Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 22179 marta o'qildi

Yoqimsiz hid ekologik huquqbuzarlik bo‘lishi mumkinmi?

Korxona, tsex yoki boshqa ishlab chiqarish ob’ektidan muntazam yoqimsiz hid tarqalishi atmosfera havosiga chiqarilayotgan moddalar, chiqindilar bilan ishlash yoki boshqa ekologik talablarga rioya etilmasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Korxonalar atmosfera havosiga zararli ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan normativ va talablarga rioya qilishi shart. Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat ekologik nazorati maxsus vakolatli ekologiya organi tomonidan amalga oshiriladi.

Qaerga murojaat qilish mumkin?

Ekologik talablar buzilayotganidan shubha qilinsa, fuqaro:

  • Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining tegishli hududiy bosh boshqarmasiga;
  • tuman yoki shahar ekologiya bo‘limiga;
  • davlat ekologik nazoratini amalga oshiruvchi Ekopolitsiya tuzilmasiga murojaat qilishi mumkin.

Mahalla ham muammoni hal etishda aholi manfaatlarini ifoda etishi va vakolatli idoralarga murojaat qilishi mumkin, ammo fuqaroning avval albatta mahallaga murojaat qilishi shart emas.

Agar hid chiqindilar bilan bog‘liq bo‘lsa-chi?

Chiqindilarni saqlash, to‘plash, tashish yoki utilizatsiya qilishda ekologik talablar buzilgan bo‘lsa, bu masala ham davlat ekologik nazorati doirasiga kiradi.

Chiqindilarning aholi hayoti va sog‘lig‘iga zararli ta’siri bilan bog‘liq sanitariya masalalari bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya xizmati ham tegishli vakolatlarga ega.

Murojaatda nimalarni ko‘rsatish kerak?

Muammoni tezroq aniqlash uchun murojaatda:

  • hid kelayotgan korxona yoki ob’ektning manzili;
  • hid qaysi vaqtlarda va qancha davom etishi;
  • muammo qanchadan buyon kuzatilayotgani;
  • imkoni bo‘lsa foto yoki videomateriallar;
  • aholi salomatligiga ta’sir ko‘rsatayotgan holatlar ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq.

Eslatma: tungi vaqtda yoki muayyan soatlarda hid kuchaysa, murojaatda aniq vaqt oralig‘ini ko‘rsatish muhim. Bu holatni joyiga chiqqan holda tekshirish va manbani aniqlashga yordam beradi.

Chat