Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 15199 marta o'qildi

Savol: A. ismli shaxs xususiy firma ochish niyatida ekanligi haqida ma’lum qilib, ushbu xususiy firmani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va muddati haqida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Yuridik shaxs tashkil etib yoki tashkil etmasdan tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish quyidagi usullar:

mustaqil ravishda tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali;

Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelgan holda amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish real vaqt rejimida, lekin 30 minutdan oshmagan vaqtda amalga oshirilishi lozim.

Savol: B. ismli shaxs 2 yildan buyon oilaviy korxona tashkil etgan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani, oilaviy korxona uning yashash manzilida joylashgani sababli, yashash uyiga ulangan elektr energiyasi, suv, gazdan tadbirkorlik faoliyatini yuritishda ham foydalanib kelayotgani haqida ma’lum qilib, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni qanday tariflar asosida amalga oshirilishi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning o‘zida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, kommunal infratuzilma xizmatlari (elektr energiyasi, suv ta’minoti, kanalizatsiya, gaz ta’minoti va issiqlik ta’minoti) haqini to‘lash aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshiriladi.

Savol: F. ismli shaxs yaqinda tanishidan uning nomidagi xususiy korxonani sotib olganligi haqida ma’lum qilib, ilgari ushbu korxonaga berilgan neftь mahsulotlarini (avtobenzin, dizel yonilg‘isi) realizatsiya qilish huquqini beruvchi litsenziya asosida ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin yoki mumkin emasligi haqida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Amalga oshirilishi uchun litsenziya olingan faoliyat turi faqat litsenziyani olgan yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.

Korxonani sotishda sotuvchining tegishli faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun berilgan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, korxonani sotib oluvchiga berilmaydi.

Savol: M. ismli shaxs dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun litsenziya olmoqchi bo‘lganida, litsenziyalovchi organ ushbu litsenziya faqat 2 yil muddatga berilishi haqida ma’lum qilganini bayon qilib, litsenziyalovchi organning ushbu talabi qonuniyligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Litsenziyalovchi organning ushbu talabi noqonuniydir. Chunki, dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun litsenziya besh yil muddatga beriladi.

Litsenziya 5 yildan kam muddatga faqat litsenziya talabgorining arizasiga binoan berilishi mumkin.

Savol: J. ismli shaxs 2 yildan buyon yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani, hozirda faoliyatini tugatish istagida ekanligi haqida ma’lum qilib, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini ixtiyoriy tugatish tartibi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Qat’iy belgilangan soliqlarni to‘lovchi yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT) faoliyatini ixtiyoriy to‘xtatish uning ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etgan arizasi asosida amalga oshiriladi.

Arizaga agar mavjud bo‘lsa muhr va shtamplar, barcha litsenziyalar (ruxsatnomalar)ning asl nusxalari, asosiy hisobvarag‘i yopilganligi to‘g‘risidagi tijorat bankining ma’lumotnomasi ilova qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ariza tushganidan so‘ng bir ish kuni ichida DSIga Tizim orqali uning soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi yo‘qligini, shuningdek, tijorat bankida hisobvaraq ochmaganligini (hisobvaraq ochilmagan deb ko‘rsatilgan bo‘lsa) tasdiqlash uchun so‘rovnoma yuboradi. Bunda DSI so‘rovnoma olingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida Tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga xabarnoma yuboradi.

Ro‘yxatdan o‘tkazgan organ arizaga ilova qilingan hujjatlar va DSIning xabarnomasi tushganidan keyin bir ish kuni mobaynida YaTT faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi yozuvni davlat reestriga kiritadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning YaTT faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi yozuvni davlat reestriga kiritish haqidagi qarori qabul qilingandan so‘ng bir ish kuni mobaynida YaTTga (vakiliga) beriladi yoki pochta orqali jo‘natiladi.

YaTT faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi yozuv davlat reestriga kiritilgandan keyin ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ uch ish kunida DSIni bu haqda Tizim orqali xabardor qiladi, agar mavjud bo‘lsa YaTTning muhr va shtamplarini yo‘q qiladi hamda litsenziya va ruxsatnomalarni  ularni bergan organlarga yuboradi.

Chat