarga qarab fuqarolik qonunchiligi asosida belgilanadi.
Material O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi asosida tayyorlandi.