Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 29889 marta o'qildi

Notarial kelishuv bo‘yicha majburiyatning tugashi

Aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial kelishuv asosida vujudga kelgan aliment majburiyati quyidagi hollarda tugaydi:

  • kelishuv taraflaridan biri vafot etganda;
  • kelishuvning amal qilish muddati tugaganda;
  • kelishuvning o‘zida nazarda tutilgan boshqa asoslar yuz berganda.

Taraflar kelishuvni o‘zaro rozilik asosida notarial tartibda bekor qilishlari ham mumkin. Kelishuvning tugashi, qoida tariqasida, kelgusi davr uchun aliment to‘lash majburiyatini bekor qiladi.

Sud hujjati bo‘yicha undiriladigan alimentning tugashi

Sud tartibida undiriladigan aliment quyidagi hollarda tugaydi:

  • bola voyaga etganda;
  • bola voyaga etmasdan turib, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lganda;
  • ta’minoti uchun aliment undirilayotgan bola farzandlikka olinganda;
  • sud aliment oluvchining mehnat qobiliyati tiklanganini yoki u yordamga muhtoj bo‘lmay qolganini e’tirof etganda;
  • yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz sobiq er yoki xotin yangi nikohga kirganda;
  • aliment oluvchi yoki aliment to‘lovchi vafot etganda.

Aliment oluvchining mehnat qobiliyati tiklangani yoki uning yordamga muhtojligi tugagani sud tomonidan aniqlanishi lozim. Bunday holda aliment to‘lash faqat tegishli sud qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin tugatiladi.

Aliment to‘lashni tugatishni rasmiylashtirish

Aliment undirish ijro ishi doirasida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, majburiyatning tugashini tasdiqlovchi hujjat Majburiy ijro byurosining ijro ishini yuritayotgan tuman yoki shahar bo‘limiga taqdim etiladi.

Asosga qarab quyidagi hujjatlar taqdim qilinishi mumkin:

  • bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yoki shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
  • farzandlikka olish haqidagi sud qarori;
  • to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lganlikni tasdiqlovchi hujjat;
  • nikoh tuzilganligi haqidagi ma’lumot;
  • o‘lim haqidagi guvohnoma;
  • aliment to‘lashni tugatish haqidagi qonuniy kuchga kirgan sud qarori;
  • notarial kelishuv va uning amal qilish muddati tugagani yoki bekor qilinganini tasdiqlovchi hujjat.

Aliment ish beruvchi tomonidan ish haqidan ushlab qolinayotgan bo‘lsa, to‘lovni tugatish uchun tegishli hujjat davlat ijrochisiga va zarur holda ish beruvchiga taqdim etiladi.

Aliment qarzining saqlanishi

Aliment majburiyatining kelgusi davr uchun tugashi avval vujudga kelgan aliment qarzini bekor qilmaydi.

Masalan, bola voyaga etgani sababli joriy aliment to‘lash tugasa ham, voyaga etgunga qadar to‘lanmay qolgan summa belgilangan tartibda undirilishi davom ettiriladi. Xuddi shu qoida notarial kelishuvning muddati tugashidan oldin paydo bo‘lgan qarzga ham tatbiq etiladi.

Aliment qarzi davlat ijrochisi tomonidan ijro hujjati va amaldagi qonunchilik asosida hisoblanadi.

Davlat ijrochisining qarorlari ustidan shikoyat qilish

Davlat ijrochisining aliment undirishni tugatishga doir qarori, harakati yoki harakatsizligi ustidan shaxs qaror haqida xabardor qilingan yoki o‘z huquqi buzilganini bilgan paytdan boshlab o‘n kun ichida davlat ijrochisi joylashgan erdagi ma’muriy sudga yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat qilishi mumkin.

Chat