Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8658 marta o'qildi

Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo ijrosini jazoni ijro etish muassasalari amalga oshiradi.

Jazoni ijro etish muassasalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
  • jazoni ijro etish koloniyalari, shu jumladan davolash huquqi asosidagi koloniyalar;
  • tarbiya koloniyalari;
  • turmalar;
  • mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalar.

Tergov hibsxonalari ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan va xo‘jalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun qoldirilgan shaxslarga nisbatan jazoni ijro etish muassasalari vazifasini bajaradi.

Jazoni ijro etish koloniyalari manzil-koloniyalarga, umumiy, qattiq, maxsus tartibli koloniyalarga bo‘linadi hamda voyaga etgan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan.

Tarbiya koloniyalari voyaga etmagan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan.

Turmalar voyaga etgan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan.

Manzil-koloniyalar quyidagilarga bo‘linadi:
  • ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun shuningdek qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlanadigan manzil-koloniyalar;
  • umumiy, qattiq tartibli koloniyalardan, shuningdek tarbiya koloniyalaridan o‘tkazilgan mahkumlar saqlanadigan manzil-koloniyalar.

Umumiy tartibli koloniyalar quyidagilarga bo‘linadi:
  • og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan erkaklar saqlanadigan koloniyalar;
  • o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan erkaklar saqlanadigan koloniyalar;
  • og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan ayollar saqlanadigan koloniyalar, JIKning 48-moddasida ko‘rsatilgan ayollar bundan mustasno.

Qattiq tartibli koloniyalar quyidagilarga bo‘linadi:
  • ilgari qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tagan va qasddan jinoyat sodir etganlik uchun yana sudlangan erkaklar saqlanadigan koloniyalar;
  • ilgari qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tagan va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlik uchun yana sudlangan ayollar, shuningdek o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan ayollar saqlanadigan koloniyalar.

Tarbiya koloniyalari voyaga etmay turib jinoyat sodir etgan mahkumlarni saqlashga mo‘ljallangan.

Turmalar turmaga qamash tariqasidagi ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan shaxslarni, shuningdek umumiy va qattiq tartibli koloniyalardan jazoni o‘tash tartibini ashaddiy buzganligi uchun o‘tkazilgan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan.

Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalar bemor mahkumlarni saqlash va ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangandir.

Chat