Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 51913 marta o'qildi

Yo‘llanma — muayyan kasallik bo‘yicha davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida rejali statsionar davolanish imkonini beruvchi QR-kodli hujjat.

Yo‘llanmani olish qaerdan boshlanadi?

Bemor avval o‘zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasiga murojaat qiladi.

Oilaviy shifokor tibbiy ko‘rik o‘tkazib, zarurat bo‘lsa bemorni bir ish kunida tuman yoki shahar darajasidagi tor soha mutaxassisiga yo‘naltiradi. Tor soha mutaxassisi bemorni bir ish kunida ko‘rikdan o‘tkazadi.

Statsionar davolanishga ehtiyoj qanday aniqlanadi?

Tor soha mutaxassisi klinik protokollar va tashxislash-davolash standartlariga muvofiq bemor holatini baholaydi.

Agar statsionarga yotqizish talab qilinmasa, ambulator davolash tavsiya etiladi. Agar statsionar yoki yuqori darajadagi ixtisoslashtirilgan yordam zarur bo‘lsa, elektron tizim orqali tegishli yo‘llanma jarayoni boshlanadi.

Tibbiy-tanlov komissiyasi qachon ishtirok etadi?

Bemorni hudud yoki respublika darajasida davolash zarur bo‘lgan hollarda tor soha mutaxassisi elektron tizim orqali tegishli tibbiy-tanlov komissiyasiga so‘rovnoma yuboradi.

Hududiy komissiya bemor ma’lumotlari, ko‘rik va tekshiruv natijalarini bir ish kunida o‘rganadi. Respublika darajasida davolanish talab qilinsa, ma’lumotlar keyingi komissiyaga elektron ravishda yuboriladi.

Yo‘llanma tasdiqlangandan keyin nima qilish kerak?

Bemor yoki uning qonuniy vakili 30 kun ichida birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi, YaIDXPdagi shaxsiy kabinet yoki tegishli mobilь ilova orqali Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan tashkilotlardan tashxisiga mos davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotini tanlaydi.

Tanlangan tashkilot bemorni yo‘llanmada belgilangan muddatda qabul qiladi. Amaldagi sxema bo‘yicha ushbu bosqich uchun 60 kungacha muddat nazarda tutilgan.

Mablag‘ etarli bo‘lmasa nima bo‘ladi?

Yo‘llanma shakllantirilganda uning qiymati elektron tizimda avtomatik aniqlanib, Davlat byudjetidan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga ajratilgan maqsadli mablag‘lar qoldig‘i bilan solishtiriladi.

Mablag‘ etarli bo‘lmasa, yo‘llanmani tasdiqlash elektron navbat asosida keyingi oy, chorak yoki yilga qoldirilishi mumkin. Homiladorlik davridagi va bolalar patologiyalari, orfan va irsiy-genetik kasalliklar hamda qonunda belgilangan ayrim boshqa holatlar uchun alohida moliyalashtirish qoidalari mavjud.

Eslatma: shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam uchun ushbu rejali yo‘llanma va elektron navbat tartibi qo‘llanilmaydi.

Chat