Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 24497 marta o'qildi

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shu jumladan, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish orqali ishlab chiqaruvchi (fermer xo‘jaligi) uchun qo‘shimcha barqaror daromad manbai yaratiladi. Mahsulotni qayta ishlash orqali unga qo‘shimcha qiymat qo‘shiladi, ya’ni mahsulotning qiymati ortib boradi.
Mahsulotni qayta ishlash darajasi turlicha, ya’ni dastlabki qayta ishlash yoki chuqur qayta ishlash bo‘lishi mumkin. Dastlabki qayta ishlashga quritish kabi oddiy amaliyotlar kirsa, chuqur qayta ishlash mahsulotga bir necha bosqichlarda ishlov berish, ya’ni konsyervatsiya qilish, sharbat olish, qadoqlash kabi amaliyotlarni o‘z ichiga oladi.
Qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan xo‘jalik yoki tadbirkorlar, avvalo, o‘z atrofida xomashyo bazasining yetarli bo‘lishiga va mavjud xomashyo hajmidan kelib chiqqan holda xarid qilib, o‘rnatiladigan qayta ishlash uskunasining quvvatini to‘g‘ri tanlanishiga e’tibor qaratishlari lozim bo‘ladi.
Yana bir asosiy jihat ishlab chiqarilgan mahsulot uchun bozor masalasidir. Ya’ni, ishlab chiqarilgan mahsulot tashqi bozorda sotiladimi (eksport), ichki bozorda sotiladimi, buni aniq rejalashtirish kerak.
Agar ishlab chiqariladigan mahsulot eksport qilinadigan bo‘lsa, sotib oluvchi davlatning standart talablariga to‘liq javob berishi, shuningdek, mahsulot ham narx jihatdan, ham sifat jihatdan raqobatbardosh bo‘lishi lozim. Bu omillar ichki bozorga mahsulot sotishda ham muhim omil hisoblanadi. Aks holda qayta ishlovchi faqat ombor uchun mahsulot ishlab chiqaradi va kutgan natijasiga erishmaydi.

Chat