Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 48767 marta o'qildi

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha qanday nafaqalar to‘lanadi?

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida sug‘urtalangan shaxslarga:

  • homiladorlik va tug‘ish nafaqasi;
  • vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lanadi.

Sug‘urtalangan shaxs — davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta hodisalaridan himoyalangan jismoniy shaxs.

Sug‘urta staji — shaxs uchun davlat ijtimoiy sug‘urta badallari to‘langan davrlar yig‘indisi.

Mehnatga layoqatsizlik varaqasi — shaxsni ishdan ozod qilish va tegishli nafaqani tayinlash uchun asos bo‘ladigan tibbiy hujjat.

Nafaqalar qachondan yangi tartibda to‘lanadi?

Yangi davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi:

  • 2026-yil 1 yanvardan yuzaga kelgan homiladorlik va tug‘ish holatlariga;
  • 2026-yil 1-iyuldan yuzaga kelgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik holatlariga nisbatan qo‘llaniladi.

Sug‘urta hodisasi yuzaga kelgan sana mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan ishdan ozod etish davrining birinchi kuni hisoblanadi.

Nafaqa qanday tayinlanadi?

Nafaqa fuqaroning alohida arizasisiz, elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi va davlat axborot tizimlaridagi ma’lumotlar asosida proaktiv shaklda tayinlanadi.

Proaktiv tayinlash — fuqarodan alohida ariza yoki qog‘oz hujjat talab qilmasdan, elektron ma’lumotlar asosida nafaqa tayinlash.

Nafaqa tayinlangani, uning miqdori, to‘lov muddati yoki rad etish sababi haqida fuqaroga SMS-xabar yoki elektron xabarnoma yuboriladi.

To‘lov Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fuqaroning ijtimoiy kartasi yoki bank kartasiga o‘tkaziladi.

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili:

  • tug‘ruqqacha 70 kalendarь kun;
  • tug‘ruqdan keyin 56 kalendarь kun;
  • tug‘ish qiyin kechganda yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilganda tug‘ruqdan keyin 70 kalendarь kun davom etadi.

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun kamida 10 oy sug‘urta staji, shuningdek, sug‘urta hodisasidan oldingi oxirgi 6 oyda uzluksiz sug‘urta staji talab qilinadi. Qonunchilikda belgilangan ayrim istisnolar bundan mustasno.

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish uchun kamida 6 oy sug‘urta staji bo‘lishi kerak.

Nafaqani hisoblashda o‘rtacha oylik ish haqiga:

  • 6 oydan 96 oygacha sug‘urta staji bo‘lganda — 60 foiz;
  • 97 oy va undan ortiq sug‘urta staji bo‘lganda — 80 foiz koeffitsient qo‘llaniladi.

I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan, qaramog‘ida 18 yoshga to‘lmagan kamida 4 nafar farzandi bo‘lgan yoxud farzandlaridan birida nogironlik bo‘lgan shaxs uchun koeffitsient 20 foiz bandga oshiriladi.

Kasallik davri uchun kim to‘laydi?

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrining:

  • dastlabki 5 kunigacha bo‘lgan qismi — ish beruvchi tomonidan;
  • 6-kundan boshlab — Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi.

Nafaqa bir kalendarь yilda, qoida tariqasida, jami 182 kalendarь kundan oshmagan davr uchun to‘lanadi.

Qaysi davrlarda nafaqa to‘lanmaydi?

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik:

  • ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga;
  • ish haqi qisman saqlanadigan ta’tilga;
  • bolani parvarishlash ta’tiliga;
  • harbiy o‘quv yoki tekshiruv yig‘iniga;
  • ishlab chiqarishdan ajralmagan holdagi o‘quv ta’tiliga to‘g‘ri kelsa, mazkur davr uchun nafaqa to‘lanmaydi.
Chat