Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 611546 marta o'qildi

Subsidiya — ipoteka kreditlari asosida kvartira sotib olish uchun boshlang‘ich badal va kredit foizining bir qismini yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruktsiya qilish uchun kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida Davlat byudjetidan fuqaro uchun bankda uning nomiga ochilgan tegishli hisobvaraqqa o‘tkazilgan mablag‘.

Ipoteka kreditiga Davlat subsidiyasini olishga ariza berish.

  • Ariza beruvchi — ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badal va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya olish maqsadida ariza bilan murojaat qiluvchi 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi.
  • Daromadi yuqori bo‘lmagan fuqaro yoki oila — qonunchilik hujjatlariga muvofiq aniqlanishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha oylik daromadlar miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha va Toshkent shahrida belgilangan MHTEKMning 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha bo‘lgan oilalar.

Subsidiya olish uchun ariza berish tartibi
  • Ariza beruvchi ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
  • O‘zi kelib murojaat etganda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda Nizomga muvofiq davlat xizmatidan foydalanish uchun anketa-arizani elektron tarzda to‘ldiradi.
  • Zarur hollarda ayrim toifadagi shaxslar (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va boshqa harbiy tuzilmalarning xodimlari (harbiy xizmatchilaridan tashqari) va davlat hisobidan uy-joylar bilan ta’minlanmagan nafaqadagi harbiy xizmatchilar tomonidan oylik daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tuman (shahar) davlat soliq inspektsiyasiga taqdim etiladi.
  • Ariza beruvchidan yuqorida ko‘rsatilmagan ma’lumot va hujjatlarni hamda anketa-arizada qayt etilgan ma’lumotlardan tashqari boshqa hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.

Mehnat migrantlari nomidan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish to‘g‘risidagi arizani uning oila a’zolari notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma asosida berishi mumkin.
Davlat xizmatlari markazi va YaIDXP orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar va markaz tomonidan tegishli tashkilotlarga so‘rov yuborish orqali ma’lumotlarga aniqlik kiritish to‘lovlarsiz (bepul) amalga oshiriladi.

Ariza beruvchi tomonidan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun ariza yil davomida topshirilishi mumkin.             

Mas’ul tashkilotlar tomonidan ariza beruvchini ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholash tartibi

Mas’ul tashkilotlar 7 ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini taqdim etilgan hujjatlar asosida tashkilotlarda mavjud ma’lumotlar bazasi bilan solishtirgan holda o‘rganib chiqadi va YaIDXPda onlayn elektron shaklda quyidagi ma’lumotlarni:

  • tibbiyot birlashmasi — ariza beruvchi va uning oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslar, birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning, yolg‘iz o‘zi og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan ayollarning mavjudligini;
  • davlat soliq inspektsiyasi — soliq to‘lovchining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSh ShIR) bo‘yicha ariza beruvchi va oila a’zosi sifatida keltirilgan shaxslarning (arizada «Labor — migration» dasturida ro‘yxatdan o‘tganligi ko‘rsatilgan ariza beruvchi bundan mustasno) daromadlarini aniqlaydi.

Bunda davlat soliq inspektsiyasidan ariza beruvchi va oila a’zolarining daromadlari bo‘yicha ball berilmagan taqdirda, ariza boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilmaydi va avtomat ravishda subsidiya ajratishni rad etish bo‘yicha komissiya kotibiga yuboriladi;

  • tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari — ariza beruvchining og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan, uy-joy sharoitini yaxshilashgan muhtoj onalar toifasiga mansubligini;
  • tuman (shahar) hokimligi moliya bo‘limi — ariza beruvchining olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaxassis va (yoki) tibbiyot xodimi ekanligini tasdiqlaydi»
  • tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari — ariza beruvchining og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan, uy-joy sharoitini yaxshilashgan muhtoj onalar toifasiga mansubligini;

Komissiya tomonidan baholash natijalarini ko‘rib chiqish tartibi
  • Komissiya kotibi mas’ul tashkilotlar tomonidan kiritilgan xulosalarni 3 kun ichida arizalarni navbat asosida ularning qayd etilishi ketma-ketligiga muvofiq ko‘rib chiqib, yakuniy xulosa beradi.
  • Komissiya raisi kotib tomonidan kiritilgan ijtimoiy mezonlar yuzasidan baholash natijalariga asosan ariza beruvchiga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya berish yoki berishni rad etishni elektron (ERI orqali) shaklda tasdiqlaydi.
  • Subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish to‘g‘risida komissiya elektron reestrni yuritadi hamda ushbu reestr tuman (shahar) iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limida uch yil mobaynida saqlanadi.

  • Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha subsidiya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida elektron tasdiqlangan QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan qaror tegishli tuman (shahar) Davlat xizmatlari markaziga yuboriladi.
  • Ushbu xabarnoma Davlat xizmatlari markazi tomonidan bir ish kunida ariza beruvchiga yuboriladi.
  • Bundan tashqari YaIDXP orqali ariza beruvchiga «SMS» xabar yuboriladi.
  • YaIDXP orqali elektron shaklda murojaat etilganda, komissiya tomonidan subsidiya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma elektron shaklda ariza beruvchiga yuboriladi.

Ariza beruvchini quyidagi ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholash (aniqlash) subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minot tizimida avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi:

  • ariza beruvchining «Labor — migration» dasturida ro‘yxatdan o‘tganligi, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotganligi;
  • ariza beruvchining yosh oilalar toifasiga mansubligi va 30 yoshdan oshmagan fuqaro ekanligi;
  • ariza beruvchida, shu jumladan, uning turmush o‘rtog‘ining nomida respublikaning barcha hududlari miqyosida mulk huquqi bilan turar joyning mavjud yoki mavjud emasligi»;

Quyidagi hollarda ariza beruvchiga subsidiya ajratish rad etiladi
  • a) taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;
  • b) taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;
  • g) ilgari shahar va qishloq joylarda arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartira yoki yakka tartibdagi uy-joy hamda subsidiya olgan (avval olingan uy-joy boshqa shaxsga begonalashtirib yuborilgan taqdirda ham) oila a’zolari (eri, xotini) takroriy murojaat etganda;
  • d) joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda;
  • e) ariza beruvchi va/yoki oilaning o‘rtacha oylik daromadi:
  1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravaridan kam va 8,0 baravaridan yuqori;
  2. Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan kam va 9,2 baravaridan yuqori bo‘lganda.

Ipoteka krediti bo‘yicha subsidiyani hisoblash tartibi
  • Davlat xizmatlari markazidan subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan talabgor uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish bo‘yicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan shartnoma tuzadi.
  • Sotib olinadigan uy-joy yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruktsiya qilish uchun ajratiladigan ipoteka krediti miqdori tijorat banklari tomonidan belgilangan tartibda ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchining (kafilning) to‘lov qobiliyatidan kelib chiqib aniqlanadi.
  • Foiz to‘lovlarini hisoblash ajratiladigan ipoteka krediti qiymatiga muvofiq hisoblanadi.
  • Bunda tijorat banki tomonidan ajratiladigan ipoteka krediti miqdori joriy yil uchun belgilagan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshib ketmasligi shart.

 

Ipoteka kreditini belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun talabgor istalgan ishtirok etuvchi tijorat bankiga
  • uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnomani va uy-joyni ipoteka shartlari asosida sotib olish bo‘yicha qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnomani hamda fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan badal mablag‘larini bankdagi hisobvarag‘iga joylashtirganligi yoki pudrat tashkilotiga to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
  • quriladigan va rekonstruktsiya qilinadigan yakka tartibdagi uy-joyning kadastr hujjatlarini hamda bank tomonidan belgilangan boshqa hujjatlarni;
  • ipoteka krediti bo‘yicha birgalikda qarz oluvchining (kafilning) tegishli ma’lumotlarini taqdim qiladi.

Ishtirok etuvchi tijorat banki tegishli hujjatlar to‘liq taqdim qilingandan so‘ng uch ish kunida qarz oluvchiga kredit berish masalasini o‘rganib chiqadi hamda arizani qanoatlantirish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ipoteka kreditini rasmiylashtirish va subsidiya to‘lab berish tartibi
  • Sotib olinadigan kvartira bo‘yicha talabgor tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan boshlang‘ich badal to‘liq shakllantirilgandan so‘ng ishtirok etuvchi tijorat banki talabgor bilan bir ish kunida ipoteka krediti shartnomasini tuzadi.
  • Yakka tartibdagi uy-joylar qurish va rekonstruktsiya qilish bo‘yicha talabgor tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan boshlang‘ich badal to‘liq shakllantirilgandan so‘ng ishtirok etuvchi tijorat banki talabgor bilan bir ish kunida ipoteka krediti shartnomasini rasmiylashtiradi.
  • Talabgor tomonidan sotib olinadigan kvartiraning talabgor nomiga rasmiylashtirilgan kadastr hujjatlari taqdim etilgandan so‘ng tijorat banki bir ish kuni ichida tuman (shahar) moliya bo‘limlariga boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun kadastr hujjatlarini ilova qilgan holda subsidiyani to‘lashga buyurtmanomani yuboradi.
  • Tuman (shahar) moliya bo‘limlari besh ish kuni mobaynida ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyani tijorat banki tomonidan ko‘rsatilgan hisobvaraqqa o‘tkazib beradi.

  • Boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya o‘tkazilgan kundan boshlab undan o‘ttiz kun ichida foydalanilmagan taqdirda, ishtirok etuvchi tijorat banki subsidiyani tuman (shahar) g‘aznachilik bo‘limining tegishli hisobvarag‘iga qaytaradi.
  • Bunda ishtirok etuvchi tijorat banki tomonidan nazarda tutilgan muddat o‘tgandan so‘ng uch ish kuni ichida ajratilgan subsidiya tuman (shahar) g‘aznachilik bo‘limining tegishli hisobvarag‘iga qaytarilmagan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun ushbu qaytarilmagan subsidiyaning 0,033 foizi miqdorida penya hisoblanadi.


Uy-joyga muhtoj fuqarolarni aniqlashning ijtimoiy mezonlari

2021-yil 10 dekabrdan boshlab bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash tartibi doirasida
  • daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga Davlat byudjetidan subsidiyalar to‘lashda kvartira maydonining eng ko‘p me’yorini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan har yili bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya miqdori tasdiqlanadi;
  • subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan shaxslar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng bo‘lgan qismini o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantiradi;
  • sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qat’i nazar, dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — qat’iy belgilangan 32 million so‘m miqdorida, foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — birinchi besh yil davomida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi;
  • dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda ham to‘lanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan o‘z mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan dastlabki badal summasini oshirish orqali to‘lanadi;
  • fuqarolarga ipoteka kreditini olishda, birgalikda qarz oluvchi sifatida ular bilan birga yashamayotgan va yaqin qarindoshi bo‘lmagan boshqa shaxslarni ham jalb qilish huquqi beriladi;
  • Moliya vazirligining resurslari tijorat banklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ orqali joylashtiriladi;
  • tijorat banklariga qarz oluvchi tomonidan to‘langan dastlabki badal miqdori, uning qarz yuki ko‘rsatkichi, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi beriladi.

2022-yil 1 noyabrdan boshlab, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni (xonalarga bo‘lingan va pardoz ishlariga tayyor) birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular bo‘yicha dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya to‘lashga ruxsat berildi.


Subsidiya bo‘yicha top - 8 muhim savolga javoblar

Chat