Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 32733 marta o'qildi

Tavsiyanoma kimlarga beriladi

Tavsiyanoma muddatli harbiy xizmat davrida:

— jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yuqori natija ko‘rsatgan;

— zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan;

— harbiy intizomga rioya qilgan;

— xizmat vazifalarini namunali bajargan harbiy xizmatchilarga beriladi.

Tavsiyanoma berishda harbiy xizmatchining xizmat davridagi o‘qish natijalari, rag‘batlantirilganligi va yakuniy sinovda to‘plagan natijalari hisobga olinadi.

Yakuniy sinov

Muddatli harbiy xizmatchilar uchun yakuniy test sinovi 100 ta savoldan iborat bo‘lib, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, matematika, fizika va mantiqiy fikrlash bo‘yicha bilimlarni qamrab oladi.

Sinov uchun jami 3 soat ajratiladi.

Xizmat davomida o‘quv natijalari ham baholanadi. Masalan, yillik o‘rtacha ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan harbiy xizmatchiga qo‘shimcha ball beriladi.

Qancha harbiy xizmatchi tavsiyanoma oladi

Harbiy qismda tavsiyanoma oluvchilar soni, qoida tariqasida, muddatli harbiy xizmatchilar umumiy sonining 40 foizidan oshmasligi kerak.

Agar reytingda oxirgi tavsiyanoma o‘rnida bir nechta harbiy xizmatchi bir xil ball to‘plasa, ularning barchasiga tavsiyanoma beriladi.

Davlat mukofoti bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchi yakuniy sinov natijasidan qat’i nazar tavsiyanoma olish huquqiga ega.

Tavsiyanoma qanday imtiyoz beradi

Tavsiyanoma olgan harbiy xizmatchi:

— oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirishda testda to‘plagan ballining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball oladi;

— respublikadagi fuqarolik oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatiga kirishda umumiy qabul parametrlaridan tashqari belgilanadigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etadi.

Tavsiyanoma — muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tagan shaxsga oliy ta’limga kirishda qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini beruvchi hujjat.

Tavsiyanoma qancha vaqt amal qiladi

Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida amal qiladi.

Shu muddat ichida fuqaro belgilangan imtiyozlardan foydalanib OTMga kirish uchun tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Qaysi holatda tavsiyanoma berilmasligi mumkin

Xizmat davrida qo‘pol intizomiy huquqbuzarlik sodir etilgani xizmat tekshiruvi bilan tasdiqlanib, komandir buyrug‘i bilan rasmiylashtirilgan bo‘lsa, harbiy xizmatchi yuqori ball to‘plagan taqdirda ham tavsiyanoma olish huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Tavsiyanoma berish bo‘yicha qarorlarning xolisligi uchun harbiy qism komandiri shaxsan javobgar hisoblanadi.

Chat