Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16088 marta o'qildi

Uy-joyga muhtojlar hisobi

O‘ziga biriktirilgan turar joyi bo‘lmagan etim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola uy-joyga muhtoj sifatida «onlayn-navbat» axborot tizimiga kiritiladi.

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi bolani u muqobil joylashtirish shaklida yoki o‘quv-tarbiya muassasasida bo‘lish muddati tugashidan bir yil oldin navbatga kiritadi. Zarur hollarda bu muddatdan oldin ham amalga oshirilishi mumkin.

O‘z vaqtida navbatga kiritilmay qolgan shaxs 23 yoshga to‘lgunga qadar hududiy boshqarma xulosasi asosida ro‘yxatga kiritilishi mumkin. 23 yoshgacha navbatga kiritilgan shaxsga tuman yoki shahar komissiyasi xulosasi asosida 27 yoshga to‘lgunga qadar uy-joy xarid qilinishi mumkin.

Beriladigan uy-joy

Uy-joy mulk huquqi asosida beriladi. Bir nafar shaxs uchun umumiy maydoni 25–50 kvadrat metr, etim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘zaro nikoh tuzgan holda esa 50–70 kvadrat metr bo‘lgan kvartira yoki belgilangan narxdan oshmaydigan yakka tartibdagi uy ajratiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxsga kvartira ko‘p qavatli uyning uchinchi qavatidan yuqori bo‘lmagan qavatdan beriladi. Uy-joy birlamchi yoki ikkilamchi bozordan, shuningdek belgilangan narx doirasida yakka tartibdagi uylar orasidan xarid qilinishi mumkin.

Muhim: berilgan uy-joyni shaxs 30 yoshga to‘lgunga qadar sotish, hadya qilish, garovga qo‘yish yoki ijaraga berish mumkin emas. Uy-joyda o‘zi va oila a’zolaridan tashqari boshqa shaxslarni doimiy ro‘yxatga qo‘yish ham taqiqlanadi.

2026-yildan ijara to‘lovini qoplash

Uy-joyga muhtoj shaxs mulk huquqi asosida uy-joy olish yoki o‘zi o‘qiyotgan yoxud ishlayotgan hududda ijaraga olingan uy uchun ijara to‘lovini qoplash variantlaridan birini tanlashi mumkin.

Ijara to‘lovi ko‘pi bilan 10 yil, biroq shaxs 30 yoshga to‘lgunga qadar qoplanadi. Qoplanadigan oylik miqdor:

  • Toshkent shahrida — 10 BHMgacha;
  • viloyat markazlari va Nukus shahrida — 8 BHMgacha;
  • boshqa hududlarda — 6 BHMgacha.

Ijara to‘lovini qoplash variantini tanlagan shaxsga keyinchalik shu dastur doirasida mulk huquqi asosida uy-joy ajratilmaydi.

Uy-joy ajratishdagi taqiqlar

Quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • o‘zaro nikohda bo‘lmagan ikki yoki undan ortiq shaxsga bitta kvartira berish;
  • etim bolalar uchun alohida ko‘p qavatli uy qurib, ularni bir joyga jamlash;
  • yotoqxona, mansarda yoki tsokolь qavatidan uy-joy xarid qilish;
  • qonunchilikda belgilangan joylashtirish me’yorlarini buzish.
Chat