Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12923 marta o'qildi

Xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq o‘z mehnat vazifalarini bajarishi lozim bo‘lgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tungi vaqtdagi ishlarga, shuningdek ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga ularning roziligi bilangina, basharti ular uchun bunday ishlar tibbiy tavsiyalarda taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.

Homilador ayollarni va 14 yoshga to‘lmagan bolasi (16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilishga va xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga homilador ayollarni va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.

Ish vaqti davomiyligining normal muddati
  • Xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
  • Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati 7 soatdan, besh kunlik ish haftasida esa 8 soatdan ortib ketmasligi lozim.

Ish vaqtining qisqartirilgan muddati (haftasiga 36 soatdan oshmaydigan) mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan belgilanadi:

  • 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga
    • 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga 1 haftada 36 soatdan oshmaydigan muddatga);
    • 15 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga 1 haftada 24 soatdan oshmaydigan muddatga;
    • o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlayotgan o‘quvchilarning o‘quv yili davomidagi ish vaqti muddati yuqorida nazarda tutilgan tegishli yoshdagi shaxslar uchun nazarda tutilgan ish vaqti eng ko‘p muddatining yarmidan ortib ketishi mumkin emas.
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga;
  • noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlar;
  • alohida tusga ega bo‘lgan ishlardagi xodimlar;
  • 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor byudjet hisobidan ta’minlanadigan tashkilotlarda ishlayotgan ayollar.

To‘liqsiz ish vaqti
  • Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan ishga qabul qilish chog‘ida ham, keyinchalik ham to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi belgilab qo‘yilishi mumkin.
  • To‘liqsiz ish vaqti sharti bilan ishlash xodimning yillik asosiy mehnat ta’tilining muddatini, mehnat stajini hisoblashni hamda boshqa mehnat huquqlarini biron bir tarzda cheklashga asos bo‘lmaydi va ishlangan vaqtga mutanosib ravishda haq to‘lanadi.

 Ish haftasining turi va ish vaqti rejimi korxonada ichki mehnat tartibi qoidalari, boshqa lokal normativ hujjatlar bilan, bu hujjatlar bo‘lmaganda esa, — xodim bilan ish beruvchining kelishuviga binoan belgilanadi.

Ish vaqtidan tashqari ish
  • Ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning roziligi bilan qo‘llanishi mumkin.
  • Ish smenasining muddati 12 soatdan iborat bo‘lganda, shuningdek mehnat sharoiti o‘ta og‘ir va o‘ta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • Ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida 4 soatdan (mehnat sharoiti og‘ir va zararli ishlarda — bir kunda 2 soatdan) va yiliga 120 soatdan ortiq bo‘lmasligi lozim

Bayram (ishlanmaydigan) kunlari arafasida kundalik ish (smena) muddati barcha xodimlar uchun kamida 1 soatga qisqartiriladi.

Tungi vaqtdagi ishning muddati
  • Soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha bo‘lgan vaqt tungi vaqt deb hisoblanadi.
  • Tungi ish vaqti muddati har bir ish kuni uchun 1 soatga qisqartiriladi.

Dam olish, tungi va ishdan tashqari ishlarga jalb qilishda qo‘yilgan cheklovlar
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni jalb qilish ularning roziligi bilangina, basharti ular uchun bunday ishlar tibbiy tavsiyalarda taqiqlanmagan bo‘lsayo‘l qo‘yiladi;
  • homilador ayollarni va 14 yoshga to‘lmagan bolasi (16 yoshga to‘lmagan nogiron bolasi) bor ayollarni ularning roziligisiz jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga homilador ayollarni va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb qilishga bunday ish ona va bolaning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmasligini tasdiqlovchi tibbiy xulosa bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi;
  • 18 yoshga to‘lmaganlarni.

Chat