Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16098 marta o'qildi

Kimlar temir yo‘l kassalarida navbatsiz chipta olishlari mumkin?

✅ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 109-son qaroriga  ko‘ra, quyidagi shaxslar navbatsiz chipta olishlari mumkin:

  • Sovet Ittifoqi Qahramonlari va uch darajadagi Shon-shuhrat, «O‘zbekiston Qahramoni», «Sog‘lom avlod uchun» ordenlari va «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan shaxslar;
  • urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va qatnashchilari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar;
  • Chernobilь AESda avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashgan shaxslar;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatorlari va deputatlari;
  • O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari;
  • «Faxriy temiryo‘lchi» nishoni bilan taqdirlangan shaxslar.

Ishonchnomasiz otamning avtomashinasini boshqarsam bo‘ladimi?

✅ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda 2019-yil 1 oktyabrdan boshlab yaqin qarindoshlar o‘rtasida avtomashinani boshqarish uchun ishonchnoma talab qilinmaydi.

Lizinga avtomashina olmoqchiman. Avtomashinani lizing orqali olganda, uni sota olamanmi?

"Lizing to‘g‘risida"gi qonunning 2-moddasiga asosan lizing — moliyaviy ijaraning alohida turi bo‘lib, unda bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirig‘iga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing ob’ektini) mulk qilib oladi va uni lizing oluvchiga shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun 12 oydan ortiq muddatga beradi.

✅ Lizingning asosiy sharti lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing ob’ekti lizing oluvchining mulki bo‘lib o‘tishidir. Sizda avtomashinaga nisbatan mulk huquqi lizing tugagandan so‘ng vujudga keladi.

YPX xodimi to‘xtatganda, o‘zaro suhbatni jarayonini video tasvirga olish mumkinmi?

 "Yo‘l-patrulь xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 18-bandiga asosan, yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish (YPX xodimi tomonidan foto va video tasvirga olish taqiqlangan belgi mavjud hududlarda xizmat olib borish holatlari bundan mustasno) huquqiga ega.

Nechi yoshdan taksi haydovchisi bo‘lish mumkin?

Yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan yo‘nalishli taksilarni boshqarishga haydovchilik guvohnomasida “B” ruxsat belgisi bo‘lgan, 21 yoshga to‘lgan, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va kamida uch yil haydovchilik stajiga ega bo‘lgan shaxslarga ruxsat etiladi. 

 

Chat