Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14618 marta o'qildi

Savol: N. ismli shaxs tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq holat bo‘yicha o‘ziga nisbatan bevosita tuman prokuraturasining tergovchisi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligini ma’lum qilib, tergovchining qarori qonuniy yoki noqonuniy ekanligini so‘radi.

Javob: 2018-yil 21-iyuldan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan faktlar bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atishga faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlarining roziligi bilan yoxud O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarining roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

Demak, tadbirkor N.ga nisbatan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq holat bo‘yicha yuqori turuvchi prokurorning roziligisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman prokuraturasining tergovchisi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi qonunga ziddir.

Savol: A. ismli ayol umumiy tartibli  koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan turmush o‘rtog‘i bilan qanday tartibda va necha marta uchrashishi mumkinligini so‘radi.

Javob: Umumiy tartibli koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar yil mobaynida olti marta qisqa muddatli va olti marta uzoq muddatli uchrashuv huquqiga ega.

Shu sababli, A. ismli ayol o‘zining turmush o‘rtog‘i jazo muddatini o‘tayotgan jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga, u bilan uchrashishga ruxsat berish to‘g‘risida belgilangan tartibda murojaat qilishi lozim.

Savol: F. ismli shaxs sudning hukmiga ko‘ra, o‘ziga nisbatan shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, 2 yil sinov muddati belgilanganligi, 2020-yil 10-noyabr kuni sinov muddati tugaganligini ma’lum qilib, bunday holatda uning sudlanganlik holati qachon tugallanishini so‘radi.

Javob: Jinoyat kodeksiga asosan shartli hukm qilinganlarga nisbatan – sinov muddati tugagan kundan boshlab shaxsning sudlanganlik holati tugallanadi.

Demak, F. ismli shaxs sinov muddati davomida yana jinoyat sodir etmagan bo‘lsa, sinov muddati tugagan kundan, ya’ni 2020-yil 10-noyabr kunidan boshlab uning sudlanganlik holati tugallangan hisoblanadi.

Savol: Sh. ismli ayol turmush o‘rtog‘i B.ni IIB xodimlari jinoyat sodir qilganlikda gumon qilib, olib ketganligi, oradan 5 kun o‘tgan bo‘lsada, uni qo‘yib yuborishmagani haqida ma’lum qilib, turmush o‘rtog‘ining tuman IIBda ushlab turilishi qanchalik qonunga muvofiqligi yuzasidan tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Shaxsni ushlab turish muddati u ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan e’tiboran ko‘pi bilan 48 soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va etarli asoslar taqdim etilganda, ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda 48 soatga uzaytirilishi mumkin.

Agar, sud tomonidan B. ismli shaxsni ushlab turish muddati uzaytirilmagan yoki unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan bo‘lsa, uning IIB binosida ushlab turilishi qonunga ziddir. Bu holatda Sh. ismli ayol mazkur qonunbuzilishi holati yuzasidan tuman prokuroriga shikoyat bilan murojaat qilishi lozim.

Savol: X. ismli shaxs tergov organi tomonidan o‘g‘liga nisbatan yuritilayotgan jinoyat ishida o‘g‘lining himoyachisi sifatida o‘zi qatnashmoqchi ekanligini ma’lum qilib, buni qanday tartibda amalga oshirish mumkinligini so‘radi.

Javob: Jinoyat ish bo‘yicha himoyachi sifatida advokatlar hamda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlaridan biri yoki qonuniy vakili ishtirok etishi mumkin. Bunda shuni e’tiborga olish lozimki, yaqin qarindosh yoki qonuniy vakilning ish bo‘yicha himoyachi sifatida faqat advokat bilan birga qatnashishiga yo‘l qo‘yiladi.

Shu sababli, X. ismli shaxs ishda himoyachi sifatida yolg‘iz o‘zi emas, balki advokat bilan birgalikda qatnashish huquqiga ega. Buning uchun esa, u tergovchiga yoki sudьyaga ishda himoyachi sifatida ishtirok etishiga ruxsat berish haqidagi qaror (ajrim) chiqarishini so‘rab murojaat qilishi lozim.

Chat