Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 154934 marta o'qildi

Tez tibbiy yordam qachon chaqiriladi?

Tez tibbiy yordam insonning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy aralashuvni talab qiladigan holatlarda ko‘rsatiladi.

Bunday holatlarga, jumladan:

  • to‘satdan og‘ir kasallanish;
  • surunkali kasallikning keskin xuruji;
  • baxtsiz hodisa yoki og‘ir jarohat;
  • zaharlanish;
  • homiladorlik yoki tug‘ruq bilan bog‘liq og‘ir holatlar;
  • inson hayotiga xavf soluvchi boshqa holatlar kirishi mumkin.

Fuqarolar sog‘liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalarida shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega.

Tez tibbiy yordamni qanday chaqirish mumkin?

Tez tibbiy yordamga ehtiyoj tug‘ilganda “103” yagona qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilinadi.

Chaqiruv vaqtida dispetcherga imkoni boricha aniq:

  • voqea sodir bo‘lgan manzil;
  • bemorning holati;
  • asosiy belgilar va shikoyatlar;
  • bemorning yoshi;
  • qo‘ng‘iroq qiluvchining telefon raqami ma’lum qilinishi lozim.

Bu ma’lumotlar tez tibbiy yordam brigadasini chaqiruvga to‘g‘ri yo‘naltirish uchun zarur.

Tez tibbiy yordam bepulmi?

Shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam aholiga bepul ko‘rsatiladi.

Hayot uchun xavf tug‘diruvchi holatda tibbiy muassasaga murojaat qilgan shaxsga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tez tibbiy yordam xizmati sutka davomida ishlaydi. “103” raqami orqali chaqiruv amalga oshiriladi.

Yolg‘on chaqiruv uchun javobgarlik bormi?

Tez tibbiy yordam xizmatini bila turib asossiz yoki yolg‘on ma’lumot asosida chaqirish boshqa bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Qonunchilikda maxsus xizmatlarni, shu jumladan tez tibbiy yordam xizmatini bila turib yolg‘on chaqirganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan.

Chat