Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 15359 marta o'qildi

Savol: M. ismli shaxs O‘zbekiston milliy universitetida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan 28 yoshli turmush o‘rtog‘ining kontrakt pulini o‘zining ish haqi hisobidan to‘lagani, biroq ish joyidagi buxgalter kontrakt pulini to‘lashga yo‘naltirilgan ish haqi bo‘yicha soliq hisoblaganligi haqida ma’lum qilib, bunday holatda ish haqidan soliq hisoblanishi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: 2021-yil 1 yanvardan boshlab boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar jismoniy shaxslardan olinadigan er solig‘idan ozod qilinadi.

Ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan ko‘p bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalardir. Ushbu imtiyoz O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining ma’lumotnomasi asosida beriladi.

Savol: K. ismli shaxs ish joyidan beriladigan vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasidan soliq hisoblaganligi haqida ma’lum qilib, bunday holatda soliq hisoblanishi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: Mehnat layoqatini vaqtincha yo‘qotganlik uchun xodimga to‘lanadigan to‘lovlar (kasallik varaqasi asosida) jismoniy shaxslarning boshqa daromadlari hisoblanadi. Ushbu daromadlar o‘z navbatida jami daromadlar tarkibiga kiradi hamda belgilangan tartibda 12 % stavkada jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortiladi.

Savol: U. ismli shaxs otasining nomida bo‘lgan uy unga meros sifatida rasmiylashtirilgani, soliq idorasi tomonidan ushbu uy-joy bo‘yicha unga soliq hisoblangani haqida ma’lum qilib, bunday holatda soliq hisoblanishi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: Soliq kodeksining 378-moddasiga asosan jismoniy shaxslardan meros yoki hadya tartibida, shuningdek tekinga olingan pul va natura shaklidagi daromadlarga soliq solinmaydi. Yaqin qarindosh bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk, avtotransport vositalari, qimmatli qog‘ozlar, yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) ulushlar esa bundan mustasno hisoblanadi va ular belgilangan stavkada soliq to‘laydi.

Savol: N. ismli shaxs 2-guruh nogironi ekanligi, uning nomida hovli uy-joy borligi, soliq idorasi tomonidan ushbu hovli uy-joy bo‘yicha mol-mulk solig‘i va er solig‘i hisoblangani haqida ma’lum qilib, bunday holatda soliqlar hisoblanishi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning mol-mulki 60 kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan er solig‘idan ozod etilgan. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.

Savol: J. ismli shaxs asosiy ish joyidan tashqari, yana qo‘shimcha ravishda 2 ta tashkilotda ishlashi, ushbu har uchta tashkilotdan oladigan ish haqidan 12 foizlik stavkada jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisoblanayotgani haqida ma’lum qilib, u jami yillik daromadlari haqida soliq idorasiga deklaratsiya topshirishi shart yoki shart emasligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: Agar soliq to‘lovchining arizasiga asosan uning asosiy bo‘lmagan ish joyidan olingan daromadlaridan soliq ushlab qolingan bo‘lsa, jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya taqdim qilinmaydi.

Chat