Ovoz berish maxsus ajratilgan binoda amalga oshiriladi. U erda:
Ovoz berish xonalari yorug‘ va keng, alohida kirish va chiqish joyiga ega bo‘lishi hamda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur sharoitlar nazarda tutilgan bo‘lishi lozim.
Ovoz berish saylov kuni soat 8:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi.
Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risida saylovdan kamida 10 kun oldin xabardor qiladi.
O‘zbekiston hududidagi saylov uchastkalarida saylov qutilarini 20:00 dan oldin ochish va ovozlarni sanash mumkin emas.
Saylovchi ovoz berish binosiga kelgach, uchastka saylov komissiyasi a’zosiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatadi va saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi.
Agar saylovchining familiyasi biror sababga ko‘ra ro‘yxatga kirmay qolgan bo‘lsa, uning shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjatlar asosida ma’lumotlari saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.
Saylovchi byulletenni yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida mustaqil ravishda to‘ldiradi. Byulletenni to‘ldirish vaqtida boshqa shaxslarning hozir bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzod yoki siyosiy partiya ro‘parasidagi bo‘sh kvadratga belgilangan tartibda «+», «✓» yoki «x» belgisini qo‘yadi va byulletenni saylov qutisiga tashlaydi.
Agar byulletenь tasodifan buzib qo‘yilsa, saylovchining iltimosiga ko‘ra u yangi byulletenga almashtirilishi mumkin.
Byulletenni mustaqil ravishda to‘ldira olmaydigan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra kabinaga boshqa shaxsni taklif qilish huquqiga ega.
Biroq saylov komissiyasi a’zosi, kuzatuvchi yoki ommaviy axborot vositasi vakili bunday yordamchi bo‘lishi mumkin emas.
Sog‘lig‘i yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmaydigan saylovchining iltimosiga ko‘ra ovoz berish uning turgan joyida tashkil etilishi mumkin.
Bunda uchastka saylov komissiyasining kamida 2 nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga boradi va ovoz berish sir saqlangan holda o‘tkaziladi.
Saylov kuni yashash joyida bo‘la olmaydigan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganda boshlanadi va 3 kun qolganda tugaydi.
Buning uchun saylovchi saylov kuni bo‘la olmaslik sababini, masalan, ta’til, xizmat safari yoki xorijga chiqishni ko‘rsatgan ariza bilan uchastka saylov komissiyasiga murojaat qiladi.
Eslatma: ovoz berish yashirin amalga oshiriladi. Hech kim saylovchini kimga ovoz berishga majburlashi yoki uning tanlovini nazorat qilishi mumkin emas.