Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 33196 marta o'qildi

Oliy ta’lim muassasalari qabulni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiradilar.

  • Qabul kvotalaridan tashqari abiturientlarni o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi ruxsatiga asosan amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abiturientlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinadi.

  • Qolgan abiturientlar test ballari reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinadi.

Hududlar kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul faqat tegishli hududda yashayotgan va hududning tegishli ta’lim to‘g‘risidagi diplomiga ega bo‘lgan abiturientlar hisobidan amalga oshiriladi. 

  • Qabul kvotalari tegishli qaror e’lon qilinganda Davlat test markazining saytida joylashtiriladi. Davlat test markazi saytiga kirish uchun ushbu havola o‘ting.

Test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abiturientlardan (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etish uchun BHMning yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Arizalarni qabul qilish
  • Abiturientlarni ro‘yxatdan o‘tkazish 20 iyunidan 20 iyuliga qadar (20-iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi
  • Abiturient yashash joyi (propiska)dan qat’iy nazar, istalgan joydagi Davlat markazlari orqali o‘qishga hujjat topshirishi mumkin. 

Abiturient quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  1. fuqarolik pasporti yoki ichki ishlar bo‘limlari tomonidan berilgan 09-shakl bo‘yicha jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasiva raqami ko‘rsatilgan ma’lumotnoma;
  2. pasport yoshiga etmaganlar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma
  3. umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat (ilovasi bilan);
  4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyozga ega bo‘lgan abiturientlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat;
  5. test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abiturientlar (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etish uchun BHMning yarim baravari miqdorida to‘lovni amalga oshirganligi to‘g‘risidagi to‘lov varaqasi (kvitantsiya).

To‘liq davlat ta’minotidagi etim bolalar va ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchi shaxslar ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.

To‘liq davlat ta’minotidagi etim bolalar toifasiga «Mehribonlik uylari»da yashab ta’lim olgan, 18 yoshga to‘lmagan, otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki sud qaroriga binoan vafot etgan deb e’lon qilingan bolalar kiradi.

  • Harbiy qismlar qo‘mondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab, 3 yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi (oliy ta’lim muassasasiga talabalikka qabul qilinganligi to‘g‘risidagi rasmiy buyruq bo‘lsa, imtiyozdan takroran foydalanish mumkin emas).
  • Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda davlat markazlari (oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi) abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
  • Hujjatlar qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so‘ng hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritib bo‘lmaydi.
  • Abiturient tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abiturient test sinovlaridan (oliy ta’lim muassasasidan) chetlashtiriladi.

Kasbiy imtihonlar
  • Oliy ta’limning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda qo‘shimcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
  • Kasbiy (ijodiy) imtihonlar abiturientlar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlagan birinchi oliy ta’lim muassasasi tomonidan test sinovlari o‘tkazilishiga qadar 11-iyuldan 20 iyulgacha, test majmualarida fanning o‘rniga qarab uning uchun nazarda tutilgan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizigacha bo‘lgan oraliqda yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
  • Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari bo‘yicha tushgan norozilik (apellyatsiya) arizalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan 21-iyulga qadar bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
  • Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Davlat test markaziga oliy ta’lim muassasalari tomonidan 22 iyulgacha taqdim etiladi.

Test sinovlarini o‘tkazish
  • Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.
  • Test sinovlari 3 tilda — o‘zbek, rus, Qoraqalpog‘iston hududida qoraqalpoq tilida ham o‘tkaziladi.
  • Abiturient test sinovlarini va kasbiy (ijodiy) imtihonni oliy ta’lim muassasasida o‘qiydigan tilda topshiradi. Bunda o‘zbek guruhlariga hujjat topshirgan abiturient o‘z arizasiga asosan test sinovlarini o‘zbek tilida lotin yoki kirill alifbosida topshirish huquqiga ega.
  • Abiturient chet tillar sifatida ingliz, nemis, frantsuz tillaridan biri bo‘yicha test sinovi topshiradi. Abiturient o‘qigan chet tilidan qat’i nazar, xohlagan (ingliz, nemis, frantsuz) chet tilidan test topshirishi mumkin.
  • Test sinovlari kunduzgi va kechgi (smenali) ta’lim shakllari uchun har yili iyulь - avgust oylarida, qoida tariqasida kuniga 2 smenada o‘tkaziladi.
  • Abiturientning test sinovidan to‘plagan ballari test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmaganligi test sinovlarini o‘tkazish to‘liq yakunlanganidan keyin 1 hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
  • Oliy ta’lim muassasasida tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab abiturientlar belgilangan tartibda tasdiqlangan fan majmualari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadilar.
  • Test topshiriqlari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.
  • Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega bo‘lgan abiturientlarga mos chet tili fanidan belgilangan maksimal ball beriladi va ular chet tili fanidan test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshirmaydi.

Kontrakt asosida qabul qilish
  • Abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish test sinovlarining ballar reytingi bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
  • Davlat komissiyasi tomonidan abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin oliy ta’lim muassasasi bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar o‘rtasida belgilangan tartibda kontraktlar rasmiylashtiriladi.
  • To‘lov har yili kontraktda ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.

Qo‘shimcha kontrakt
  • Oliy ta’lim muassasalarining takliflariga muvofiq, Davlat komissiyasi qarori asosida abiturientlar to‘lov-kontrakt bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinishi mumkin.
  • Oliy ta’lim muassasalari qo‘shimcha qabulni Davlat komissiyasi qarori bilan belgilangan ko‘rsatkichlarga muvofiq to‘plagan ballari Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal balldan kam bo‘lmagan va asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha etmagan abiturientlar orasidan ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshiradilar.

Oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  1. to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga 1 ballgacha etmagan abiturientlar uchun - 1,5 barobar;
  2. 1,1 balldan 2 ballgacha etmaganlar uchun - 2,0 barobar;
  3. 2,1 balldan 3 ballgacha etmaganlar uchun - 2,5 barobar;
  4. 3,1 balldan 4 ballgacha etmaganlar uchun - 3,0 barobar.

Imtihonsiz o‘qishga qabul qilinadigan shaxslar

Quyidagilar mos ta’lim yo‘nalishlariga imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar:

  • xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblari;
  • Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari;
  •  «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohiblari;
  • «Tarbiyachi» respublika tanlovi g‘olibi;
  • «Hamshira» respublika tanlovi g‘olibi;
  • Badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari;
  • «Nihol» mukofoti sovrindorlari;
  • O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolari doimiy yashash joyidagi oliy ta’lim muassasalarining pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga.

Olimpiada fani, tanlovlar bilan oliy ta’lim yo‘nalishlari o‘rtasidagi kasbiy muvofiqlik Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

O‘qishga qabul qilishni rasmiylashtirish
  • Davlat komissiyasining abiturientlarni qabul qilish to‘g‘risidagi qarori asosida oliy ta’lim muassasalari 25-avgustga qadar abiturientlarni davlat grantlari bo‘yicha talabalar safiga qabul qilish haqidagi buyruqlarni rasmiylashtiradi.
  • To‘liq davlat ta’minotidagi etim bolalar (hujjat topshirgan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul kvotalari doirasida belgilangan o‘tish ballini to‘plagan bo‘lsa) va ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchilarni o‘qishga qabul qilish davlat granti asosida amalga oshiriladi.
  • To‘lov-kontrakt asosida abiturientlarni o‘qishga qabul qilish kontraktda belgilangan mablag‘ miqdori 15-sentabrdan kechiktirilmay, belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng rasmiylashtiriladi.
  • Bunda, to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abiturientlar 2 sentyabrdan boshlab darslarga qatnashiga ruxsat beriladi.
  • Qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abiturientlar ushbu summa birinchi o‘quv yili uchun to‘liq to‘langandan keyin o‘qishga qabul qilinadi.

Chat