Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 43582 marta o'qildi

Kredit shartnomasi bo‘yicha bir tomon – bank yoki boshqa kredit tashkiloti (qarz beruvchi) shartnomada nazarda tutilgan miqdor va shartlar bo‘yicha boshqa tomonga (qarz oluvchiga) mablag‘ (kredit) berishni va qarz oluvchi olingan pul miqdorini qaytarish va unga foizlar to‘lash majburiyatini oladi.

► Kredit shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak, uning bir nusxasi qarz oluvchiga beriladi.

Kreditning garov ta’minoti
  • Garov – bu qarzdor va kreditor (bank) o‘rtasidagi majburiyatlarni ta’minlash usuli.
  • Qarzdor garov bilan ta’minlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditor (garovga oluvchi) bu majburiyat bo‘yicha garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatidan boshqa kreditorlarga qaraganda imtiyozli suratda qanoatlantirilishiga haqli.
  • Garov sifatida ko‘chmas mulk (uy, kvartira, savdo do‘koni), ko‘char mulk (avtomobilь, uskunalar) va boshqa yuqori likvidli aktivlar (qimmatli qog‘ozlar, zargarlik buyumlari) bo‘lishi mumkin.
  • Garovga qo‘yilgan mulk asosiy qarz qiymatini qoplashi kerak. Agar garovga qo‘yilgan mulk qiymati etarli bo‘lmasa, qo‘shimcha garov ta’minoti taqdim etiladi.
  • Garov zakalat, ipoteka, shuningdek huquq garovi tarzida bo‘lishi mumkin.
  • Garovga qo‘yilgan mol-mulk garovga qo‘yuvchidan garovga oluvchi ixtiyoriga beriladigan garov – zakalat deb e’tirof etiladi. Garov narsasi sifatida ko‘chmas mulk qo‘yilsa ipoteka hisoblanadi.
  • Garovga topshirilgan mol-mulk qarzdorga va boshqa shaxsga tegishli bo‘lishi ham mumkin.
  • Qarz oluvchining yagona turar joyi hisoblanadigan uy-joy banklar tomonidan garov sifatida qabul qilinmaydi, bundan ipoteka krediti mustasno.

Kreditni qoplash tartibi

Kredit bo‘yicha hisoblangan foizlar va asosiy qarzlar bank va qarz oluvchi tomonidan imzolangan kredit shartnomasiga ilova qilingan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi.

Foizlarni to‘lash va kreditni qaytarish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshirilishi mumkin:

  • ish haqi, pensiya va boshqa daromadlar hisobidan pul mablag‘larini pul ko‘chirish yo‘li bilan o‘tkazish;
  • bank kassasiga naqd pul mablag‘larini kiritish;
  • mablag‘larni naqd pulsiz shaklda bankdagi omonatlar qo‘yilgan hisobvaraqlardan o‘tkazish;
  • bank plastik kartalaridan naqd pulsiz to‘lovlar;
  • qarz oluvchining (qarzdorlarning) ish beruvchisi  tomonidan pul mablag‘larini o‘tkazish;
  • qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan.

Qarz oluvchilar to‘lovni muddatidan oldin to‘lashga haqli.

Kreditni qaytarmaslik oqibatlari
  • Foiz va asosiy qarzni to‘lashning har bir kechiktirilgan kuni uchun bank penya hisoblaydi.
  • Agar qarzdor kreditni qaytarish majburiyatlarini bajarmasa, bank qarzdorga garovga qo‘yiladigan mulkka majburiy undiruvni qaratish tartibi boshlangani haqida xabar beradi.


Banklar filiallari haqidagi ma’lumot bilan havolada tanishing.

Chat