Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 37465 marta o'qildi

Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish oraliq va yakuniy nazorat turlarini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Talabalarning bilimini baholash mezonlari

Talabalarning bilimi quyidagi mezonlar asosida:

  • talaba mustaqil xulosa va qaror qabul qiladi, ijodiy fikrlay oladi, mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib byeradi hamda fan (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda — 5 (a’lo) baho;
  • talaba mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, fanning (mavzuning) mohiyatni tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib byeradi hamda fan (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda — 4 (yaxshi) baho;
  • talaba olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, fanning (mavzuning) mohiyatni tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib byeradi hamda fan (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda — 3 (qoniqarli) baho;
  • talaba fan dasturini o‘zlashtirmagan, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunmaydi hamda fan (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega emas deb topilganda — 2 (qoniqarsiz) baho bilan baholanadi.

Talabalar bilimini baholash 5 baholik tizimda amalga oshiriladi.

Talaba uzrli sabablarga ko‘ra oraliq va (yoki) yakuniy nazorat turiga kirmagan taqdirda ushbu talabaga tegishli nazorat turini qayta topshirishga fakulьtyet dekanining farmoyishi asosida ruxsat beriladi.

Oraliq nazorat

Oraliq nazorat semestr davomida ishchi fan dasturining tegishli bo‘limi tugagandan keyin talabaning bilim va amaliy ko‘nikmalarini baholash maqsadida o‘quv mashg‘ulotlari davomida o‘tkaziladi.

Oraliq nazorat turi har bir fan bo‘yicha fanning xususiyatidan kelib chiqqan holda 2-martagacha o‘tkazilishi mumkin.

Semestr davomida haftasiga 2 akademik soatdan (tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida 4 akademik soatdan) kam bo‘lgan fanlar bo‘yicha oraliq nazorat turi o‘tkazilmaydi.

Talabani oraliq nazorat turi bo‘yicha baholashda, uning o‘quv mashg‘ulotlari davomida olgan baholari inobatga olinadi.

Oraliq nazorat turi bo‘yicha talabaning bilimini baholash o‘quv mashg‘ulotlarini olib borgan professor-o‘qituvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Tegishli o‘quv yili yakuni bo‘yicha fanlar bo‘yicha «3» (qoniqarli) yoki «4» (yaxshi) yoxud «5» (a’lo) baho bilan baholangan talaba keyingi kursga o‘tkaziladi.

Yakuniy nazorat

Talaba tegishli fan bo‘yicha yakuniy nazorat turi o‘tkaziladigan muddatga qadar oraliq nazorat turini topshirgan bo‘lishlari shart.

Oraliq nazorat turini topshirmagan, shuningdek ushbu nazorat turi bo‘yicha «2» (qoniqarsiz) baho bilan baholangan talaba yakuniy nazorat turiga kiritilmaydi.

Yakuniy nazorat turini o‘tkazish va mazkur nazorat turi bo‘yicha talabaning bilimini baholash o‘quv mashg‘ulotlarini olib bormagan professor-o‘qituvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Tegishli fan bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini olib borgan professor-o‘qituvchi yakuniy nazorat turini o‘tkazishda ishtirok etishi taqiqlanadi.

Yakuniy nazorat turiga kirmagan yoki kiritilmagan, shuningdek ushbu nazorat turi bo‘yicha «2» (qoniqarsiz) baho bilan baholangan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.

Bir kunda 1 tadan ortiq fan bo‘yicha yakuniy nazorat turi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Yakuniy nazorat turlarini o‘tkazish kamida 2 kun oralig‘ida belgilanishi lozim.

Akademik qarzdorlikni topshirish muddatlari

3 tagacha fandan akademik qarzdorligi bo‘lgan bitiruvchi kurs bo‘lmagan talabalarga 1 oy muddat beriladi.

Bunda bahorgi semestr natijalari akademik qarzdor talaba tegishli fan (fanlar) bo‘yicha oraliq va (yoki) yakuniy nazorat turlarini yangi o‘quv yili boshida topshiradi.

Bitiruvchi kurs talabalariga bahorgi semestr natijalari bo‘yicha o‘zlashtirmagan fandan (fanlardan) qayta topshirish uchun yakuniy davlat attestatsiyasi boshlangunga qadar ruxsat beriladi.

Talabaga oraliq va (yoki) yakuniy nazorat turini qayta topshirish uchun berilgan muddat davomida talaba tomonidan qayta topshirishlar soni 2-martadan ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Ikkinchi marta oraliq va (yoki) yakuniy nazorat turi bo‘yicha talabani baholash maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Byerilgan muddat davomida mavjud bo‘lgan qarzdorlikni topshira olmagan talaba kursdan qoldiriladi.

Fanlardan akademik qarzdorligi 4 ta va undan ko‘p bo‘lgan talabalarga qayta topshirishga ruxsat byerilmaydi va ular kursdan qoldiriladi.

Kursda qoldirilgan talaba fanni o‘zlashtirmagan semestr boshidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettiradi.

Baholash natijalarini ko‘rib chiqish

Baholash natijasidan norozi bo‘lgan talabalar fakulьtyet dekani tomonidan tashkil etiladigan Apellatsiya komissiyasiga apellatsiya berish huquqiga ega.

Apellatsiya komissiyasi tarkibiga talabani baholashda ishtirok etmagan tegishli fan professor-o‘qituvchilari orasidan komissiya raisi va kamida to‘rt nafar a’zo kiritiladi.

Talaba baholash natijasidan norozi bo‘lgan taqdirda, baholash natijasi e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida apellatsiya berishi mumkin. Talaba tomonidan berilgan apellatsiya Apellatsiya komissiyasi tomonidan 2 kun ichida ko‘rib chiqilishi lozim.

Talabaning apellatsiyasini ko‘rib chiqishda talaba ishtirok etish huquqiga ega.

Apellatsiya komissiyasi talabaning apellatsiyasini ko‘rib chiqib, uning natijasi bo‘yicha tegishli qaror qabul qiladi. Qarorda talabaning tegishli fanni o‘zlashtirgani yoki o‘zlashtira olmagani ko‘rsatiladi.

Chat