Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 33522 marta o'qildi

Taqiqlangan axborot qanday aniqlanadi

Internet tarmog‘idagi veb-saytlar, veb-sahifalar, axborot resurslari, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqatilayotgan axborot qonunchilik talablariga muvofiq monitoring qilinadi.

Monitoring Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining vakolatli tuzilmasi tomonidan:

  • o‘z tashabbusiga ko‘ra;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida;
  • vakolatli davlat organlaridan kelib tushgan ma’lumotlar bo‘yicha o‘tkazilishi mumkin.

Tarqatilishi taqiqlangan axborot aniqlansa, bir ish kuni ichida xulosa tayyorlanadi. Xulosada axborot resursini identifikatsiya qilish imkonini beradigan ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Foydalanishni cheklash tartibi

Taqiqlangan axborot joylashtirilgan resurs maxsus reestrga kiritiladi. Reestr elektron shaklda yuritiladi va unga kiritilgan ma’lumotlar maxsus vakolatli organga yuboriladi.

Internetdan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi operator va provayderlar reestrga kiritilgan resursdan O‘zbekiston hududida foydalanishni cheklash bo‘yicha chora ko‘radi.

Muhim: axborot resursi reestrga kiritilganidan keyin undan foydalanishni cheklash choralari 12 soat ichida amalga oshirilishi kerak.

Vakolatli organ yoki ekspert komissiyasining xulosasi ustidan sud tartibida shikoyat qilish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar va izohlardagi axborot

Taqiqlangan axborot ijtimoiy tarmoq, messenjer yoki foydalanuvchilar qoldirgan izohlarda aniqlansa, resurs egasiga yoxud blogerga tegishli axborotni o‘chirish to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi.

Xabarnoma olinganidan keyin resurs egasi yoki bloger axborotni 24 soat ichida o‘chirishi va bu haqda vakolatli tuzilmani xabardor qilishi lozim. Talab bajarilmasa, platforma ma’muriyatiga murojaat qilish yoki sudga da’vo kiritish choralari qo‘llanilishi mumkin.

Cheklovni bekor qilish

Resurs egasi taqiqlangan axborotni o‘chirib, yozma yoki elektron murojaat yuborsa, vakolatli tuzilma ushbu holatni tekshiradi.

Axborot o‘chirilgani tasdiqlansa:

  • resursning identifikatsiya ma’lumotlari bir kun ichida reestrdan chiqariladi;
  • foydalanishga qo‘yilgan cheklov maxsus vakolatli organ tomonidan bir kun ichida bekor qilinadi.

Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-sentabrdagi 707-son qarori bilan belgilangan.

Chat