Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 151828 marta o'qildi

Boshqarish va tasarruf etish vakolatlari

Avtomototransport vositasiga ishonchnoma:

  • faqat transportni boshqarish;
  • transportdan foydalanish;
  • uni sotish, hadya qilish, ayirboshlash yoki boshqa tarzda tasarruf etish;
  • davlat organlarida mulkdor manfaatlarini ifodalash kabi vakolatlarni qamrab olishi mumkin.

Ishonchnomada vakilga beriladigan har bir vakolat aniq ko‘rsatilishi kerak.

Muhim: transportni boshqarish huquqi berilgani vakilga uni sotish, hadya qilish, garovga qo‘yish yoki boshqa shaxsga o‘tkazish huquqini bermaydi. Bu vakolatlar ishonchnomada alohida ko‘rsatilishi lozim.

Ishonchnoma rasmiylashtirish uchun zarur ma’lumotlar

Notariusga, odatda:

  • ishonchnoma beruvchining pasporti, ID-kartasi yoki boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjati;
  • transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi;
  • vakil haqidagi identifikatsiya ma’lumotlari;
  • transport garovda bo‘lsa, zarur holda garovga oluvchining roziligi;
  • tasarruf etish vakolati berilayotgan umumiy er-xotin mulki bo‘lsa, ikkinchi turmush o‘rtoqning roziligi taqdim etiladi.

Mulk huquqi, taqiqlar, garov, nikoh va boshqa zarur ma’lumotlarning aksariyati notarius tomonidan elektron tizimlar orqali tekshiriladi.

Yaqin qarindoshlarning ishonchnomasiz boshqarishi

Transport vositasi egasining quyidagi yaqin qarindoshlari notarial ishonchnomasiz transportni boshqarishi mumkin:

  • eri yoki xotini;
  • ota-onasi;
  • bolalari;
  • aka-ukalari;
  • opa-singillari.

Buning uchun mazkur shaxs transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish polisida ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.

Ishonchnomasiz boshqarishga ruxsat tog‘alar, ammalar, xolalar, jiyanlar, qayni yoki boshqa qarindoshlarga avtomatik ravishda tatbiq etilmaydi.

Elektron ishonchnoma

Transportni faqat boshqarish huquqini beruvchi elektron ishonchnoma Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtirilishi mumkin. Elektron ishonchnomaning mavjudligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan axborot tizimi orqali tekshiriladi.

Transportni tasarruf etish vakolati berilganda ishonchnomani notarial tartibda rasmiylashtirish talablariga rioya qilinadi.

Ishonchnomaning muddati

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra:

  • ishonchnoma ko‘pi bilan uch yilga berilishi mumkin;
  • muddat ko‘rsatilmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil amal qiladi;
  • berilgan sana ko‘rsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas.

Ishonchnoma bergan shaxs uni istalgan vaqtda bekor qilishi, ishonchnoma olgan shaxs esa vakolatlardan voz kechishi mumkin.

Davlat boji

«Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, avtomototransport vositasini boshqarish va tasarruf etishga oid notarial ishonchnoma uchun:

  • mulkdorning eri yoki xotiniga, ularning ota-onasi, bolalari va ularning turmush o‘rtoqlari, nabiralari, buvi-bobolari, aka-uka, opa-singillari va jiyanlariga — BHMning 50 foizi;
  • boshqa shaxslarga — 2 BHM miqdorida davlat boji undiriladi.

E’tibor bering: ishonchnomasiz boshqarish huquqiga ega yaqin qarindoshlar ro‘yxati bilan davlat boji bo‘yicha imtiyoz qo‘llaniladigan qarindoshlar ro‘yxati bir xil emas.

Notarial ishonchnomani rasmiylashtirish tartibi Vazirlar Mahkamasining 726-son qarori bilan belgilangan.

Chat