TDYuU magistraturasiga tegishli yoki turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tamomlagan shaxslar hujjat topshiradi.
«Yurisprudentsiya» bakalavriatini tamomlaganlar uchun mos magistraturada o‘qish muddati 1 yil, turdosh bakalavriat yo‘nalishini tamomlaganlar uchun esa 2 yil etib belgilangan.
Ta’lim kunduzgi, kechki va masofaviy shakllarda tegishli qabul parametrlari doirasida tashkil etiladi.
Abiturientlar har yili 1-iyuldan 30 iyulga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining elektron platformasi yoki YaIDXP orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
— oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom va uning ilovasi;
— kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro xorijiy til sertifikati;
— imtiyoz mavjud bo‘lsa, uni tasdiqlovchi hujjat.
2020/2021 o‘quv yilidan keyin berilgan diplom ma’lumoti HEMIS tizimida mavjud bo‘lsa, uni qayta yuklash talab etilmaydi.
Hujjatlar qabul komissiyasi tomonidan 10-avgustga qadar ko‘rib chiqiladi.
TDYuU magistraturasiga qabul uchun alohida kirish testi o‘tkazilmaydi.
Qabul:
— bakalavriat diplomidagi o‘rtacha ball;
— belgilangan xorijiy til sertifikati mavjudligi asosida amalga oshiriladi.
Tanlov «Yurisprudentsiya» bakalavriatini tamomlaganlar va turdosh yo‘nalish bitiruvchilari uchun alohida, shuningdek har bir mutaxassislik, ta’lim tili va shakli bo‘yicha alohida o‘tkaziladi.
Eng yuqori o‘rtacha ballga ega abiturientlar birinchi navbatda davlat grantiga, qolganlar esa reyting bo‘yicha to‘lov-kontrakt o‘rinlariga qabul qilinadi.
Ko‘rish, eshitish yoki nutqidagi nuqson bo‘yicha I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslardan magistraturaga qabulda xorijiy til sertifikati talab qilinmaydi.
Qonunchilikda ayrim boshqa toifalar uchun ham tanlovdan tashqari yoki alohida shartlarda qabul qilish imkoniyatlari belgilangan.
Davlat komissiyasining TDYuU magistraturasiga qabul qilish haqidagi qarori har yili 25-avgustga qadar qabul qilinadi.
Tanlov natijasidan norozi abiturient natija e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida apellyatsiya berishi mumkin. Apellyatsiyani ko‘rib chiqish muddati 2 kundan oshmaydi.
Apellyatsiya — qabul natijasini qayta ko‘rib chiqishni so‘rab maxsus komissiyaga murojaat qilish.