Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 68072 marta o'qildi

Axborotlashtirish tushunchasi

Axborotlashtirish — yuridik va jismoniy shaxslarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun axborot resurslari, axborot texnologiyalari hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda sharoit yaratishning tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy jarayoni.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Mazkur huquq faqat qonunga muvofiq hamda konstitutsiyaviy tuzumni, aholi sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini, jamoat xavfsizligi va tartibini himoya qilish maqsadida zarur doirada cheklanishi mumkin.

Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Asosiy tushunchalar

«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq:

  • axborot resursi — axborot tizimi tarkibidagi elektron shakldagi axborot, ma’lumotlar banki va ma’lumotlar bazasi;
  • axborot texnologiyasi — axborotni to‘plash, saqlash, izlash, qayta ishlash va undan foydalanish imkonini beruvchi usullar hamda vositalar;
  • axborot tizimi — axborotni to‘plash, saqlash, izlash, qayta ishlash va undan foydalanish imkonini beruvchi axborot resurslari, texnologiyalari va aloqa vositalarining tashkiliy jihatdan tartibga solingan majmui;
  • axborot resurslarining mulkdori — axborot resursiga egalik qiluvchi, undan foydalanuvchi va uni tasarruf etuvchi shaxs;
  • bloger — o‘z veb-sayti yoki veb-sahifasida hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va boshqa xususiyatdagi axborotni joylashtiruvchi jismoniy shaxs.

Ochiq va foydalanilishi cheklangan axborot

Axborot resurslari hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan yoki foydalanilishi cheklangan axborotni o‘z ichiga olishi mumkin.

Davlat sirlariga taalluqli ma’lumotlar «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi Qonun asosida muhofaza qilinadi. Bunday ma’lumotlardan foydalanish faqat belgilangan ruxsat va maxfiylik rejimi asosida amalga oshiriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni to‘plash, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, foydalanish va tarqatish «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonun talablariga muvofiq bo‘lishi kerak. Shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi ta’minlanishi shart, qonunchilikda belgilangan ochiq ma’lumotlar bundan mustasno.

Foydalanilishi cheklangan axborotni ruxsatsiz olish, tarqatish yoki undan boshqa maqsadda foydalanish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Axborotni muhofaza qilish

Axborot resurslari va axborot tizimlarini muhofaza qilish:

  • shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligini ta’minlash;
  • axborotning yo‘qolishi, o‘g‘irlanishi, buzib talqin qilinishi va soxtalashtirilishining oldini olish;
  • axborotni yo‘q qilish, to‘sib qo‘yish yoki undan ruxsatsiz foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • shaxsga doir ma’lumotlar va davlat sirlarining maxfiyligini saqlash maqsadida amalga oshiriladi.
Chat