Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 1016 marta o'qildi

Ishlamaydigan pensionerlarga pensiyalarni yashab turgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari to‘laydi.

  • Ishlayotgan pensionerlarga pensiya ish joyida to‘lanadi.

Pensionerlarga pensiya ularning xohishiga ko‘ra doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan pensiyani etkazib berish (topshirish) yuklangan tashkilot orqali naqd pulda yoki pensionerning xohishiga ko‘ra pul mablag‘larini bank kartasiga naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan tijorat bankining filiali orqali to‘lanadi.


Qariyalar va nogironlar internat uylarida yashovchi va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarga pensiya to‘lash
  • Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylarida (pansionatlarda) yashovchi yolg‘iz pensionerlarga pensiya bilan ular ta’minoti uchun sarf-xarajat o‘rtasidagi farq, biroq tayinlangan pensiyaning kamida 20 foizi to‘lanadi. Ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun internat uylarida yashovchi pensionerlarga pensiya to‘lanmaydi.
  • Pensioner ozodlikdan mahrum qilingan taqdirda tayinlangan pensiyani to‘lash ozodlikdan mahrum qilingan davr uchun to‘xtatib qo‘yiladi. Pensioner ozod bo‘lgandan keyin pensiyani to‘lash Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ariza berilgan kundan boshlab tiklanadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketgan fuqarolarga pensiyalar to‘lash
  • Doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga ketishgacha tayinlangan pensiya (O‘zbekiston Respublikasi pensiya ta’minoti to‘g‘risida xalqaro shartnomalar tuzgan davlatlar bundan mustasno) Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga ketish to‘g‘risida ariza berilgan kundagi pensiya miqdori hisob-kitobidan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga jo‘nab ketishdan 6 oy avval O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida to‘lanadi.
  • Pensiya to‘lanadigan olti oylik davr O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga doimiy yashash uchun ketishdan avvalgi olti oy uchun pensiya to‘lash uchun arizada ko‘rsatilgan sanadan boshlab hisoblab chiqiladi, bunda ariza berilgan oyda hisoblangan (to‘langan) pensiya puli hisobga olinadi.
  • O‘zbekiston Respublikasi pensiya ta’minoti to‘g‘risida xalqaro shartnomalar tuzgan O‘zbekiston Respublikasi tashqarisidagi davlatga doimiy yashash uchun ketilgan kungacha tayinlangan pensiya turar joyidan ro‘yxatdan chiqqan oyning oxirigacha to‘lanadi.

Pensionerning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiyani to‘lash va dafn etish uchun nafaqa to‘lash
  • Pensioner olishi lozim bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan pensiya puli meros tarkibiga kiritilmasdan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadigan shaxslar doirasiga kiruvchi oila a’zolariga to‘lanadi. Ota-onasi, eri (xotini), shuningdek pensioner bilan u vafot etgan kunigacha birgalikda yashab turgan oila a’zolari bu pulni, ular boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi bilan ta’minlanadiganlar doirasiga kirmaganlari taqdirida ham olish huquqiga ega bo‘ladilar.
  • Pensioner vafot etgan oy uchun olinmay qolgan pensiya puli ko‘rsatib o‘tilgan oila a’zolariga ushbu oy uchun to‘liq to‘lanadi.
  • Oilaning bir necha a’zosi murojaat etgan taqdirda pensiyaning ularga tegishli summasi ularning o‘rtasida teng taqsimlanadi.
  • Pensioner vafot etgan taqdirda uning oilasiga yoki pensionerning dafn marosimini o‘tkazgan shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt barobarida  dafn etish nafaqasi to‘lanadi.
  • Ko‘rsatib o‘tilgan pullar, ularni olish uchun pensioner vafot etganidan keyin 60 (oltmish kun) ichida murojaat etilgan taqdirda to‘lanadi.


  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1140" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.
  • O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1106" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Hayotiy misol:

Savol: Yo. ismli shaxs pensiya pulidan kommunal to‘lovlar uchun chegirmalar ushlab qolinayotgani, ushbu harakat to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi, umuman qanday hollarda pensiyadan chegirmalar ushlanishiga yo‘l qo‘yilishi haqida tushuntirish berishni so‘radi. 

Javob: Pensiyalardan chegirmalar:

a) sud yoki notarial idoraning ijro hujjati hamda qonunchilikka muvofiq sud hujjatlari kabi ijro etilishi lozim bo‘lgan boshqa organlar hujjatlari asosida;

b) Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining qaroriga binoan — pensionerga uning tomonidan qilingan suiiste’molliklar oqibatida (qasddan noto‘g‘ri hujjatlarni taqdim etish, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan oila a’zolari tarkibidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar taqdim etmaslik natijasida) yoxud hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato oqibatida pensiya miqdoridan ortiqcha pullar to‘langan taqdirda qilinishi mumkin.

Pensiyalardan yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidan tashqari boshqa hech qanday chegirmalar qilish va har oylik chegirmalar miqdori pensiyaning 50 foizidan oshishi mumkin emas.

Demak, agar kommunal qarzdorlikni undirish yuzasidan sudning qarori mavjud bo‘lmasa, pensiya pulidan kommunal to‘lovlar uchun chegirmalar ushlab qolish noqonuniydir.

Chat