Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 2587 marta o'qildi

Bagaj - tashuvchi bilan shartnomaga muvofiq havo kemasida tashiladigan yo‘lovchilarning va ekipajning shaxsiy ashyolari.

Bagaj belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng, tashishga qabul qilinadi.

Bagaj sifatida tashiladigan buyumlar, bagajni but saqlashni ta’minlaydigan maxsus o‘ramga o‘ralib, tashish uchun qulay bo‘lgan ushlagichga ega bo‘lishi kerak.

Yo‘lovchilarning buyumlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan bagaj yoki qo‘l yuki sifatida tashiladi. Tashuvchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan bagaj uchun yo‘lovchiga raqam yozilgan bagaj birkasini identifikatsiya (tanib olish) qilish uchun beriladi.

Barcha bagaj vazni bo‘yicha o‘lchovdan o‘tkazilishi shart.

Yo‘lovchi samolyotga xizmat ko‘rsatish toifasidan kelib chiqqan holda tashuvchi tomonidan belgilangan vazn (kilogramm), miqdori (dona) va hajmi(uzunligi, qalinligi va balandligi yig‘indisi) kelib chiqqan holda rasmiylashtirilgan yuklarni bepul tashish huquqiga ega.

Tashuvchi tomonidan belgilangan bepul tashish me’yoridan ortiq bo‘lgan bagajlar hamda maxsus toifadagi bagajlar (hayvonlar va qushlar, sport anjomlari, og‘ir vazndagi va hajmi katta bagajlar hamda boshqalar) uchun haq olinadi.

Havo transporti salonida tashishga ruxsat etilgan buyumlar
  • portfel, ayollar sumkachasi;
  • hujjatlar uchun jild;
  • soyabon, hassa;
  • ustki kiyim;
  • guldasta;
  • parvozda o‘qish uchun bosma nashrlar;
  • bola uchun ozuqa;
  • bolalar yo‘l beshigi;
  • nogironlar uchun o‘rindiq-aravacha;
  • jismonan imkoniyatlari cheklangan yo‘lovchilarning harakatlanishlari uchun moslashtirilgan anjomlar.

Yo‘lovchi kuzatuvi ostida tashiladigan narsalar (buyumlar)
  • tibbiy guvohnomalar;
  • rentgen suratlari;
  • negativlar;
  • o‘ta qimmatli va mo‘rt narsalar;
  • pullar;
  • kredit kartochkalari;
  • qimmatbaho qog‘ozlar va hujjatlar;
  • qimmatbaho metallar, toshlar, marvaridlar va undan qilingan mahsulotlar.

Alohida tashiladigan bagaj toifasi
  • hayvonlar (uy itlari, mushuklar va qushlar), shu jumladan ko‘r va kar yo‘lovchilarni kuzatuvchi o‘rgatilgan etaklovchi-itlar;
  • avtoruchkalar, flakonlar, sigaretlar uchun yondirgichlar va ma’lum balandlikda tarqalish xususiyatiga ega bo‘lgan gazli boshqa idishlar;
  • qonun hujjatlari bilan tashilishi taqiqlanmagan suyuqliklar, gellar va aerozollar;
  • sport anjomlarining alohida turlari (golьf, serfing, velosipedlar uchun anjomlar);
  • nogironlar aravachasi;
  • elektron uskunalar;
  • havo kemasi salonida qo‘shimcha o‘rinda tashilishi kerak bo‘lgan bagaj;
  • diplomatik bagaj;
  • yirik o‘lchamli va katta og‘irlikdagi bagaj;
  • qimmat va mo‘rt bagaj.

Tashish uchun ruxsat berilgan, lekin foydalanilishi cheklangan yoki taqiqlangan buyumlar
  • uyali telefon;
  • ixcham kompьyuter;
  • magnitofon;
  • radio;
  • «SD» eshitish jihozi;
  • elektron o‘yinlar;
  • yoki radiouzatgich;
  • boshqariladigan o‘yinchoqlar va shu kabilar.

Yomon eshituvchilar uchun eshitish apparatlari va yurak urishini elektr muntazamlovchi yordamchi apparatlardan foydalanishni cheklash yoki taqiqlash mumkin emas.

Chat