Davlat chegarasi qaerdan kesib o‘tiladi?
Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punkti — shaxslar, transport vositalari va tovarlarning davlat chegarasidan o‘tishi hamda nazorat tartib-taomillari amalga oshiriladigan maxsus jihozlangan hudud.
Shaxslar va transport vositalari Davlat chegarasini, qoida tariqasida:
- xalqaro aeroportlar;
- temir yo‘l bekatlari;
- avtomobilь o‘tkazish punktlari;
- daryo portlari;
- qonunchilikda belgilangan boshqa o‘tkazish punktlari orqali kesib o‘tadi.
O‘tkazish punktlaridan tashqarida chegarani kesib o‘tishga faqat qonunchilik yoki xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan hollarda ruxsat beriladi.
Qanday hujjat kerak?
Davlat chegarasini kesib o‘tish huquqini beruvchi amaldagi hujjat bo‘lishi shart.
Bunday hujjatlarga shaxsning maqomi va yo‘nalishiga qarab:
- fuqarolik pasporti;
- xorijga chiqish biometrik pasporti;
- chet el fuqarosining milliy pasporti;
- fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjati;
- diplomatik yoki xizmat pasporti;
- bolaning safar hujjati;
- qonunchilikda tan olingan boshqa hujjat kiradi.
Chet el fuqarosi uchun, agar vizasiz tartib belgilanmagan bo‘lsa, tegishli kirish, chiqish yoki tranzit vizasi ham talab qilinadi.
Chegarada qanday nazoratlar o‘tkaziladi?
O‘tkazish punktida shaxs, transport vositasi va tovarlarga nisbatan:
- chegara nazorati;
- bojxona nazorati;
- sanitariya-karantin nazorati;
- veterinariya nazorati;
- o‘simliklar karantini va himoyasi nazorati amalga oshirilishi mumkin.
Nazorat turi olib o‘tilayotgan tovar, transport vositasi, safar yo‘nalishi va epidemiologik vaziyatga qarab belgilanadi.
Chegara nazoratida nimalar tekshiriladi?
Chegara nazorati — shaxsning chegarani kesib o‘tish huquqini beruvchi hujjatlari va chegaradan o‘tishi uchun qonuniy asoslarini tekshirish tartibi.
Chegara nazoratida:
- hujjatning haqiqiyligi;
- uning amal qilish muddati;
- hujjat shaxsga tegishli ekani;
- viza yoki vizasiz kirish huquqi;
- mamlakatga kirish yoki chiqishga cheklov mavjudligi;
- transport vositasi va ekipaj hujjatlari tekshiriladi.
Yakuniy qarorni kim qabul qiladi?
Shaxsni Davlat chegarasi orqali o‘tkazish to‘g‘risidagi yakuniy qaror barcha zarur nazorat tartib-taomillari yakunlanganidan keyin chegara nazorati bo‘linmasi tomonidan qabul qilinadi.
Hujjatda xato, qalbakilashtirish alomatlari yoki kirish-chiqishga qonuniy cheklov aniqlansa, shaxsni chegaradan o‘tkazish rad etilishi mumkin.
Bojxona nazoratida nima qilish kerak?
Shaxs:
- tovar va bagajini tekshirishga taqdim etishi;
- bojxona deklaratsiyasini to‘g‘ri to‘ldirishi;
- olib kirish yoki olib chiqish cheklangan tovarlar haqida ma’lum qilishi;
- naqd valyuta va qimmatliklar bo‘yicha belgilangan talablarga rioya qilishi;
- bojxona xodimining qonuniy talablarini bajarishi shart.
Taqiqlangan yoki deklaratsiya qilinishi shart bo‘lgan tovarni yashirish javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Tibbiy, veterinariya va karantin nazorati qachon o‘tkaziladi?
Sanitariya-karantin nazorati yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.
Veterinariya va o‘simliklar karantini nazorati:
- tirik hayvonlar;
- go‘sht, sut va boshqa hayvonot mahsulotlari;
- urug‘lik va ko‘chatlar;
- mevalar, sabzavotlar va o‘simlik mahsulotlari;
- kasallik yoki zararkunanda tashuvchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa tovarlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
Nazorat paytida shaxsning majburiyatlari
Chegaradan o‘tayotgan shaxs:
- belgilangan harakat yo‘nalishiga rioya qilishi;
- nazorat zonasini ruxsatsiz tark etmasligi;
- haqiqiy hujjatlarni taqdim etishi;
- tovar va bagaj haqida to‘g‘ri ma’lumot berishi;
- vakolatli xodimlarning qonuniy talablarini bajarishi shart.
Foto va video tasvirga olish cheklangan joylarda belgilangan talablarga rioya qilish kerak.
Chegaradan o‘tkazish vaqtincha cheklanishi mumkinmi?
Shaxslar, transport vositalari yoki tovarlarni o‘tkazish:
- davlat xavfsizligi;
- epidemiya yoki epizootiya;
- tabiiy yoki texnogen favqulodda vaziyat;
- o‘tkazish punktida ta’mirlash ishlari;
- harakat xavfsizligini ta’minlash;
- qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda vaqtincha cheklanishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin.
Qarordan shikoyat qilish mumkinmi?
Chegara yoki boshqa davlat nazorati organi xodimining qaroridan norozi shaxs:
- tegishli organning yuqori turuvchi rahbariga;
- prokuraturaga;
- sudga murojaat qilishi mumkin.