Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 77478 marta o'qildi

1-savol: Joriy etilgan karantin choralari qanchalik qonuniy?

Javob: Mamlakatimizdagi karantin chora-tadbirlari qatьiy ravishda amaldagi qonunchilik doirasida joriy etilgan.

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi sanitariya-karantin nazoratini amalga oshirish va cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etish yo‘li bilan ta’minlanadi.

Cheklovchi tadbirlar (karantin) — yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma’muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir.

O‘zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlar bilan ham ta’minlanishi mumkin.

Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi talablarni belgilaydigan hujjatlar davlat organlari hamda boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi shart bo‘lgan hujjatlardir. 

Ko‘pchilik yurtimizda karantin amal qilmayapti, degan fikrga borib, uni faqatgina harakatlanish yoki xo‘jalik faoliyatiga to‘liq taqiq o‘rnatishdan iborat, deya tasavvur qilmoqda. 

Biroq, aslida bunday emas. Respublikamizda karantin e’lon qilingan, uning aniq chegaralari va cheklovlarning tavsifi mavjud bo‘lib, ular epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib joriy etiladi yoki bekor qilinadi. Masalan, 16-martdan boshlab barcha ta’lim muassasalari yopilgan. 

2-savol: Karantin choralarining Maxsus komissiya tomonidan joriy etilishi qanchalik qonuniy?

Javob: Karantin choralarining Maxsus komissiya tomonidan joriy etilishi qonuniy asosga ega. Chunki, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlariga sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy yordamning sifati, samaradorligi va hamma uchun ochiqligini oshirish, aholi sog‘ligini saqlash va mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi printsiplarini joriy etish, shuningdek sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha choralarni amalga oshirish kiradi.  

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligidagi Maxsus komissiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi F-5537-son farmoyishi  bilan tashkil etilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishiga muvofiq, Maxsus komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib, koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini o‘z vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Mazkur masalada yagona siyosat amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 176-son qarori bilan Komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

3-savol: Nima uchun Maxsus komissiyaning qarorlari to‘liq ko‘rinishda e’lon qilinmayapti?

Javob: Maxsus komissiya qarorlari bayonnoma ko‘rinishida rasmiylashtiriladi. Bundan oldingi savollarga javoblarda qayd etilgan asoslarga muvofiq, Komissiya barcha vakolatlarga ega. 

Yodda tutish lozimki, Maxsus komissiya yuz berayotgan hodisalarga nisbatan tezkor javob berish maqsadida tashkil etilgan. Zarur bo‘lganda epidemiologik vaziyat o‘zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan kompleks masalalarni echish va ularga javob berish, jumladan, muammolarni turli xususiyatga ega bo‘lgan maxsus mexanizmlarni ishga solish orqali hal etish bilan bog‘liq kechiktirib bo‘lmaydigan qarorlarni qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Shu munosabat bilan Maxsus komissiya tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar to‘liqsiz ko‘rinishda e’lon qilinyapti. 

Shu bilan birga ushbu qarorlarning aholi va yuridik shaxslarga taalluqli qismlari Maxsus komissiyaning rasmiy bayonoti tarzida e’lon qilinmoqda.

Mazkur axborot har kuni aholi bilan muloqot qilish mumkin bo‘lgan barcha aloqa kanallari orqali tarqatilmoqda. Markaziy telekanallar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirga uzatilayotgan va yirik ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida translyatsiya qilinayotgan kundalik brifinglar qabul qilinayotgan qarorlarni tushuntirishga qaratilgan. Har bir qaror ixtisoslashgan mutaxassislar tomonidan sodda tilda tushuntirib borilmoqda. 

Bundan tashqari, Komissiyaning barcha qarorlarini targ‘ib qilishga Maxsus komissiya va barcha davlat organlari ulkan sa’y-harakatlari safarbar qilishgan. 

4-savol: Maxsus komissiyaning qarorlari qonuniy kuchga egami?

Javob: “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlariga sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy yordamning sifati, samaradorligi va hamma uchun ochiqligini oshirish, aholi sog‘ligini saqlash va mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi printsiplarini joriy etish, shuningdek sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha choralarni amalga oshirish kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligidagi Maxsus komissiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi F-5537-son farmoyishi bilan tashkil etilgan. 

Ushbu farmoyishga muvofiq, Maxsus komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib, koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini o‘z vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Mazkur masalada yagona siyosat amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 176-son qarori bilan Komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

Shundan kelib chiqib, Maxsus komissiya qarorlari qonuniy hisoblanadi.

5-savol: Odamlarning transportda, velosipedlar (skuterlar)da, piyoda harakatlanishiga oid cheklovlar o‘rnatilishi qanchalik qonuniy?

Javob: Aholi va transport harakatlanishiga oid cheklovlarni o‘z vaqtida o‘rnatmay, virusning nazorat qilib bo‘lmaydigan darajada tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ygan va natijada karantin muddatini uzaytirishga majbur bo‘lgan xorijiy mamlakatlarning achchiq tajribasidan kuzatayotganimizdek, bu ko‘plab odamlarning nobud bo‘lishiga va katta iqtisodiy zarar ko‘rishiga olib kelmoqda.

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududining sanitariya muhofazasi sanitariya-karantin nazoratini amalga oshirish va cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etish yo‘li bilan ta’minlanadi.

Cheklovchi tadbirlar (karantin) — yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma’muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir.

Qonunning mazkur moddasi aholi, jumladan transport vositalari harakatlanishini cheklashga ruxsat beradi. 

“Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq transport vositasi – bu odamlarni, yuklarni tashishga yoki maxsus ishlarni bajarishga mo‘ljallangan qurilmadir.

Demak, vakolatli organlar karantin davrida harakatlanish, jumladan piyoda sayr qilish hamda skuter va velosipedlarda harakatlanishga oid cheklov choralarini belgilashi mumkin. 

Bundan kelib chiqadiki, aholi va avtotransport harakatlanishiga oid cheklovlar joriy etilishi nafaqat qonuniy, balki fuqarolarning yashash va sog‘liqni saqlashga oid huquqlarini ta’minlash nuqtai nazaridan ham o‘zini oqlaydi. Bu choralar, shuningdek, iqtisodiy jihatdan ham o‘zini oqlaydi, chunki virus tarqalishini qanchalik tez nazoratga olsak, bozor uchun noqulay sharoitlar yuzaga kelishi tufayli uzilgan iqtisodiy munosabatlarni shunchalik tez tiklashga muvaffaq bo‘lamiz.

6-savol: “O‘zini yakkalash” hayot tarzi qanday huquqiy asosga ega, u nimani ko‘zda tutadi?

Javob:  “Karantin” yoki boshqacha aytganda “cheklovchi tadbirlar” – yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma’muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir (“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonun).

Cheklovchi tadbirlar (karantin)ni o‘tkazish tartibi va muddati Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi. 

Prezident farmoyishi bilan (F–5537-son, 29.01.2020-y.) O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Maxsus respublika komissiyasi tuzildi.

Hukumat qarori bilan (176-son, 23.03.2020-y.) Maxsus komissiya karantin yoki cheklovchi tadbirlarni kiritish bo‘yicha vakolatlarga ega bo‘ldi. 

Maxsus komissiya vaziyat tahlilidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich u yoki bu cheklovchi tadbirlarni joriy etib bormoqda, masalan xalqaro, viloyatlararo va tumanlararo harakatlanishni, ayrim tashkilotlar faoliyatini, tadbirlar va majlislar o‘tkazilishini cheklamoqda. 

O‘z navbatida, “o‘zini yakkalash” – bu alohida chora emas, balki cheklovchi tadbirlardan biri, ya’ni karantin chorasidir. “O‘zini yakkalash” hatto inson o‘zini sog‘lom his qilgan taqdirda ham boshqa odamlar bilan aloqani cheklash yoki iloji boricha kamaytirishni ko‘zda tutadi. 

Karantin paytida bemorlar tibbiy yoki maxsus muassasalarda tibbiyot xodimlari kuzatuvi ostida bo‘lsalar, sog‘lom kishilar o‘zini yakkalashlari lozim. Masalan, ular (1) ko‘chaga chiqmasligi, (2) bunga zarurat tug‘ilganda ijtimoiy masofa saqlashi, niqob taqib yurishi, (3) uyda yoki ishda bo‘lsa, boshqa shaxslar (hamkasblar, birga yashaydigan oila a’zolari) bilan aloqani cheklashi, ya’ni ijtimoiy masofani saqlashi  va hokazolarga rioya qilishi lozim. 

Ayrim cheklovchi tadbirlarning o‘z vaqtida kiritilishi (transport harakatini cheklash, jamoat joylarini yopish, majburiy ravishda niqob taqish va hokazolar) O‘zbekistonda COVID-19 ommaviy tarqalishining oldini olish imkonini berdi. Boshqa mamlakatlar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Italiya va Ispaniyada qat’iy cheklov choralari kiritilgach, vaziyat asta-sekinlik bilan yaxshilanib borayotgani haqida xabarlar berildi. 

Biroq tahlillar ko‘rsatishicha, ayrim cheklov tadbirlari joriy etilgandan keyingi aniqlanayotgan koronavirus infektsiyasini yuqtirish holatlari hamkasblar, oila a’zolari orasida uchrashda davom etmoqda, chunki mazkur doirada etarli xavfsizlik choralari ko‘rilmayapti. Shu munosabat bilan zararlanish yoki aksincha boshqalarga yuqtirish xavfini minimal darajaga tushirish maqsadida “o‘zini yakkalash” choralariga amal qilish kerak. 

“O‘zini yakkalash”ga karantin choralaridan alohida qarash yaramaydi, u karantinning tarkibiy qismi yoki bir ko‘rinishi hisoblanadi va bunda “o‘zini yakkalash”ga oid munosabatlar karantin qoidalari bilan bir xil tarzda tartibga solinadi. 

Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim “ekspertlar” karantin tadbirlarining huquqiy tabiati to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqatmoqda. Bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va O‘zbekiston aholisini chalg‘itmoqda. Bunday harakatlar javobgarlikni, hattoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaruvchi jiddiy huquqbuzarlik sifatida baholananishi mumkin.

Shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar ma’murlari va moderatorlari, shuningdek blogerlar bunday mualliflarning faoliyatini cheklashga yordam berishi va yolg‘on xabarlar tarqatish uchun minbar yaratib bermasliklari maqsadga muvofiq sanaladi. 

7-savol: Fuqarolarni “o‘zini yakkalash” hayot tarziga rioya qilishga majburlash qanchalik qonuniy?

Javob: “O‘zini yakkalash” hayot tarzi fuqarolarning erkin harakatlanishiga oid huquqlarini cheklaydi, biroq bu cheklovlar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga to‘liq muvofiq bo‘lib, koronavirus infektsiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan xatarlarga mutanosibdir

Konstitutsiyaning 20-moddasiga muvofiq, fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklariga putur etkazmasliklari shart. 

Konstitutsiyaning 28-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega, qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir, deb belgilab qo‘yilgan. 

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, aholi va transport vositalarining harakatlanishini ko‘zda tutuvchi cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilishi mumkin. 

Konstitutsiyaning 54-moddasida mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar etkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart. 

Bundan tashqari, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, fuqarolar aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi hamda boshqa fuqarolarning sog‘liqni saqlash va qulay yashash muhitiga bo‘lgan huquqlari buzilishiga sabab bo‘luvchi harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Shu bilan birga, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qonunda ko‘zda tutilgan va davlat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholining sog‘ligi yoki ahloqi yoki boshqa shaxslarning huquq va erkinliklari muhofazasi uchun zarur bo‘lganda  ayrim huquqlarni cheklashga yo‘l qo‘yadi.

8-savol: Huquqni muhofaza qiluvchi organlar “o‘zini yakkalash” hayot tarziga rioya qilishni talab qilishga haqlimi?

Javob: “O‘zini yakkalash” hayot tarzi “Aholining sanitariya-epidemologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonun va Hukumatning 176-son qaroriga muvofiq joriy etilgani bois, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va aynan ichki ishlar organlari “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, fuqarolardan qonunchilikka rioya qilishlarini, huquqqa xilof harakatlarni to‘xtatishni talab qilish, bu talablar bajarilmagan taqdirda ularni majburlash choralarini qo‘llash huquqiga ega. 

9-savol: Maxsus komissiyaning qarorlari asosida jarimaga tortish qanchalik qonuniy?

Javob: Fuqarolar karantin tadbirlari va sanitariya qoidalarini buzganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga muvofiq jarimaga tortiladilar. 

Shu bilan birga, “Aholining sanitariya-epidemologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq, sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari davlat organlari hamda boshqa organlar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi shart bo‘lgan aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi talablarni belgilaydigan hujjatlardir. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi ikkinchi qismida belgilanganidek, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish  tegishli ravishda javobgarlikka tortilishga olib keladi. 

Vazirlar Mahkamasining 176-son qarorida ko‘zda tutilganidek, Komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. 

Shu bilan birga, MJtKning 1-moddasiga muvofiq, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari nafaqat mazkur Kodeks, balki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlardan iborat ekanligini ta’kidlab o‘tish, maqsadga muvofiq.  

Yuqorida aytib o‘tilganlar asosida mazkur Komissiya qarorlari talablarini buzayotgan shaxslarni javobgarlikka tortishning qonuniyligi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asoslanganligini, ta’kidlash joiz.

10-savol: Nima uchun favkulodda holat (vaziyat) sharoitlariga o‘xshash cheklovlar o‘rnatilganiga qaramay, favqulodda holat o‘rnatilgani haqida rasman e’lon qilinmayapti?

Javob: Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 93-moddasi 19-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti favqulodda vaziyatlar, xususan epidemiya holati yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi.

Qoida tariqasida, favqulodda holat rejimi joriy etilganda, harakatlanish erkinligiga, transport vositalari harakatiga nisbatan cheklovlar o‘rnatiladi, ularni tekshirish kuchaytiriladi, eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini sotish, xarid qilish va taqsimlashning, jamoatchilik tartibini saqlashning alohida tartibi o‘rnatiladi va boshqa cheklovlar kuchaytiriladi. 

“Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq, odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘i yoki atrof tabiiy muhitga zarar etishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat favqulodda vaziyat, deb ataladi.

Hukumatning 1998-yil 28-oktabrdagi 455-son “Texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlarning tasnifi to‘g‘risida”gi Qarorida epidemiya – alohida xavfli infektsiyalarga tegishli bo‘lmagan, yuqish manbai bitta yoki yuqish omili bir xil bo‘lgan odamlarning guruh bo‘lib yuqumli kasallanishini tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarga taalluqli deb belgilangan. Vazirlar Mahkamasi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda asosiy davlat organi hisoblanadi. 

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga ko‘ra, cheklovchi tadbirlar (karantin) – yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma’muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir. 

Hozirgi kunda O‘zbekistonda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o‘tkazilmoqda, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • mamlakatimiz hududini sanitar muhofaza qilish (sanitar-karantin nazoratini o‘tkazish va (karantinning) cheklovchi tadbirlarini o‘tkazish yo‘li bilan ta’minlanmoqda); 
  • yuqumli va parazitar kasalliklar o‘choqlarida amalga oshirilayotgan tadbirlar, dezinfektsiya tadbirlari;
  • majburiy tibbiy tekshiruv va boshqa tadbirlar. 

Tibbiy-profilaktika muassasalari va sanitar-epidemiologik xizmat muassasalari tomonidan yuqumli va parazitar kasalliklar o‘choqlarida o‘rnatilgan tartibda infektsion va parazitar kasalliklar bilan kasallanganlikda gumon qilingan shaxslarni aniqlash, izolyatsiya qilish va kasalxonaga yotqizish hamda ular aloqa qilgan shaxslarni laborator tekshirish va ularni tibbiy kuzatishga yo‘naltirilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yuqumli va parazitar kasalliklarning yuqish yo‘llari va omillari hamda ularning insonga zararli ta’sirini bartaraf etishini aniqlash tadbirlari ham amalga oshirilmoqda. Yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo‘lishi va tarqalishini oldini olish, ularni ajratib qo‘yish va bartaraf etish maqsadida epidemik ko‘rsatmalar bo‘yicha dezinfektsiya tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Bundan og‘ir choralar ko‘rilayotgani yo‘q. Ushbu choralar esa aynan “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunda ko‘zda tutilgan harakatlarga aynan muvofiqdir. 

Qonunchilikda epidemiya yuz berganda favqulodda holat, favqulodda vaziyat yoki cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy qilish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashda yuqoridagi tartiblardan nisbatan eng yumshog‘i – cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etildi. Cheklovchi tadbirlar (karantin)ning joriy etilishi mamlakatimizning amaldagi qonunchiligiga mos keladi, COVID-19 ga qarshi kurash O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonuni, davlatimiz Rahbarining Farmonlari va Hukumat qarorlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

11-savol: Joriy etilgan cheklovchi tadbirlar fuqarolarimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va xalqaro konventsiyalarda kafolatlangan huquq va erkinliklarini buzmayaptimi?

Javob: Birinchi navbatda, shuni qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasiga ko‘ra, fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur etkazmasliklari shart.

Joriy etilgan cheklovlar O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, jumladan, aynan “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonuniga to‘la mos bo‘lib, pirovard natijada har bir fuqaroning ajralmas huquqi bo‘lgan – yashash huquqini (Konstitutsiyaning 24-moddasi) ta’minlashga yo‘naltirilgan. 

Aholi va avtotransport harakatiga nisbatan o‘rnatilgan vaqtinchalik  cheklovlarga keladigan bo‘lsak, shuni qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir (Konstitutsiyaning 28-moddasi). Ushbu cheklovlar, yuqorida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi hududini sanitar muhofaza qilish doirasida joriy etildi hamda sanitar-karantin nazoratini amalga oshirish va cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy etish yo‘li bilan ta’minlanmoqda (“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 31-moddasi). 

Bundan tashqari, shuni ta’kidlash kerakki, Fuqarolik va siyosiy huquqlar  to‘g‘risidagi Xalqaro paktning 12-moddasiga muvofiq,  muayyan davlat hududida qonuniy bo‘lib turgan har kim ushbu davlat hududi chegarasida harakatlanishi va  yashash joyini tanlashga haqli. 

Shu bilan birga, yuqorida sanab o‘tilgan huquqlar biror bir cheklovlar ob’ekti bo‘la olmaydi. Davlat xavfsizligi, jamoat tartibi, aholining salomatligi  yoki axloqini yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan qonunda ko‘zda tutilgan cheklovlar bundan mustasno bo‘lib, ular ushbu Paktda e’tirof etilgan boshqa huquqlarga mos keladi. 

Shu bois, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, pandemiya tufayli o‘rnatilgan cheklovlar fuqarolarning Konstitutsiya va xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan huquq va erkinliklarini cheklamaydi, aksincha, ular ushbu huquq va erkinliklarni ta’minlashga qaratilgandir. 

12-savol: Karantinga joylashtirilgan shaxslar telefonlarining olib qo‘yilishi nechog‘lik qonunga to‘g‘ri keladi?

Javob: Shuni qayd etish kerakki, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 32-moddasiga muvofiq, yuqumli va parazitar kasalliklar o‘choqlarida davolash-profilaktika hamda sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalari tomonidan quyidagilarga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan tartibda o‘tkaziladi:

  • yuqumli va parazitar kasal deb gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash, ajratib qo‘yish va kasalxonaga yotqizishga, shuningdek ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishga va ularning tibbiy kuzatuvini olib borishga;
  • yuqumli va parazitar kasalliklarning yuqish yo‘llari va omillarini aniqlash hamda ularning insonga ta’sir ko‘rsatishining oldini olishga.

Virusolog olimlarning qayd etishlaricha, asosan plastikdan tayyorlangan telefonlar va ma’lumot tarqatuvchi boshqa vositalar o‘zida infektsiyani saqlash va tarqatish xususiyatiga ega bo‘lgani bois, ularni karantin hududiga olib kirish sanitar qoidalarga zid keladi. Chunki infektsiya qog‘oz va plastikning yuzasida eng uzoq vaqt – 5 kungacha saqlanib qoladi.

Mazkur Qonunning yuqorida ko‘rsatilgan qoidalarini amalga oshirish hamda koronavirus infektsiyasi bilan bog‘liq boshqa holatlarni va virus o‘choqlarini o‘z vaqtida aniqlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 176-son qarori bilan tasdiqlangan Koronavirus infektsiyasi aniqlanganda (gumon qilinganda) bajariladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda karantinga joylashtirilgan koronavirus infektsiyasi bilan kasallangan yoki ushbu infektsiya bor deb gumon qilinayotgan shaxslarning mobilь telefonlari, audio va video yozuv uskunalari, kredit kartalari va ma’lumot tarqatuvchi boshqa vositalarini vaqtincha olib qo‘yishga oid me’yor ko‘zda tutilgan. 

Jahon amaliyotiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Rossiya, Singapur, Isroil va boshqa qator davlatlarda ham huddi shunday choralar qo‘llanilmoqda. Xususan, Rossiyada karantinga joylashtirilgan shaxslar muloqotda bo‘lgan boshqa shaxslar va ular borgan maskanlarni aniqlash maqsadida telefonlardagi GPS-funktsiyasi ma’lumotlaridan foydalanish amaliyoti keng qo‘llaniladi. 

Ayni damda, shuni e’tiborga olish kerakki, ayrim hollarda karantinga joylashtirilgan shaxslar o‘zlari muloqotda bo‘lgan shaxslarni oshkor etishmaydi yoki ularni unutib qo‘yishadi. O‘zbekistonda ushbu virusni birinchi bo‘lib yuqtirib olgan shaxs bilan bog‘liq holat bunga yaqqol misol bo‘la oladi. 

Ushbu omilni hisobga olgan holda, vaqtincha olib qo‘yilgan narsalar faqat mazkur shaxsning kasallangan davrida muloqotda bo‘lgan boshqa insonlarni va tashrif buyurgan joylarni aniqlash maqsadidagina o‘rganiladi. 

Vaqtincha olib qo‘yilgan narsalar ularning egalariga tibbiyot muassasasidan chiqishi bilan ularning o‘zlariga yoki qarindoshlari yohud vakillariga qaytariladi. 

Vaqtincha olib qo‘yilgan narsalarni saqlash tegishli tibbiyot muassasalari hamda ichki ishlar, Milliy gvardiya organlarining bo‘linmalari bilan hamkorlikda tashkillashtiriladi. 

Bundan tashqari, ushbu cheklov jismoniy shaxslarning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni himoya qilish imkonini ham beradi. Ayrim hollarda ijtimoiy tarmoqlarda karantin joylariga taalluqli video va fotolar tarqalmoqda. Ko‘plab postlar va roliklarda koronavirusning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, xorijdan kelgan fuqarolarni saqlash sharoitlari to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilmoqda. Shu bilan birga ushbu muassasalarga joylashtirilgan boshqa shaxslarning shaxsiy ma’lumotlarini muhofaza qilish bo‘yicha qonuniy cheklovlarga rioya qilinmayapti. 

Qonunga ko‘ra, jismoniy shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlari sir saqlanadigan ma’lumotlar sanaladi. Yolg‘on ma’lumotlar va sub’ektiv baholar aholi o‘rtasida vahima yoki turli asossiz mish-mishlarning paydo bo‘lishiga olib keladi, bu esa, o‘z-o‘zidan aholining ongli ravishda u yoki bu harakatni sodir etishiga ta’sir ko‘rsatadi. 

Ana shular hamda ushbu vaqtincha cheklovlarning o‘rinli ekanligi bois, ularga tushunish bilan yondashish lozim. Pirovardida, bunday tadbirlar faqat aholi salomatligini muhofaza qilish uchungina amalga oshirilmoqda.

13-savol: Majburiy davolash choralari nechog‘lik qonuniy hisoblanadi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 29-2-moddasiga asosan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilishi mumkin.

Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi 30 sutkagacha bo‘lgan muddatda ma’muriy jazo tayinlash bilan birga qo‘llaniladi hamda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda ijro etiladi.Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasining ijrosi davlat sanitariya nazorati, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar va Milliy gvardiyasi organlari tomonidan ta’minlanadi.

Ushbu talablarni bajarmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy  javobgarlik belgilangan (O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 54-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi).

Ma’lumot uchun: Ushbu tartib  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 176-son «Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida  ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga muvofiq (F-5537-son 29.01.2020-y.), koronavirus infektsiyasi va boshqa o‘tkir respirator kassalliklar bor deb gumon qilinayotgan shaxslarni  majburiy diagnostikadan o‘tkazish belgilangan. 

14-savol: Fuqarolar karantin qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy jazo tayinlash to‘g‘risidagi qarordan norozi bo‘lsalar, sudga murojaat qilishlari mumkinmi?

Javob: Qonunchilikka muvofiq, fuqaro o‘rnatilgan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin. 

Shuni ham ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi  Prezidiumining qaroriga asosan, koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida fuqarolar hujjatlarini sudga faqat elektron shaklda yoki pochta orqali taqdim etishlari tavsiya etilgan. 

Bundan tashqari, sudlarga shoshilinch ishlar (qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish, fuqarolarni tibbiyot muassasalariga joylashtirish, ma’muriy qamoqqa olish, fuqarolarni ruhiy kasalliklar muassasasiga majburiy  joylashtirish (u erda bo‘lish muddatini uzaytirish), fuqarolarni sil kasaliga qarshi muassasaga majburiy joylashtirish (u erda bo‘lish muddatini uzaytirish), fuqarolarni muomala layoqatini belgilash (muomalaga layoqatli deb topish) hamda buyruq tartibida ish yuritishni hal qilishga doir ishlarni ko‘rib chiqish tayinlangan. 

15-savol: Karantin davrida fuqarolar advokatlik xizmatlaridan qay yo‘sinda foydalanishlari mumkin?

Javob: Fuqarolar karantin davrida sanitar qonunchilik me’yorlari yoki  epidemiyaga qarshi kurash qoidalariga rioya etgan holda, advokatlik xizmatlaridan foydalanishlari mumkin. 

Ta’kidlash joizki, sud-tergov organlari tomonidan advokatlarning o‘zlarining avtotransport vositalariga hamrohlik qilgan holda sud-tergov tadbirlarida ishtiroki ta’minlab berilmoqda, shuningdek Advokatlar palatasi va ularning hududiy bo‘linmalari rahbarlariga avtotransport vositalarini boshqarish uchun tegishli ruxsatnomalar (stikerlar) taqdim etilgan. 

Bundan tashqari, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda advokatning shoshilinch ishtirokini ta’minlash  maqsadida  zarur hollarda, adliya organlari tomonidan xizmat avtotransport vositalari bilan ta’minlanadi.

16-savol: Koronovirusga qarshi kurashgan tibbiyot xodimlariga  qo‘shimcha haq to‘lanadi deb eshitdim, ushbu qo‘shimcha haqning miqdori qancha?

Koronavirusdan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob’ektlarda hamda koronavirus infektsiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi:

  • vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga –15 million so‘m;
  • kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m;
  • boshqa xodimlarga – 5 million so‘m.

17-savol: Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan rasmiy tasdig‘ini topmayotgan xabarlar chiqib turibdi. Yolg‘on xabar tarqatganga jazo bormi?

Karantin sharoitida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish – 44 mln 600 ming so‘m miqdorda jarima, 300 soatgacha  majburiy jamoat ishlari va 2 yilgacha ahloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mazkur ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘raytirilgan matnda yohud OAV, shuningdek Internet orqali tarqatish -  44 mln 600 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha jarima, 300 soadan 360 soatgacha  majburiy jamoat ishlari 2 yildan 3 yilgacha ahloq tuzatish ishlari 3 yilgacha ozodlikni cheklash va 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.

18-savol: Koronavirus infektsiyasi bilan zararlangan xodim ishga bormasa, ushbu xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bir tomonlama bekor qilinishi mumkinmi?

Mumkin emas. Ya’ni, koronavirus infektsiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan, shuningdek, 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi (uning o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) bo‘lgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanishi belgilandi.

19-savol: Sharoit taqazosi tufayli bir kunda ko‘plab savdo markazlari va supermaketlarga tashrif buyuraman. Navbat xosil bo‘lganligi sababli ko‘pincha ishlarimni yakunlolmayman. Har bitta shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘rimi?

Yirik dehqon bozorlari va savdo majmualarining (supermarket, gipermarket va boshqalar) kirish-chiqish joylari tegishli mutaxassislar bilan ta’minlagan holda pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlangan.

Bunda ushbu majmualarga tashrif buyurayotgan har bir fuqaroning tana harorati o‘lchanadi hamda 37 S va undan yuqori bo‘lganda, mazkur fuqarolar ushbu majmualarga kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunda ushbu fuqarolarga zudlik bilan tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat etish tavsiya etiladi.

20-savol: Shaharda yashayman. Aylanishga ko‘chaga chiqqandim, ichki ishlar xodimlari ko‘chada maqsadsiz yurganlik uchun javobgarlik belgiladi. Bu to‘g‘rimi?

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlari, Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq, Chirchiq va Yangiyo‘l shaharlarida fuqarolarning uydan ko‘chaga bemaqsad va sababsiz chiqmasliklari uchun majburiy ravishda “o‘zini yakkalash” hayot tarzi joriy etilgan.

Unga ko‘ra, shaxsning o‘zining yashash hududidagi savdo nuqtalarida birinchi galdagi hayotiy zarur bo‘lgan ehtiyojlari (oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalarni xarid qilish va b.) uchun, shifokor ko‘rigiga murojaat etish va ishga borishdan boshqa maqsadlarda chiqishi qat’iyan cheklanadi.

21-savol: Xodim masofaviy ishga o‘tkazilsa, karantin tugagach mehnat ta’tilidan foydalansa bo‘ladimi?

Xodim masofadan ishlash usuliga o‘tkazilganda mehnat ta’tili salanib qoladi. Ya’ni, karantin tugagach mehnat ta’tilidan foydalanishi mumkin. Shuningdek, xodimning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqa olish hamda qonun hujjatlari va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlab qolinadi.

22-savol: Karantin vaqtida beriladigan mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi miqdori qancha?

Karantin e’lon qilinganda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi berilishi mumkin. (Mehnat kodeksi 285-modda). Mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi mehnatda mayib bo‘lgan va kasb kasalligiga chalinganda ish haqining to‘liq miqdorida, boshqa hollarda esa, xodimning davlat ijtimoiy sug‘urtasi badallarini to‘lagan muddatiga (umumiy ish stajiga), qaramog‘idagi voyaga etmagan bolalarining soni va boshqa holatlarga qarab, ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda to‘lanadi.

Shuningdek, Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasining eng kam miqdori qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz bo‘lmasligi va nafaqa hisoblab chiqariladigan ish haqi miqdoridan ortib ketmasligi lozim.

23-savol: Karantin qoidalariga amal qilishni talab qilgan o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan shaxslarga nisabatan kuch ishlatganlik uchun qanday javobgarlik mavjud?

O‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxslarga nisbatan noqonuniy harakatlarni sodir etish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xususan, bunday shaxslarga nisbatan quyidagi harakatlarni  sodir etish, ya’ni:

  • qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etish – 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan;
  • qasddan badanga og‘ir shikast etkazish – 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;
  • qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast etkazish – 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;
  • o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish – 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;
  • haqorat qilish – BHMning 400 baravaridan (89 mln 200 ming so‘m) 600 baravarigacha (133 mln 800 ming so‘m) miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

24-savol: Men Toshkent shahrida istoqomat qilaman. Uyimda it va mushuk boqaman. Karantin davrida ularni uydan olib chiqishim mumkinmi?

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida uy hayvonlari (uy itlari)ni uydan 100 metr atrofida kuniga bir marotaba sayr qildirishga ruxsat beriladi.

25-savol: Karantin hududidan qochib ketganlik uchun qanday jazo bor?

Karantin davrida karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarni karantin muddati tugamasdan o‘zboshimchalik bilan tark etish epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish hisoblanadi. Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish fuqarolarga 4 mln 460 ming so‘madan 6 mln 690 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 6 mln 690 ming so‘mdan 11 mln 150 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qochib ketish natijasida odamlarning ommaviy kassalanishining real xavfi vujudga kelsa yoki ommaviy kasallansa yoxud odam haloq bo‘lsa shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi.

26-savol: Karantin doirasida avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari yopiladi degan gaplar to‘g‘rimi?

Bu ma’lumot yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish, — bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Ushbu ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki ommaviy axborot vositalari, shuningdek Internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali tarqatish — bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

27-savol: Niqob taqmaganga jarima miqdori qancha?

MJtK ning 54-moddasiga asosan jamoat joylarida niqobsiz yurish 1 mln 115 ming so‘m miqdorda jarimi solishga sabab bo‘ladi.

28-savol: Ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlarining xususiy avtomobil haydovchisiga niqobini taqib yurishini talab qilishi qanchalik qonuniy?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 258-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Ichki ishlar vazirligining, Davlat xavfsizlik xizmatining va Milliy gvardiyasining sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi tibbiy xizmatlariga ushbu Kodeksning 53, 54, 55-moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar (shu jumladan, sanitariya-gigiena qoidalarini va atmosfera havosini muhofaza qilish normalarini buzganlik) to‘g‘risidagi ishlar taalluqlidir.

Shunga ko‘ra, ushbu organ xodimlari niqob taqib yurishni talab qilishga haqli.

29-savol: Karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi deyilayapti, nima o‘zgardi, ilgari qanaqa edi?

Xususan, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining:

• tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish;

• karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga etib borish hamda ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik;

• kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi hamda boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaganlik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, buning uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. (Hozirga qadar ushbu muddat 3 yilgacha bo‘lgan). Agar o‘sha harakatlar odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati 5 yildan 7 yilgacha etib, bir qancha  odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa, – 7 yildan 10 yilgacha etib belgilandi. (Ilgari ushbu muddatlar tegishlicha 3 yildan 5 yilgacha hamda 5 yildan 8 yilgacha bo‘lgan).

30-savol: Karantin (cheklovchi tadbirlar) nima degani o‘zi?

Cheklovchi tadbirlar (karantin) — yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma’muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir.

31-savol: Karantin tadbirlarini kimlar belgilaydi?

Cheklovchi tadbirlar (karantin) o‘tkazish tartibi va muddatlari O‘zbekiston Hukumati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi.

32-savol: Xodim karantindan oldin mehnat ta’tili olgan bo‘lsa yoki karantin davrida mehnat ta’tilini olishni hoxlamasa, nima bo‘ladi?

Bunda ish beruvchi va xodimning kelishiviga ko‘ra:

  • xoimni masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigi yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tkazishi;
  • unga ish haqi saqlanmagan holda ta’til berishi mumkin.

33-savol: Bog‘cha va maktabning boshlang‘ich sinfida o‘qiydigan bolalari bor xodimning mehnat ta’tili tugasa, ammo bu vaqtda bog‘cha va maktab faoliyatining to‘xtatilishi davom etsa, xodim nima qilishi kerak?

Xodim ish beruvchining nomiga:

-muddati va sanasi ko‘rsatilgan ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’til olish bo‘yicha;

-masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tkazish bo‘yicha ariza beradi.

34-savol: Karantin davrida plastik kartaning muddati tugab qolsa, uni bankka bormasdan uzaytirish imkoniyati bormi?

Mijozlarning bank kartasi yo‘qotilganda yoki bank kartasining amal kilish muddati tugayotganda yangisiga almashtirish yoxud yangi bank kartalarini ochish borasida tijorat banklari tomonidan ushbu masalalardagi murojaatlarni masofadan turib (onlayn) qabul qilish imkoniyati yaratilgan.

Bunda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar loyihasi doirasidagi bank kartalari bo‘yicha korxona yoki tashkilotlarning bosh hisobchisi yoki korxonaning ishonchli vakili tegishli ma’lumotlar bilan xizmat ko‘rsatuvchi bank filialiga murojaat qiladi.

Aholining shaxsiy bank kartalari bo‘yicha esa, mijoz axborot kommunikatsiya tizimlari orqali tegishli bankka murojaat etadi. Tijorat banklari to‘lovlarni amalga oshirish uchun mijozning bank kartasini mobilь telefon raqamiga biriktiradi. Kartani emissiya qilgan (chiqargan) bank mijozlarga etkazib berish uchun pochta yoki inkassatsiya xizmati yoxud boshqa imkoniyatlardan foydalanishi mumkin.

35-savol:Bog‘cha va maktabning boshlang‘ich sinfida o‘qiydigan bolalari bor xodimga ish haqi saqlanmagan holdagi mehnat ta’tili qancha muddatga beriladi?

Ish haqi saqlanmagan holdagi mehnat ta’tilining muddati bog‘cha va maktab faoliyatining to‘xtatilish muddatidan oshmasligi kerak.

36-savol:Masofadan ish deganda nima tushuniladi?

Masofadan ish deganda, xodimning mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan mehnat majburiyatlarini ish beruvchining joylashgan hududidan tashqarida, bevosita yoki bilvosita nazoratida bo‘lgan doimiy ish joyi, hudud yoki ob’ektdan tashqarida bajariladigan ish usuli tushuniladi.

37-savol:Xodim masofavish ishga o‘tkazilganda ishning vaqti va tartibi qanday belgilanadi?

Xodim ish vaqtining davomiyligi va tartibini ishlab chiqarish topshirig‘ining hajmi va mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan boshqa shartlardan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilaydi. Ish jadvali taraflar kelishuviga binoan belgilanadi.

38-savol:Masofadan turib ishlayotgan xodimga ish haqi bo‘yicha imtiyozlar belgilanadimi?

Masofaviy ishda ishlovchi xodim ish vaqtini o‘z xohishiga ko‘ra taqsimlanishini hisobga olgan holda, u tomonidan bajarilgan ishlar uchun bir baravar miqdorda mehnat haqi to‘lanadi. Bunda xodimga nisbatan ish vaqtidan tashqari ish, dam olish va bayram kunlaridagi ish, shuningdek tungi vaqtdagi ish uchun mehnatga haq to‘lash shartlari qo‘llanilmaydi.

39-savol: Masofaviy ishga vaqtincha o‘tkazilgan xodimning ish haqi qanday amalga oshiriladi?

Masofaviy ishga vaqtinchalik o‘tkazilgan xodimning mehnatiga haq to‘lash quyidagicha amalga oshiriladi:

mehnatga haq to‘lashdagi soatbay asosida — xodimning masofaviy ishga o‘tkazilgunga qadar belgilangan tarif stavkasi (lavozim okladi)dan kelib chiqqan holda;

mehnatga haq to‘lashdagi ishbay asosida — o‘rnatilgan narxlardan kelib chiqqan holda.

40-savol:Xodim mehnat ta’tilida yoki masofadan turib ishlayotgan bo‘lsa va bu vaqtda bog‘cha va umumta’lim muassasalari faoliyati tiklansa nima bo‘ladi?

Xodim ish beruvchining nomiga muddatidan oldin ishga chiqish bo‘yicha yozma ravishda ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

41-savol: Karantin sharoitida tibbiy majburlov chorasini kim ta’minlaydi?

Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining ijrosi davlat sanitariya nazorati organi, ichki ishlar hamda Milliy gvardiya organlari tomonidan qo‘llaniladi.

42-savol: Bozorda ishlayman. Har kuni bozorni dezinfektsiya qilishadi. Mahsulotlarimni har kuni yig‘ishtirishga to‘g‘ri keladi. Har kuni dezinfektsiya qilish to‘g‘rimi?

To‘g‘ri. Yirik dehqon bozorlari va savdo majmualari (supermarket, gipermarket va boshqalar) hamda karantin tadbirlari uchun ajratilgan joylarda dezinfektsiya ishlari muntazam ravishda majburiy tartibda amalga oshirib boriladi.

43-savol: Mashinamda magazinga borgan edim. Yo‘l-patrulь xizmati xodimi maxsus ruxsatnoma yo‘q degan vaj bilan mashinani jarima maydonchasiga olib bordi. Bu to‘g‘rimi?

To‘g‘ri. Karantin talablarining ijrosini so‘zsiz ta’minlash hamda maxsus ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan holda harakatlanayotgan avtotransport vositalarini huquqbuzarlik davom ettirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida istisno tariqasida ichki ishlar organlari yo‘l-patrulь xizmati xodimlari tomonidan karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turiladi.

44-savol: Maxsus ruxsatnomasiz mashina haydash qancha miqdordagi jarimaga sabab bo‘ladi?

Karantin davrida maxsus ruxsatnoma olish talab qilingan avtomashinada maxsus ruxsatnomasiz ko‘chada harakatlanish epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish hisoblanadi. Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish fuqarolarga 4 mln 460 ming so‘madan 6 mln 690 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 6 mln 690 ming so‘mdan 11 mln 150 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

45-savol:Karantin davrida turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarga imtiyozlar berilganmi?

Turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar er va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etiladi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi.

46-savol: Yakka tartibdagi tadbirkorman. Karantin davrida menga qanday engillik bor?

Karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatiladi.

47-savol: Tadbirkorlik tushumi o‘tgan oyga nisbatan 50 foizga kamaydi. Imtiyozlardan foydalanishim mumkinmi?

Tushumi o‘tgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes sub’ektlariga aylanmadan olinadigan soliq, er solig‘i, mulk solig‘i, ijtimoiy soliq va suv solig‘ini to‘lash muddati shu yil 1 oktyabrga qadar kechiktiriladi. Tadbirkorlar bu imtiyozlardan soliq idorasini uydan turib xabardor qilishi mumkin.

48-savol: Yuridik shaxslarga tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun karantin vaqtida qanday imtiyozlar mavjud?

Joriy yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxslarning tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushiriladi.

49-savol: Kredit bo‘yicha ham imtiyozlar belgilandimi?

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan yordam berish ko‘lami yanada kengaytiriladi. Hozirgi kunda tadbirkor olgan kredit stavkasi 24 foizgacha bo‘lganda uning 8 foizini jamg‘arma qoplab berar edi. Endi kredit stavkasi 28 foizgacha bo‘lganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi.

50-savol: Bojxona sohasi bo‘yicha imtiyozlar belgilanganmi?

Shu yil yakuniga qadar un, o‘simlik yog‘i, go‘sht va sut mahsulotlari, shakar, gigiena vositalari kabi asosiy iste’mol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aktsiz solig‘i undirilmaydi.

51-savol: Bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olish bo‘yicha karantinda qanday engilliklar belgilangan?

Joriy yil mart-iyunь oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni to‘lash uchun qo‘shimcha murojaat va hujjatlar talab etilmaydi. Ular avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi. Ushbu davrda boshqa muhtoj oilalarga ham shunday nafaqalar tayinlash davom ettiriladi.

52-savol: Bir tanishim tibbiyot xodimlarining tibbiy tekshiruvdandan o‘tish to‘g‘risidagi talabini bijarmaganligi sababli jarimaga tortilibdi. Shu to‘g‘rimi?

Ha to‘g‘ri, Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining:

  • tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish;
  • karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga etib borish hamda ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik;
  • kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, fuqarolarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 460 ming so‘mdan 6 mln 690 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga  BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (6 mln 690 ming so‘mdan 11 mln 150 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

53-savol: Karantin davrida ish beruvchining qanday majburiyatlarni amalga oshirishi kerak?

Karantin (cheklovchi tadbirlar) sharoitida ish beruvchi:

  • ishlab chiqarish va sanitariya-maishiy binolarga, xodimlarning mehnat qilish, dam olish tartibiga doir sanitariya va gigiena normativlariga rioya etishi;
  • yuqumli va parazitar kasalliklar manbai bo‘lgan,  shaxslarni vaqtincha ishdan chetlashtirishi;
  • xodimlarning ishlab chiqarish sanitariyasi talablariga rioya etishlarini doimiy ravishda tekshirib borishi;
  • xodimga karantin e’lon qilinganda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini to‘lashi;
  • mehnatni muhofaza qilishga oid talablarni buzganlikda aybdor xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortishi;
  • xodimlarning shaxsiy himoya vositalarini olish, saqlash, dezinfektsiya qilish va zararsizlantirishni o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirishi lozim.

54-savol: Karantin davrida ishdan chetlatilgan xodimga nafaqa to‘lanadimi?

Qonunchilikka ko‘ra, agarda xodim karantin vaqtida sanitariya-epidemiologiya  organlari tomonidan atrofidagi shaxslar orqali yuqumli kasallikka chalinish xavfini oldini olish maqsadida ishdan chetlatilgan bo‘lsa davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa beriladi. Bunday nafaqaning eng kam miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 35,2 foizidan oz bo‘lmasligi va nafaqa hisoblab chiqariladigan ish haqi miqdoridan ortib ketmasligi lozim.

55-savol: Ishga borib kelishda velosipeddan foydalanaman. Bir safar yo‘l-patrul xizmati xodimi mendan mehnat daftarchamning nusxasini so‘radi. Bu qonuniymi?

To‘g‘ri. Velosiped yoki skuterda bo‘lgan vaqtingizda sizning yoningizda pasport, ish joyining guvohnomasi yoki mehnat daftarchasining nusxasi va aynan shu davrda ishga jalb etilganlingiz to‘g‘risidagi tashkilot rahbarining ma’lumotnomasi kerak bo‘ladi.

56-savol: Bugungi kunda byujet tushumlari nimaga ishlatiyapti o‘zi?

“Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qaroriga ko‘ra Byudjet tushumlari birinchi navbatda:

  • koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarga, jumladan dori vositalari va tibbiyot buyumlari sotib olish, tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruktsiya qilish;
  • ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lashga;
  • oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish, kommunal to‘lovlar va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan xarajatlarni qoplashga;
  • inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining qaroriga asosan boshqa tadbirlar va xarajatlarga yo‘naltiriladi.

57-savol: Men ayni vaqtda AQShdaman. Viza muddatim tugashiga oz qoldi. Bilamizki, AQShda migratsiya masalasi jiddiy. Hozir men qanday yo‘l tutishim kerak? Viza muddati tugasa, mamlakatda bo‘lish qonunini buzgan hisoblanib qolmaymanmi? Bu keyingi safar mamlakatga kirishim uchun viza olishimda o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmaydimi?

AQShda bo‘lib turgan ba’zi O‘zbekiston fuqarolari vizalari muddati tugayotgani va reyslar bekor qilinganini inobatga olib, Vashington shahridagi elchixona 2020-yil 17-mart kuni AQSh Davlat departamentiga O‘zbekiston fuqoralarining viza muddatlarini uzaytirishda engillik berish, ularning murojaatlarini tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqishni so‘rab rasmiy nota yuborgan.

Mazkur nota AQSh Davlat departamenti tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, bu masala bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmagan.

58-savol: Karantin va "o‘zini yakkalash" (samoizolyatsiya) — farqi nimada?

O‘zini yakkalash" — bu karantinga oid chora-tadbirlarning bir qismi. Karantinga olingan shaxslar tibbiyot yoki sanitariya-epidemiologiya xodimlarining doimiy kuzatuvi va nazorati ostida bo‘ladi. "O‘zini yakkalash" hayot tarzida esa fuqaro tibbiy kuzatuv yoki nazorat ostida BO‘LMAYDI.

59-savol: Ko‘chaga nonga chiqqanimda velosipedimni olib qo‘yishdi. Qonunan to‘g‘rimi shu? Qaytarib olish tartibi qanday? Avtotransportga o‘xshab jarima puli to‘lamaymizmi?

Xukumat komissiyasining qarori Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralariga karantin qoidalarini buzib, bemaqsad ko‘chada yurgan fuqarolarga qat’iy chora ko‘rish huquqini bergan.

Bular ichida:

  • qoidabuzarlarning avtotransport vositalarini karantin tugaguncha jarima maydonlarida saqlash, bunda jarima maydonida saqlanayotgan transport vositasini kunlik to‘lovi to‘liq tartibda undirib olinadi;
  • ko‘chaga bemaqsad chiqqan fuqarolarga tegishli velosiped va skuterlarni olib qo‘yib, ichki ishlar organlarida karantin tugaguncha saqlash, bunda KUNLIK TO‘LOV YO‘Q, karantin tugugandan keyin shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bilan kelib olib ketishingiz mumkin;
  • ko‘chaga bemaqsad chiqqan piyoda fuqarolarni to‘xtatib, ularni ogohlantirish, ulardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini talab qilish, hujjati bo‘lmasdan shaxsini aniqlashga zarurat tug‘ilsa, ichki ishlar organlariga olib borish, qarshilik ko‘rsatgan fuqarolarga qat’iy huquqiy choralar ko‘rish va xokazo.

60-savol: FDHYo bo‘limlari tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bermayotgani to‘g‘rimi?

Bugungi kunda FHDYo organlari tomonidan fuqarolarni qabul qilish xodimlarning navbatchiligi asosida tashkil qilingan. Kechiktirib bo‘lmaydigan holatlardagina tug‘ilish va o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish va guvohnomalar berish to‘xtalgan emas.  Tug‘ilish guvohnomasi olish uchun o‘zingiz doimiy yashab turgan yoki bola tug‘ilgan joydagi FHDYo bo‘limlariga murojaat qilib guvohnoma olishingiz mumkin.

61-savol: Nima uchun savdo shaxobchalari yopilayotgan davrda spirtli ichimliklar sotuvchi shaxobchalar faoliyat olib bormoqda, bu zaruriy oziq-ovqat emasku. Shularni yopib qo‘ysak bo‘lmaydimi?

Agar spirtli ichimliklarni yoki sigaret mahsulotlarini savdosini to‘xtatib qo‘yilsa, odamlar bu mahsulotni uyda qo‘lbola tayyorlashni boshlaydilar. Bu esa o‘z navbatida ko‘plab og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

62-savol: Karantin amal qilayotgan joyga, yangi olib kelingan odamlarni kiritishaversa, karantin muddati bir-biriga qo‘shilib ketaverib, odamlar uzoq vaqt karantinda qolib ketmaydimi?

Statsionar sharoitda shifoxona, sihatgoh, oromgoh, profilaktoriy va boshqa muassasalarda epidemik noxush hududlardan uyushgan holda olib kelingan fuqarolarimiz uchun karantin o‘rnatiladi. Bir marotaba joylashtirilgan guruh to‘liq 14 kunlik karantinni o‘tab bo‘lmaguniga qadar, boshqa guruhlar yoki shaxslar ular orasiga qo‘shilmaydi. Karantindagilar chiqib ketganidan keyin, ushbu muassasalarda dastlab dezinfektsion vositalar bilan ishlov beriladi, ma’lum vaqt ekspozitsiya qilingandan so‘ng, yaxshilab tozalanadi va keyin boshqa guruh joylashtirilishi mumkin.

63-savol: Yangi tashkil etilayotgan koronavirus shifoxonalariga ishlagani bormoqchi bo‘lganlarning ro‘yxatini kim shakllantiryapti?

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari bu kabi ro‘yxatlarni shakllantirib, sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etishadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion Sog‘liqni Saqlash milliy palatasi ham bu kabi murojaat qilganlarning ro‘yxatini shakllantirib sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etmoqda.

64-savol: Koronavirus sababli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ishga borishi taqiqlangan bo‘lsa ham, JDPI rektori professor-o‘qituvchilarni ishga kelishini talab qilmoqda, bunga amal qilish kerakmi?

Oliy va o‘rta maxsus vazirining 2020-yil 27-martda «Oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limni joriy etish to‘g‘risida»gi №233-sonli buyrug‘i qabul qilingan.

Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalar uchun masofaviy ta’limni oliy ta’lim muassasasi (bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, magistratura mutaxassisligi) xususiyatiga muvofiq metod va texnologiyalarda joriy etiladi va shu asosida o‘qitish tashkil etiladi.

Tasdiqlangan reja-grafiklar asosida fanlarning elektron o‘quv resurslari ishlab chiqiladi hamda masofaviy ta’lim platformasiga joylashtirib boriladi. Masofaviy faoliyat professor-o‘qituvchilar tomonidan maxsus reja va dastur, grafik asosida  bajariladi.

65-savol: Men bitiruvchi kurs talabasiman. Bizning amaliyotimiz yakuni etmay qoldi. Karantin davri tugagandan keyin amaliyotimizni davom ettiramizmi? Bitiruv ishlarimiz nima bo‘ladi? Diplom olishimiz kechikadimi?

Bitiruvchi kurs talabalari o‘quv mashg‘ulotlari deyarli yakunlanganini inobatga olib, yakuniy davlat attestatsiyasini davlat imtihoni shaklida (onlayn test sinovlari, onlayn himoya va boshqa shakllarda) o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Talabalardan asosiy talab — karantin qoidalariga amal qilgan holda uyda ko‘proq kitob o‘qish va o‘quv rejasidagi fanlarni mustaqil o‘zlashtirishdir.

66-savol: Men Rossiya Federatsiyasida tibbiyot ta’lim yo‘nalishida o‘qiyman. Xabarimiz bor, 16-martdan O‘zbekistonda karantin e’lon qilindi. Bu erdagi o‘zbekistonlik talabalar bilan murojaat kilishga qaror qildik. Hozir bu erda ham kasallar bor. Biz o‘qishimizni O‘zbekistonga qo‘chirmoqchimiz. Shunga yordam berishingizni so‘raymiz!

Talabalarni o‘qishlarini ko‘chirish bo‘yicha komissiya iyulь oyining 15 sanasidan faoliyatini boshlaydi. O‘sha vaqtdan boshlab fuqarolar ariza bilan murjaat qilishlari mumkin.

67-savol: Agar boshqa viloyatda yashaydigan yaqin qarindoshlarining, masalan ota-onasining dafn marosimiga borish zarur bo‘lsa, qanday yo‘l tutish kerak?

Afsuski, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘rnatilgan cheklov barchaga istisnosiz taalluqli bo‘lib, boshqa viloyatda bo‘lgan yaqin qarindoshlaringizning dafn marosimida qatnashib bo‘lmaydi.

68-savol: Tibbiyot muassasasidan uyiga javob berilgan fuqaroni bir viloyatdan boshqa viloyatga olib o‘tish qanday bo‘ladi?

Agar og‘ir kasal bo‘lgan fuqaroni, masalan Toshkent shahridan o‘zining doimiy yashaydigan boshqa viloyatiga olib borish zarur bo‘lsa, uning xaqiqatdan o‘sha viloyatda ro‘yxatda turganligini isbotlovchi pasporti va sog‘liqni saqlash xodimlarini tegishli xulosasi asosida postlardan olib o‘tilishi va uyiga eltib qo‘yish mumkin.

Kasalni uyiga olib borgan fuqaro, karantin cheklovlari tugamaguncha ortga qaytolmaydi.

69-savol: Oziq-ovqat do‘konlari ham dezinfektsiya qilinadimi? Agar dezinfektsiya qilinsa mahsulotlar mazasi va sifati o‘zgarmasligiga kim kafolat beradi?

Oziq-ovqat mahsulotlari do‘konlarida xam zararsizlantirish ishlari olib boriladi. Mahsulotlar ifloslanmasligi uchun ular albatta o‘ramlarda bo‘lishi shart.

O‘rami buzilgan va ochiq holatda saqlanayotgan maxsulotlarni kleyonka, tsellofan va boshka zararsizlantiruvchi eritmalarni o‘tkazmaydigan vositalardan foydalanish talab etiladi.

70-savol: Koronavirus bilan shifoxonadan chiqqandan keyin uyda nimalarga rioya qilish kerak?

Bemor shifoxonadan chiqqandan keyin shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilishi, ya’ni ko‘lni tez-tez yuvishi, xonani shamollatib turishi va uyda odamlarni ortiqcha yig‘ilishiga yo‘l qo‘ymaslik, tibbiy xodimlar kuzatuvida bo‘lishlari va ular tavsiyalariga rioya eishlari kerak.

71-savol: Karantin rejimi vaqtida pochta orqali mahalliy pul o‘tkazmalari xizmati ishlayaptimi? Qanday tartibda ishlamoqda bu bo‘yicha aholiga qanday imkoniyatlar yaratilmoqda?

Pochta orqali mahalliy pul o‘tkazmalari xizmati ishlamoqda. Karantin vaqtida Pochta aloqasi orqali mahalliy pul o‘tkazmalari tariflari 50% gacha arzonlashtirildi.

Aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida «O‘zbekiston pochtasi» aktsiyadorlik jamiyati 2020-yil 30 aprelgacha maxsus aktsiyalar e’lon qilib, shu asosda ishlarni tashkil qilmoqda. «O‘zbekiston pochtasi» AJ boshqa davlatlardan barcha turdagi pochta jo‘natmalarini sanitariya-epidemiologik jihatdan xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rgan holda qabul qilmoqda va yubormoqda.

72-savol: Seximiz tayyor kiyim mahsulotlari ishlab chiqaradi. Hozirda tibbiyot niqoblariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, niqob ishlab chiqarmoqchimiz. Buning uchun maxsus ruxsatnoma olishimiz kerakmi yoki qanday talablar mavjud?

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2020-yil 20-martdagi 114-son “Tibbiy buyumlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi buyrug‘i davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Unga ko‘ra, tibbiyot niqoblari Tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqarildi.

Endilikda, tibbiy niqobni ishlab chiqarish, tayyorlash hamda uni realizatsiya qilish uchun litsenziya talab etilmaydi.

73-savol: Karantin xolatda farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya muddatini qanday uzaytirsa bo‘ladi?

Tibbiy hamda farmatsevtika faoliyatlariga  2020-yilning 1 aprelidan boshlab litsenziya berish, amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish, yangi litsenziya bitimi imzolash to‘g‘risidagi arizalarni (yangi tashkil etilayotgan farmatsevtika korxonalariga dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish uchun litsenziya berish bundan mustasno) qabul qilishni 2020-yilning 1-mayiga qadar to‘xtatildi.

Bunda, tibbiy va farmatsevtika faoliyatlariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish hamda litsenziyani qayta rasmiylashtirish talab etiladigan litsenziyalarning amal qilish muddati ariza berish muddatini inobatga olgan holda 2020-yilning 1-iyuliga qadar, etib belgilandi.

74-savol: O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha olib kirilgan xorijiy avtotransport vositalarining vaqtincha bo‘lish muddati o‘tib qolsa, nima qilish mumkin?

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 27-martdagi yig‘ilish bayoni asosida, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilib, 2020-yil hisobidan qaytarib olib chiqish muddati tugaydigan engil xorijiy avtotransport vositalariga, bojxona organlariga murojaat qilgan taqdirda, istisno tariqasida yig‘imlar hisoblanmasdan hamda bojxona qoidalari buzilishi holatlari yuritilmasdan joriy yil 1-iyuniga qadar respublikadan olib chiqilishiga ruxsat berildi.

75-savol: Respublika hududiga olib kirilayotgan oziq-ovqat va dori vositalarini bojxona rasmiylashtiruvida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Bojxona chegarasi orqali o‘tkazilayotgan zarur dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, ularni ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan materiallar va substantsiyalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha bojxona bojlaridan imtiyozlar berilishi nazarda tutildi.

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasiga ayrim tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlarga uch oygacha bo‘lgan muddatga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz amal qilishi to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi berildi. Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan bojxona chegarasi orqali o‘tkazilayotgan zarur oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari, tibbiy buyumlar «yashil» yo‘lak tizimida soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilmoqda.

76-savol: Men uy karantinidaman. Karantindan keyin qanday choralar ko‘zda tutilgan? Karantin davri tugaganidan so‘ng ruxsat berish jarayoni tartibi haqida ma’lumot bersangiz?

14 kun davom etadigan izolyatsiya holatidan keyin, kasallik alomatlari yo‘qligi tasdiqlangach, ya’ni izolyatsiyaning 10-kunida olingan laboratoriya tahlillarining manfiy natijalariga asosan, yakuniga etadi.

77-savol: Karantin davrida ayrim xususiy maktab o‘qituvchilariga qiyin bo‘lmoqda, ularga oylik maosh berilmayapti. Maktab rahbariyati bunga sabab qilib ota-onalar farzandlari uchun to‘lov qilishga norozi ekanliklarini aytishmoqda. Bu holda nima qilish lozim?

Nodavlat ta’lim tashkilotlarida bunday masalalar ta’sischi tomonidan hal qilinadi.

Bundan tashqari, ta’lim tashkiloti va pedagog xodim o‘rtasida tuzilgan shartnomada fors-major holatlarida, xususan karantin davrida qanday harakatlanish ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Agar shartnomada bunday holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, karantin davrida ta’lim jarayoni to‘xtatilganligi va ta’lim oluvchilarga ta’til berilganligini inobatga olib,  tomonlar o‘zaro kelishib olishlari lozim.

Chunki pedagog xodimga to‘lanadigan pul mablag‘lari ta’lim oluvchilar tomonidan shartnoma asosida to‘lanadigan badal to‘lovlari hisobidan shakllantiriladi. Bunday vaziyatlarda agar ta’sischining to‘lov qobiliyati bo‘lmasa, mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan pedagog xodimga ish haqi saqlanmagan holda ta’til berish, agar xodim fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlayotgan bo‘lsa shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali masalani hal etish maqsadga muvofiq.

 Shuningdek, ayrim xususiy ta’lim muassasalari tomonidan shu maktabda faoliyat olib boruvchi o‘qituvchilar tomonidan masofaviy darslar o‘tilmoqda va buning uchun ularga xususiy maktab rahbari tomonidan oylik maosh to‘lanmoqda. Shu sababli ota-onalar farzandining badal to‘lovini taxminan 50 foizini to‘lashmoqdalar.

Bu hozirgi davrda eng optimal variant ekanligini inobatga olib, barcha xususiy maktablar ushbu tizimni joriy etishi maqsadga muvofiq.

78-savol: “Karantin sentyabrgacha cho‘zilarkan”, “30-maygacha davom etarkan” degan xabarlar ijtimoiy tarmoqlar tarqatilmoqda. Bu xabarlar aholi o‘rtasida turli xil gap-so‘z va vahimalarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtai nazardan, karantin qachongacha davom etishi haqida ommaga aniq rasmiy ma’lumot berishingizni so‘raymiz.

Karantin qachon tugashi haqida hali aniq ma’lumot mavjud emas. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish sonining qisqarishi bilan karantin holati Maxsus komissiyaning qarori bilan bekor qilinishi mumkin.Bu haqida esa tegishli ravishda OAVda aholiga rasmiy ma’lumot beriladi.

79-savol: Oziq-ovqat do‘konlari faoliyati soat 19-00 dan keyin yopilishi shartmi?

Yo‘q. Respublika maxsus komissiyasining bugungi kunga qadar o‘tkazilgan yig‘ilishlarida oziq-ovqat do‘konlari faoliyatini cheklash nazarda tutilmagan.

Tadbirkorlik sub’ektlari ish rejimlarini mustaqil belgilash huquqiga ega va balki shaxsiy xavfsizlik nuqtai nazaridan do‘konlarni odatdagi vaqtdan biroz erta tugatayotgan bo‘lishi mumkin.

80-savol: Men bo‘lib turgan davlatda deportga tushib qoldim. Karantin sababli O‘zbekiston elchixonasiga borolmayapman. Nima qilsam bo‘ladi?

Hozirgi sharoitda chet davlatlardagi fuqarolarimizning mamlakatimiz elchixonalariga yoki konsullik muassasalariga shaxsan tashrif buyurishlariga xojat yo‘q. Hamyurtlarimiz diplomatik vakolatxonalarimiz bilan telefon yoki elektron pochta orqali bog‘lanishlari va savollariga javob olishlari mumkin.

81-savol: Viloyatlik talabalarning karantin davrida o‘z uylarida yashaganligi bois talabalar turar joyi uchun to‘lov pullari qaytarib beriladimi?

Oliy ta’lim muassasalari talabalar turar joyida yashovchi talabalar o‘quv yili uchun belgilangan to‘lovlarni to‘liq amalga oshirgan bo‘lsalar, foydalanilmay qolgan oylariga to‘langan mablag‘lari talabaning yozma murojaatiga asosan qaytarib beriladi yoki uning roziligi bilan keyingi o‘quv yiliga o‘tkazilib, yotoqxonada yashashi uchun qayta hisoblab beriladi.

82-savol: Talabalar masofadan o‘qishayapti, ularning kontrakt pulida o‘zgarish bo‘ladimi?

2020-yilning 1 aprelidan boshlab, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun masofaviy ta’lim berish joriy etilganligi munosabati bilan uni tashkil etish va moddiy bazasini yaratishga oliy ta’lim muassasalari tomonidan qo‘shimcha mablag‘lar sarflanmoqda.

Masofaviy ta’lim bevosita (muloqotdagi auditoriya mashg‘ulotlari) o‘quv jarayoni grafigining ikki oyi bo‘yicha kiritilayapti. Demak, talabalar tomonidan joriy o‘quv yili uchun belgilangan kontrakt to‘lovlari to‘liq amalga oshirilishi lozim.

83-savol: Viloyatlik talabalar onlayn darslar bilan shug‘ullana olmayotganliklari sabab imtihon topshirolmayapti. Demak, stipendiya ham olishmaydi. Muammoni qanday hal qilish mumkin?

Ayni vaqtda hech qanday imtihonlar belgilanmagan. Talabalar mart oyi uchun to‘liq stipendiya olishdi. Quyidagi talabalarga stipendiya berilmadi:

  • fanlardan qarzdorligi mavjud talabalarga;
  • belgilangan muddatda kontrakt pulini to‘lmaganlarga;
  • stipendiyasiz kontrakt pulini to‘laganlarga.

2020-yil 15-apreldan e’tiboran aprelь oyi stipendiyalarini plastik kartochkalarga ko‘chirish boshlangan.

84-savol: Karantin paytida OTMda ichki va tashqi o‘rindoshlik asosida ishlayotgan o‘qituvchilarga oylik maosh berilayaptimi?

Masofaviy ta’lim jarayoniga jalb etilgan professor-o‘qituvchilarga, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlayotgan o‘qituvchilarga ham muayyan oyda bajargan yuklamalari uchun belgilangan tartibda ish haqi to‘lanishi shart.

85-savol: Masofaviy darslar ta’lim sifati pasayishiga olib kelmaydimi?

Masofaviy ta’limni tashkil etishda yuzaga kelgan muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Masofaviy ta’limda ishtirok etishga real imkoniyati bo‘lmagan talabalarning murojaatlari individual tartibda ko‘rib chiqiladi va dasturni o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat berish to‘g‘risida OTM qaror qabul qilishi mumkin. Masofaviy ta’lim orqali o‘zlashtirish mumkin bo‘lmagan laboratoriya mashg‘ulotlari va amaliyotlar kelgusi o‘quv yiliga o‘tkazilishi mumkin.

86-savol: Qo‘shni davlatlardan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan talabalarning o‘qishni davom ettirish tartibi qanday yo‘lga qo‘yiladi?

Joriy yil 15-fevralgacha hujjat topshirgan talabalar tegishli oliy ta’lim muassasalariga murojaat qilishlari lozim.

Oliy ta’lim muassasalari tomonidan ushbu talabalarning masofaviy ta’lim jarayonlarida ishtirok etish bo‘yicha rektor farmoyishi chiqarilgan.

Bu farmoyish bilan OTMning rasmiy veb-sayti orqali tanishish mumkin.

87-savol: Karantin cho‘ziladigan bo‘lsa, pedagog kadrlar attestatsiyasini uyda onlayn tashkil etsa bo‘lmaydimi?

Bunga hozircha zaruriyat yo‘q. Sababi attestatsiya har yili mart-iyunь oylarida o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Demak, bu hududlardagi attestatsiya jarayonlarini aprelь oyida o‘tkazilishi shart degani emas. Shunday ekan, buni belgilangan tartib asosida karantin holati tugashi bilan o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

88-savol: Karantin davrida xususiy maktablar moliyaviy qiyin ahvolga tushdi, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun qanday ishlar rejalashtirilmoqda?

Nodavlat ta’lim tashkilotlarining aksariyati qisqa muddatlarda o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib o‘quvchilariga masofadan ta’lim berishni yo‘lga qo‘ydi.

Bu bilan xususiy ta’lim tashkilotlarida mavjud qiyinchiliklarga qaramay o‘z hodimlariga va pedagog kadrlariga maosh to‘lash imkoniyatini yaratdi. Ta’lim inspektsiyasi tomonidan respublikamizdagi barcha nodavlat ta’lim muassasalari faoliyati, ulardagi muammolar o‘rganilmoqda.

Hozirda tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda o‘quvchisi kamroq bo‘lgan va o‘z faoliyatini moliyalashtirishga qiynaladigan maktablarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

89-savol: Xorijda tahsil olganman, diplomimni nostrifikatsiya qilish bo‘yicha hozirgi karantin davrida elektron onlayn hujjat topshirsam bo‘ladimi? Imtihon jarayoni-chi, uyda o‘tirib masofadan imtihon topshirsak bo‘ladimi?

Fuqarolar xozirgi karantin davrida uydan chiqmay turib xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (https://my.gov.uz/uz)  orqali ariza berishlari va hujjat topshirishlari mumkin.

Davlat xizmatlari agentligining mobil ilovalaridan foydalangan holda ham davlat xizmatlari markazlari orqali ariza berish imkoni mavjud. Karantin e’lon qilingandan buyon Ta’lim sifatini nazorat qilish inspektsiyasiga ayni shu masala yuzasidan 100 dan ortiq talabgor murojaat qilgan va hujjatlarini topshirgan.

Xozirda ekspertlar tomonidan xujjatlar masofaviy tarzda o‘rganilmokda. Ammo ushbu jarayonda belgilangan mutaxassislik fanlari bo‘yicha sinov testlarini masofadan turib onlayn rejimda topshirish MUMKIN EMAS.

Chunki, amaldagi tartibga muvofiq, Ekspert komissiyasi a’zosi hamda Ta’lim inspektsiyasining mas’ul xodimi test jarayonini bevosita kuzatib borishi belgilangan.

90-savol: O‘qishga qabul jarayoni karantin tufayli odatdagidek bo‘lmasligi ehtimoli yuqori. Shunday paytda chet elda va onlayn ta’lim bo‘yicha qabullarni taklif qilayotgan firmalarning faoliyati qonuniy ekanini qanday ajratish mumkin?

Bugungi kunda yurtimizda nodavlat ta’lim tashkilotlari soni va yo‘nalishlari oshgani, ular faoliyatini tashkil etishda, xalqaro tashkilotlar, xorijiy OTMlari bilan faol hamkorlik qilinayotganligini e’tirof etib o‘tish lozim.

Biroq ayrim holatlarda mazkur muassasalar faoliyati, vazifasi va vakolati bilan bog‘liq masalalarning NOTO‘G‘RI tushunilishi yoki talqin qilinishi sababli fuqarolarimizda ayrim nodavlat ta’lim tashkilotlari haqida xolis axborot olishga bo‘lgan ehtiyoj paydo bo‘lmoqda.

Avvalo, o‘qishga qabulni taklif etayotgan xorijiy ta’lim tashkiloti (muassasasi) o‘z davlatida ta’lim faoliyati litsenziyalangan va vakolatli organ tomonidan akkreditatsiyalangan bo‘lishi lozim. Shuningdek, O‘zbekistonda ham oliy ta’limni taklif qilayotgan nodavlat ta’lim muassasasi litsenziyaga ega bo‘lishi kerak.

Nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziya berish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Shuni yodda tutish muhimki, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan yoki belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tmagan ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomlar nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlar tomonidan ham TAN OLINMAYDI!

91-savol: Pensionerlarga bank plastik kartasi ochish uchun qancha haq olinadi?

Pensiya va nafaqa oluvchilarga bank plastik kartalarini ochish uchun fuqarolardan hech qanday to‘lov va haq olinmaydi.

92-savol: Bizning mahallaga har oyning 20-21 sanasida bank kassasi kelib, pensiya tarqatar edi. Plastik kartalarga ham shu sanada pul tushadimi?

Pensiya va nafaqalar bank plastik kartalariga har oyning boshida moliyalashtirib beriladi.

93-savol: Yoshga doir pensiyaga chiqish uchun hujjat topshirmoqchi edim. Karantin sababli pensiya hujjatlarimni yig‘ishda kechikish bo‘lsa, 2 oylik pensiyam kuyib ketadimi?

Yoshga doir pensiya — agar pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab 60 kun ichida uni so‘rab murojaat etilgan bo‘lsa, pensiya yoshiga to‘lgan kundan e’tiboran tayinlanadi. Davlat pensiyalaridan biriga huquqi karantin davrida paydo bo‘lgan fuqarolarga, karantin tadbirlari tugagandan keyin 1 oy davomida pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasi bo‘limlariga murojaat etish huquqi berildi.

Bu holatda ularga pensiyalar karantin cheklovlari davridagi huquqi paydo bo‘lgan sanadan tayinlanadi.

94-savol: Yaqinda farzandli bo‘ldik, suyunchi (puli) nafaqasi uchun murojaat qilmoqchi edim. Belgilangan muddatda topshirmasam, suyunchi puli kuyadimi?

Bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa (suyunchi) bola tug‘ilgan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilinganda to‘lanadi.

Bola tug‘ilganda beriladigan nafaqaga huqingiz karantin davrida paydo bo‘lgan bo‘lsa, karantin tadbirlari tugagandan keyin 1 oy davomida ushbu nafaqani olish uchun o‘rnatilgan tartibda murojaat etishingiz mumkin.

95-savol: Karantin davrida birja savdolarida sotilayotgan unning narxi oshib ketyapti. Bu nima bilan bog‘liq?

Joriy yilning 16-martidan birjaning un bozorida talab o‘sishi kuzatilmoqda. Xususan, mart oyining boshlarida un bo‘yicha birja savdolarida o‘rtacha 1 800 ta xaridor ishtirok etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni o‘rtacha 4 500 taga etdi.

Ayni paytda birja savdolariga har kuni o‘rtacha 6 900 tonna 1-navli un qo‘yilmoqda va ularning hammasi sotilmoqda. Bularning natijasida ko‘rib chiqilayotgan davrda unning o‘rtacha haftalik kotirovkasi, ya’ni narxi bir kilogrammi uchun 2 494 so‘mdan 2 471 so‘mgacha PASAYDI.

96-savol: Karantin davrida birjaga borish imkoniyati bo‘lmayapti. Birjada elektron hujjat almashinuvlari yo‘lga qo‘yilganmi?

Birja savdolarida mijozlar o‘zlarining shaxsiy kabineti orqali o‘z hisoblarini boshqarish, brokerini almashtirish, narxlarni monitoring qilish, bank rekvizitlariga o‘zgartirish kiritish kabi operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin.

Bundan tashqari birja va sotuvchi korxonalar o‘rtasida ma’lumotlar elektron bazalarining almashinuvi ham yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, davlat xaridlari, yarmarka savdolari, avtoraqam va mobil raqam onlayn auktsionlarida shaxsiy kabinet orqali savdoda ishtirok etish mumkin.

97-savol: Onlayn auktsionda xarid qilingan avtoraqamlarni rasmiylashtirish uchun 10 kun muddat berilgan. Lekin hozirda buning imkoni yo‘q. Bu holatda xaridorlarga jarima qo‘llaniladimi?

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib karantin rejimi joriy etilishi munosabati bilan onlayn auktsion orqali xarid qilingan va rasmiylashtirilmagan avtoraqamlar uchun savdo qoidalari bilan nazarda tutilgan JARIMALAR QO‘LLANILMAYDI.

98-savol: Karantin davrida birja savdolarida xarid qilingan tovarlarni yuklash va tashishda cheklovlar bormi?

Karantin davrida yuk tashish transportlari uchun cheklovlar mavjud bo‘lmagani sababli birja savdolarida xarid qilingan tovarlarni yuklash va tashishda muammolar mavjud EMAS.

Xaridorlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Birja tomonidan tovarlarni tuzilgan bitimlarning elektron reestri asosida yuklash tizimi yaratildi va sotuvchi korxonalarga tovarni yuklash uchun bitimning asl nusxasi TALAB ETMASLIGI bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, joriy yilning aprelь oydan boshlab birjada ilk bor forvard savdolari o‘tkazila boshlandi. Bu savdolar birjada sotib olingan tovarlarni keyinchalik uzoqroq muddatlarda yuklashni nazarda tutadi.

99-savol: Maxsus-maktab internatlari o‘quvchilari uchun alohida televizion onlayn darslar tashkil etilmagan, ushbu maxsus maktab-internatlari o‘qituvchilari mehnat ta’tili olishadimi yoki ish haqi olishadimi?

Televizion darslarni tasvirga olishda imkoniyati cheklangan, jumladan uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan bolalarni o‘qitish ham inobatga olingan. Barcha dars mashg‘ulotlari kar va zaif eshituvchi bolajonlarga ham tushunarli bo‘lishi uchun surdopedagog hamda surdotarjimonlar tomonidan sinxron ravishda tarjima qilinmoqda.

Ko‘zi ojiz bolalarga televizion dars mashg‘ulotlarini ovozli eshitib, tushunib olish imkoni yaratildi. Bu jarayonga soha mutaxassislari jalb etilgan. Psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolajonlar ham boshlang‘ich sinflar uchun berilayotgan teledarslar yordamida ta’lim olishadi.

100-savol: Maktab rahbariyati sinf rahbarlariga vaqtinchalik jurnal tutib, o‘quvchilarning hamma fanlardan olgan baholarini o‘sha jurnalga qayd etib, XTBga hisobot berishini aytyapti. Bu qanchalar to‘g‘ri?

Xalq ta’limi vazirligi ishlab chiqqan tavsiyalarga ko‘ra, fan o‘qituvchilari o‘quvchilarni baholab borishi uchun vaqtinchalik o‘z fani bo‘yicha sinf jurnalini DAFTARDA yuritadi.

Karantin muddati tugagandan so‘ng, ushbu vaqtinchalik sinf jurnalidagi o‘quvchilarning baholari asosiy sinf jurnaliga ko‘chirib qo‘yiladi.

O‘qituvchi tomonidan vaqtinchalik sinf jurnaliga o‘tilgan mavzular, uy vazifalari va o‘quvchilarning joriy baholari kiritib boriladi (oraliq nazorat baholari va o‘quvchilar davomati kiritilmaydi).

Toshkent shahrida o‘quvchilarning olgan baholari kundalik.com elektron tizimiga kiritib boriladi. O‘quvchilarning olgan baholari to‘g‘risida sinf rahbarlari tomonidan xalq ta’limi bo‘limiga hisobot topshirish talab etilmaydi.

 

Chat