Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18467 marta o'qildi

Savol: D. ismli shaxs xotini bilan besh oydan buyon birgalikda yashamayotgani, lekin xotini hozirda homilador ekanligi, shunday holatda u sudga nikohdan ajratish haqida da’vo arizasi berishi mumkin yoki mumkin emasligi haqida so‘radi.

Javob: Xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug‘ilganidan keyin bir yil mobaynida er xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli emas. Shu sababli, bunday da’vo arizasini qabul qilish sud tomonidan rad qilinadi.

Savol: K. ismli shaxs sud orqali xotini bilan ajrashgani, o‘rtalarida 2 nafar farzandlari borligi, lekin xotini farzandlari bilan ko‘rishishga to‘sqinlik qilib kelayotganini ma’lum qilib, farzandlari bilan ko‘rishishga huquqi bor yoki yo‘qligini, agar bunga xotini yo‘l qo‘ymagan taqdirda, qanday yo‘l tutishi kerakligini so‘radi.

Javob: Boladan alohida yashayotgan ota bola bilan ko‘rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta’lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.

K. ismli shaxs sobiq xotini bilan o‘zining otalik huquqlarini amalga oshirish, shu jumladan farzandlari bilan ko‘rishish  tartibi to‘g‘risida yozma ravishda kelishuv tuzishi mumkin. Agar ular kelisha olmasalar, nizo fuqarolik ishlari bo‘yicha sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi.

Savol: T. ismli shaxs sud tartibida farzandlariga nisbatan otalik huquqidan mahrum qilingani, lekin hozirda xotini shu farzandlariga nisbatan moddiy ta’minotni amalga oshirishni talab qilayotganini ma’lum qilib, xotining talabi asosli yoki asossiz ekanligi yuzasidan tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Qonunchilikka ko‘ra, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Shu sababli, T. ismli shaxs garchi u otalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsada, farzandiga nisbatan moddiy ta’minot berish majburiyatiga ega.

Savol: M. ismli ayol turmushidan ajrashgani va hozirda qaramog‘ida 3 nafar voyaga etmagan farzandlari borligi, sobiq turmush o‘rtog‘i 2 yil oldin uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingani uchun undan farzandlari ta’minoti uchun etarli miqdorda aliment undirish imkoniyatiga ega emasligi haqida ma’lum qilib, farzandlarining bobosidan aliment undirish huquqiga ega yoki ega emasligi yuzasidan huquqiy  tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Ota-onasi yo‘q bo‘lgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga etmagan nevaralariga ta’minot berish majburiyati sud tomonidan etarli mablag‘ga ega bo‘lgan bobo va buvi zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Savol: B. ismli shaxs xotini bilan ajrashmoqchi ekanligi, to‘yni o‘tkazishda har ikkala tarafning barcha xarajatlari o‘zi tomonidan qilingani haqida bayon qilib, er-xotin nikohdan ajratilayotganda ularning to‘yini o‘tkazishga ketgan sarf-xarajatlar qanday tartibda undirilishi yuzasidan huquqiy  tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganida to‘yni o‘tkazishga ketgan sarf-xarajatlarni undirish haqidagi talablar qanoatlantirilmaydi.

Chat