Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 24170 marta o'qildi

Kimlar bepul rejali yordam olishi mumkin?

Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda 2026-yil 1-iyuldan tuman (shahar) va hududiy darajada rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida davlat hisobidan olish tartibi qo‘llaniladi.

Belgilangan shartlarga muvofiq, jumladan:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilari;
  • mehnat stajini hisoblash uchun belgilangan miqdorda soliq to‘lagan shaxslar;
  • voyaga etmaganlar;
  • ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotganlar;
  • homilador ayollar;
  • 2 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarish qilayotgan shaxslar;
  • rasman ishsiz sifatida ro‘yxatdan o‘tganlar;
  • davlat pensiyasini oluvchilar;
  • Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalar a’zolari belgilangan tartibda rejali statsionar tibbiy yordamdan bepul foydalanishi mumkin.

Yo‘llanma qanday olinadi?

Bemor birinchi navbatda oilaviy shifokorga murojaat qiladi. Tibbiy ko‘rsatma bo‘lsa, u tor mutaxassisga yoki tegishli tibbiy muassasaga elektron yo‘llanma beradi.

Kasallikning turi va og‘irligiga qarab bemor qaysi — tuman, viloyat yoki boshqa darajadagi tibbiyot muassasasida davolanishi zarurligi belgilanadi. Zarur hollarda masala tibbiy-tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Elektron navbat qanday ishlaydi?

Tibbiy ko‘rsatma tasdiqlangach, bemor elektron yo‘llanma va elektron navbat asosida tegishli statsionarga joylashtiriladi.

Imtiyozli bemorga uning tashxisi bo‘yicha Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan tegishli davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotini tanlash imkoniyati beriladi.

Shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan holatlar bundan mustasno: bunday vaziyatda avvaldan elektron yo‘llanma olish talab etilmaydi.

Eslatma: rejali tibbiy yordam uchun belgilangan yo‘llanmasiz yuqori darajadagi tibbiyot muassasasiga bevosita murojaat qilinsa, xizmat davlat hisobidan emas, pulli asosda ko‘rsatilishi mumkin.

Chat