Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 19985 marta o'qildi

Loyihani kelishish tartibi

Suv ta’minoti va suvni chiqarib tashlash loyihasi ishlab chiqilganidan keyin loyihalash tashkiloti uni kelishish uchun:

  • Davlat xizmatlari markaziga shaxsan;
  • yoki YaIDXP orqali elektron shaklda taqdim etadi.

So‘rovnomaga suv ta’minoti va suvni chiqarib tashlash loyihasining elektron shakli ilova qilinadi.

Davlat xizmatlari markazi xodimi so‘rovnomani loyihalash tashkiloti nomidan to‘ldiradi. Elektron murojaatda loyihalash tashkiloti so‘rovnomani mustaqil to‘ldiradi va ERI bilan tasdiqlaydi.

Loyihalash tashkilotidan so‘rovnoma va elektron loyihadan tashqari boshqa hujjat yoki ma’lumotlarni talab qilish taqiqlanadi.

Loyihani ko‘rib chiqish

So‘rovnoma avtomatik tarzda suv ta’minoti va kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotiga yuboriladi.

Mas’ul tashkilot 3 ish kuni mobaynida:

  • loyihani ko‘rib chiqadi;
  • kelishish natijasi bo‘yicha QR-kod qo‘yilgan xulosani ERI bilan tasdiqlaydi;
  • xulosani Davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP orqali loyihalash tashkilotiga yuboradi;
  • yoxud rad etishning aniq sabablari va qonunchilik normalarini ko‘rsatgan holda kelishishni rad etadi.

Kelishilgan loyiha qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun asos hisoblanadi.

Kelishish talab etilmaydigan holat

Agar suv ta’minoti va suvni chiqarib tashlash loyihasini suv ta’minoti va kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotining o‘zi ishlab chiqqan bo‘lsa, loyihani alohida kelishish talab etilmaydi.

Binolar, inshootlar va boshqa ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlari bilan bir vaqtda ko‘rib chiqilayotgan loyiha ham belgilangan yagona jarayon doirasida kelishiladi.

Xizmat muddati va narxi

Loyihani kelishish muddati — 3 ish kuni.

Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganda yig‘im — BHMning 10 foizi, YaIDXP orqali murojaat qilinganda — BHMning 9 foizi.

Loyiha ob’ektning loyiha-smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish va kelishish bilan bir vaqtda kelishilsa, alohida yig‘im undirilmaydi.

Qayta kelishish

Rad etishga sabab bo‘lgan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin loyiha takroriy taqdim etilishi mumkin.

Qayta kelishish takroriy so‘rovnoma kelib tushganidan keyin 1 ish kunidan oshmagan muddatda amalga oshiriladi.

Chat