Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11589 marta o'qildi

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hududlarni obodonlashtirish sohasidagi muammolar o‘rganish va metodologik ta’minlash uchun mas’ul organ etib belgilandi.

2019-yil 1 oktyabrdan boshlab yangi tartib o‘rnatilmoqda.

Unga ko‘ra:

yuridik va jismoniy shaxslar — aholi punktidagi binolar va inshootlarning mulkdorlari yoki ulardan foydalanuvchilar, shu jumladan, ijaraga oluvchilar o‘ziga biriktirilgan hududni obodonlashtirish ishlari o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun mas’ul hisoblanadi;

obodonlashtiriladigan hududning maydoni mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi. Bunda biriktirilgan hudud maydoni tegishli er uchastkasi maydonidan katta bo‘lishi mumkin emas;

biriktirilgan hududni obodonlashtirish ishlari binolar va inshootlarning mulkdorlari yoki ulardan foydalanuvchilar tomonidan belgilangan shaharsozlik normalari va qoidalariga, shaharlar va aholi punktlarining tashqi ko‘rinishiga qo‘yiladigan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.

2020-yil 1 yanvardan boshlab, yangi tartib joriy etilmoqda:

shahar ko‘chalarini qurish va rekonstruktsiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari parametrlarida ushbu ko‘chalarning tutash hududlarini obodonlashtirish (irrigatsiya tarmoqlari, yoritish elementlari, ko‘kalamzorlashtirish, yo‘laklar, axlat qutilari, kichik me’moriy shakllar va boshqalar) bo‘yicha kompleks tadbirlar majburiy tartibda nazarda tutiladi;

yo‘l qatlami va obodonlashtirishning boshqa ob’ektlari ostida joylashgan er osti muhandislik kommunikatsiyalarini qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital ta’mirlash qo‘shma grafiklar asosida obodonlashtirish ob’ektlarida loyiha va pudrat ishlari bilan o‘zaro bog‘liq holda amalga oshiriladi;

yangi qurilgan ob’ektlarni, rekonstruktsiya qilingan va kapital ta’mirlangan binolar yoki inshootlarni tutash hududlarni obodonlashtirmasdan turib foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

Quyidagi imkoniyatlarni beruvchi «Obod hudud» axborot tizimi yaratilmoqda:
  • fuqarolar tomonidan obodonlashtirish sohasidagi mavjud muammolar bo‘yicha murojaatlar yuborish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ular uchun qayta aloqani, shu jumladan bajarilgan ish natijalarini “avval” va “keyin” formatida taqqoslash imkoniyatini ta’minlash;
  • aholi bilan hamkorlikda obodonlashtirish ishlarini rejalashtirish, bunda mavjud moddiy resurslar va infratuzilma imkoniyatlaridan samarali va oqilona foydalanishni hisobga olish;
  • fuqarolar bilan hududlarni obodonlashtirish holati to‘g‘risida axborot almashish, qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ob’ektlari bo‘yicha takliflarni yo‘naltirish orqali ularni obodonlashtirish loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish;
  • obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va sanitariya holatidan kelib chiqib hududlar reytingini belgilash;
  • maxsus onlayn-maydonchada loyihalashtirish va obodonlashtirish bo‘yicha yo‘riqnomalar va qo‘llanmalar, hududlarni obodonlashtirishning namunaviy loyihalari, shuningdek, standartlar, shaharsozlik normalari va qoidalarini joylashtirish.

Kamchiliklar to‘g‘risida xabar berish bo‘yicha maxsus telegram-bot:

Bosh prokuratura tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” Dasturlari ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus telegram-bot dasturi (@obod_mahalla_dasturi_bot) ishlab chiqildi. 

Bosh prokuratura mazkur bot islohotlar muvaffaqiyatli ko‘p jihatdan har bir tuman, shahar, qishloq va mahallada jamoatchilik, ya’ni, xalq nazoratining qay darajada yo‘lga qo‘yilganiga ham bog‘liq ekani bilan izohladi.

Shu bois, ushbu dasturlar doirasidagi ishlarning barcha bosqichlarini onlayn kuzatib borish imkonini beruvchi elektron dastur ishga tushirilib, dasturlar ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus telegram-bot (@obod_mahalla_dasturi_bot) dasturi ham ishlab chiqilgan. 

“Agar Siz yashayotgan hududda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilayotgan bino-inshootlarda kamchiliklarni payqasangiz, qurilish ishlarining sifatsiz olib borilayotgani yoki to‘xtab qolganining guvohi bo‘lsangiz, asl holatni suratga oling va maxsus telegramm-botga joylashtiring”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Buning uchun mavjud kamchilikni suratga olasiz va maxsus telegramm-botga kirib, ob’ekt joylashgan hududni belgilab, “Yuborish” tugmasini bosish kerak.  

Elektron dastur “Ishchi guruh”ni avtomatik tarzda qizil belgi bilan kelib tushgan murojaat haqida xabardor qiladi. 

So‘ngra “Ishchi guruh” tomonidan mavjud salbiy holatni bartaraf etish choralari ko‘riladi.  

Chat