Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 2155 marta o'qildi
  • Kimlar ishsiz deb hisoblanadi?

    ✅ "Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, 16 yoshdan to pensiya bilan ta’minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ular tomonidan ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli shaxslar (ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno) ishsiz deb e’tirof etiladi.

  • Kimlar ishsiz deb e’tirof etilmaydi?

    ✅ "Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, quyidagilar ishsiz deb e’tirof etilmaydi:

    • mehnat organlarida ro‘yxatga olingan kundan boshlab 10 kun ichida taklif etilgan maqbul keladigan ishni 2-marta rad etgan shaxslar;
    • ro‘yxatga olingan kundan boshlab 10 kun ichida maqbul keladigan ishni qidirish maqsadida uzrsiz sabablarga ko‘ra mehnat organiga kelmagan shaxslar.

    ✅ Taklif etilgan ishdan bosh tortgan kundan yoki maqbul keladigan ishni qidirish maqsadida uzrsiz sabablarga ko‘ra mehnat organiga kelmagan kundan boshlab 30 kalendar kun o‘tganidan keyingina shaxs ish qidirayotgan sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tishga haqli bo‘ladi.

  • Qanday ishlar maqbul keladigan ish hisoblanadi?

     "Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga ko‘ra, birinchi marta ish qidirayotgan, kasbi (mutaxassisligi) bo‘lmagan shaxslar uchun dastlabki kasb tayyorgarligini talab qilmaydigan ish, bunday ishni topib berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa, ularning yoshi va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda haq to‘lanadigan boshqa ish, shu jumladan vaqtinchalik ish maqbul keladigan ish deb hisoblanadi.

    ✅ Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan shaxslar uchun ularning kasb tayyorgarligiga mos bo‘lgan, yoshini, sog‘lig‘i holatini, mehnat stajini va avvalgi mutaxassisligi bo‘yicha tajribasini, yangi ish joyining transportda qatnash jihatidan qulayligini inobatga oluvchi ish maqbul keladigan ish deb hisoblanadi.

    ✅ Ishsizlik nafaqasini olish davri tugaganidan so‘ng kasbi (mutaxassisligi) bo‘yicha ish topib berish mumkin bo‘lmagan taqdirda, ishsizning qobiliyatini, uning sog‘lig‘i holatini, oldingi ish tajribasini va uning uchun qulay bo‘lgan o‘qitish vositalarini inobatga olgan holda kasbini (mutaxassisligini) o‘zgartirishni talab qiladigan ish maqbul keladigan ish deb hisoblanishi mumkin.

  • Qanday ishlar maqbul keladigan ish hisoblanmaydi?

    ✅ "Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga ko‘ra, quyidagi hollarda ish maqbul keladigan ish deb hisoblanishi mumkin emas, agar:

    • ish yashash joyini o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lsa;
    • taklif etilgan ish doimiy yashash joyidan ancha uzoq bo‘lsa va transportda qatnash jihatidan qulay bo‘lmasa. Ish joyining transportda qatnash jihatidan qulayligini (yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan uzoqlikni) mazkur joyda jamoat transporti tarmog‘ining rivojlanganligini hisobga olgan holda mahalliy davlat hokimiyati organi aniqlaydi;
    • taklif etilgan ishni rad etish ishsizning sog‘lig‘i holatiga, uning yoshiga va boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mavjud moneliklarga asoslangan bo‘lsa.
  • Qaysi toifadagi shaxslarni ishga joylashtirish qo‘shimcha ravishda kafolatlanadi?

    ✅ “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra:

    • ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan shaxslarga, shu jumladan 14 yoshga to‘lmagan bolalari va nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz ota, yolg‘iz onalarga hamda ko‘p bolali ota-onalarga;
    • o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek kasb-hunar ta’limi muassasalarining va oliy ta’lim muassasalarining davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilariga;
    • O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilganlarga;
    • nogironligi bo‘lgan shaxslarga va pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslarga;
    • jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga ko‘ra tibbiy yo‘sindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslarga;
    • odam savdosidan jabrlanganlarga nisbatan ishga joylashtirishda davlat qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.

    ✅ Ish beruvchi ish joylarining belgilangan eng kam miqdori hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy mehnat organlari va boshqa organlar tomonidan yuboriladigan, yuqoridagi ruyxatda qayd etilgan shaxslarni ishga qabul qilishi shart. Ushbu shaxslarni ishga qabul qilishni asossiz rad etgan ish beruvchi va uning vakolatli shaxslari qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

  • Kimlar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga taklif etilishi mumkin?

    ✅ “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlari mehnat organlarining taklifiga ko‘ra va ularning ishtirokida aholini ish bilan ta’minlash maqsadida o‘z mulkidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda hamda shartnomalar asosida boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda haq to‘lanadigan jamoat ishlarining amalga oshirilishini tashkil etadilar.

    ✅ Mehnat organlarida ro‘yxatga olingan va ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolar bilan haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashish uchun keyinchalik uzaytirish huquqi bilan 2 oy muddatgacha bo‘lgan muddatli mehnat shartnomalari tuziladi.

    ✅ Jamoat ishlarini bajarish chog‘ida fuqarolarga bajarilayotgan ishga qarab, biroq 15 foizga oshirilgan ishsizlik nafaqasidan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lash, ana shu ishlar muddatini umumiy mehnat stajiga qo‘shish, pensiya ta’minoti va vaqtincha ishga layoqatsizlik yuzasidan nafaqalar olish huquqi kafolatlanadi.

  • Ishsiz shaxslarga qanday moddiy kafolatlar mavjud?

    ✅ Davlat ishsiz shaxslarga quyidagilarni kafolatlaydi:

    • ishsizlik nafaqasi to‘lash;
    • mehnat organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida stipendiya to‘lanishi hamda shu davrni umumiy mehnat stajiga qo‘shish;
    • ishsiz shaxsga qaramog‘idagilarini hisobga olgan holda moddiy yordam berish;
    • haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashish imkoniyati;
    • mehnat organlarining taklifiga binoan ishlash uchun ixtiyoriy ravishda boshqa yerga ko‘chish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash.
  • Ishsizlik nafaqasi kimlarga tayinlanadi?

     Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga tayinlanadi. Ishsizlik nafaqasi ko‘pi bilan:

    • ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga 12 oylik davr mobaynida 
      26 kalendar hafta;
    • ilgari ishlamagan va birinchi bor ish qidirayotgan shaxslarga esa 12 oylik davr mobaynida 
      13 kalendar hafta to‘lanadi.
  • Men 2 yildan byeri maktabda qorovul lavozimida ishlab kelaman va maktab direktori singlisining turmush o‘rtog‘i bo‘laman. Hozirda maktab direktori qarindoshlik aloqalari mavjudligi sababli meni ishdan bo‘shatmoqchi. Shu qanchalik asosli?

    ✅ Mehnat kodeksining 79-moddasiga ko‘ra, o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo‘lgan shaxslarning (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanadi.

    ✅ Bu qoidadan istisnolar Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-sonli qarorida belgilangan.

  • Yaqinda ishdan bo‘shadim lekin 2015-2019-yillarda mehnat ta’tiliga chiqmaganman. Foydalanilmagan ta’tillarni olish tartibi qanday?

    ✅ O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksinin 151-moddasiga asosan mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lanadi.

    ✅ Shunga asosan 2015-2019-yillar mobaynidagi ish davrida foydalanilmagan mehnat ta’tillari uchun pullik kompensatsiya to‘lanadi.

  • Madaniyat muassasasida o‘rindoshlik asosida ishlayman. Karantin sababli ish faoliyatimiz to‘xtagan. Bu holatda ish haqi saqlanadimi?

    ✅ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi PF-5969-sonli Farmoni 17-bandiga ko‘ra, davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan va o‘z faoliyatini to‘xtatgan maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari, sport va madaniyat muassasalari xodimlari ish haqlari o‘z vaqtida to‘lab berilishi ta’minlanadi.

  • Bojxona organlariga qanday mutaxassislikka ega nomzodlar ishga qabul qilinadi?

    ✅ Oliy ma’lumotli, huquqshunos yoki iqtisodiy yo‘nalishlardagi (moliya, buxgalteriya, bojxona ishi, bank ishi, soliq, biznesni boshqarish, markyeting kabi) mutaxassisliklarga ega nomzodlar ishga qabul qilinadi. Shuningdek, aeroport va xorijiy fuqarolar harakati ko‘p bo‘lgan chegara bojxona postlaridagi mavjud bo‘sh lavozimlaridan kelib chiqib, mutaxassisligi bo‘yicha chet tillaridan birida (ingliz, nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy) suhbatlasha oladigan, yoza oladigan va tushuntirib byera oladigan mutaxassislar ham ishga qabul qilinishi mumkin.

  • 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor budjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga haftasiga ish soati qancha?

    ✅ 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor, budjet hisobidagi muassasa va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilangan.

Chat