Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 72150 marta o'qildi

Akademik ta’til qaysi holatlarda beriladi

Talabaga akademik ta’til:

— harbiy xizmatni o‘tash uchun;

— salomatligini tiklash uchun;

— homiladorlik va tug‘ish uchun;

— bolani parvarish qilish uchun;

— betob oila a’zosini — ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs, turmush o‘rtog‘i yoki farzandini parvarish qilish uchun berilishi mumkin.

Akademik ta’til o‘quv yilining istalgan qismida berilishi mumkin va o‘qish davomida uni olish soniga miqdoriy cheklov belgilanmagan.

Akademik ta’til — qonunchilikda belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda talabaning o‘qishini ma’lum muddatga vaqtincha to‘xtatib turish.

Muddati

Harbiy xizmat uchun akademik ta’til — xizmat muddatiga beriladi.

Homiladorlik, tug‘ish va bolani parvarish qilishda — qonunchilikda belgilangan tegishli ta’til muddatiga beriladi.

Salomatlikni tiklash yoki betob oila a’zosini parvarish qilish uchun esa, qoida tariqasida, talaba to‘liq o‘zlashtirmagan semestrning keyingi yilda boshlanishiga qadar beriladi.

Qanday hujjatlar kerak

Talaba OTM rektori yoki direktori nomiga ariza beradi.

Arizaga:

— harbiy xizmat uchun — chaqiruv qog‘ozi;

— salomatlik, homiladorlik, tug‘ish yoki bolani parvarish qilish uchun — tibbiyot muassasasining xulosasi;

— betob oila a’zosini parvarish qilish uchun — o‘sha shaxs tibbiy nazoratda turgan muassasaning xulosasi ilova qilinadi.

Agar talaba sog‘lig‘i tufayli shaxsan murojaat qila olmasa, uning ota-onasi, ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoki turmush o‘rtog‘i murojaat qilishi mumkin.

Ariza bir hafta ichida ko‘rib chiqiladi va akademik ta’til rektor yoki direktor buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Ta’limni davom ettirish imkoniyati

Talabaning xohishiga ko‘ra, agar tegishli imkoniyat mavjud bo‘lsa, akademik ta’til davrida uning o‘qishi:

— sirtqi;

— masofaviy;

— ayrim hollarda eksternat shakliga vaqtincha o‘tkazilishi mumkin.

Bu talabaga ta’limdan to‘liq uzilmasdan mustaqil ravishda o‘qishni davom ettirish imkonini beradi.

Eslatma: akademik ta’til talabani OTMdan chetlashtirish hisoblanmaydi, ammo akademik ta’til davrida stipendiya to‘lanmaydi.

Akademik ta’tildan qaytish

Agar akademik ta’tilga chiqqanidan keyin bir oy o‘tmagan bo‘lsa, talaba ta’tilni bekor qilib, o‘qishga qaytishni so‘rab murojaat qilishi mumkin.

Akademik ta’til muddati tugagach, talaba o‘qishga qaytish uchun rektor yoki direktor nomiga ariza berishi shart.

Belgilangan muddatda qaytgan talabaning arizasini asossiz ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaat bir hafta ichida ko‘rib chiqiladi.

Talaba akademik ta’tildan o‘z vaqtida qaytsa, ilgari o‘zlashtirgan fanlarini qaytadan o‘qishi shart emas.

Chat