Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 25747 marta o'qildi

Xizmatdan foydalanish

Jismoniy va yuridik shaxslar ichimlik suvi hisoblagichini:

  • echish;
  • qiyoslashdan o‘tkazish;
  • qayta o‘rnatish va plombalash uchun murojaat qilishi mumkin.

Murojaat Davlat xizmatlari markazi, YaIDXP yoki qonunchilikda belgilangan hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’minotchi korxona orqali amalga oshiriladi.

Talabgordan so‘rovnomada nazarda tutilmagan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda so‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Proaktiv qiyoslash

Ta’minotchi korxona hisoblagichni davriy qiyoslash muddati tugashidan 30 kun oldin iste’molchini yozma ravishda ogohlantiradi.

Navbatdagi davriy qiyoslash qiyoslash muddatiga 3 oy qolganda, iste’molchining alohida murojaatisiz, ta’minotchi korxona tomonidan proaktiv tarzda tashkil etiladi.

Ta’minotchi korxona iste’molchini o‘z vaqtida rasmiy ogohlantirmagan bo‘lsa, iste’molchi hisoblagichni belgilangan muddatda qiyoslashdan o‘tkazmaganlikda aybdor hisoblanmaydi.

Xizmat narxi

Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganda:

  • jismoniy shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik qiluvchi shaxslar uchun — BHMning 20 foizi;
  • yuridik shaxslar uchun — BHMning 1,5 baravari.

YaIDXP orqali murojaat qilinganda belgilangan summaning 90 foizi, ya’ni:

  • BHMning 18 foizi;
  • yuridik shaxslar uchun BHMning 1,35 baravari to‘lanadi.

Ta’minotchi korxonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilinganda yoki xizmat proaktiv tarzda ko‘rsatilganda qiyoslash uchun:

  • jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan — BHMning 16 foizi;
  • yuridik shaxslardan — BHMning 1,2 baravari undiriladi.

Echish, qiyoslash va o‘rnatish uchun bir vaqtda murojaat qilinsa, yig‘im bir marta undiriladi.

Ijtimoiy chegirmalar

Belgilangan yig‘imlarga:

  • Ijtimoiy reestrdagi «kambag‘al oila» a’zolari hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun — 50 foiz;
  • «davlat ta’minotidagi oila» a’zolari uchun — 75 foiz chegirma qo‘llaniladi.

Xizmat bosqichlari

Ta’minotchi korxona hisoblagichni talabgor bilan kelishilgan vaqtda 5 ish kuni ichida dalolatnoma asosida echib oladi.

Metrologiya xizmati hisoblagichni qabul qilganidan keyin 3 ish kuni ichida qiyoslashdan o‘tkazadi:

  • ijobiy natijada qiyoslash sertifikati;
  • salbiy natijada hisoblagichning yaroqsizligi to‘g‘risida xabarnoma rasmiylashtiriladi.

Ta’minotchi korxona sertifikat yoki xabarnoma kelib tushganidan keyin hisoblagichni metrologiya xizmatidan 2 ish kuni ichida olib ketadi.

Yaroqli hisoblagich talabgor bilan kelishilgan vaqtda 3 ish kuni ichida qayta o‘rnatiladi va plombalanadi.

Hisoblagich yaroqsiz deb topilganda

Qiyoslash natijasi salbiy bo‘lsa, ta’minotchi korxona hisoblagichni 3 ish kuni ichida ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish chorasini ko‘radi.

Ichimlik suvi hisoblagichini ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish xarajatlari ta’minotchi korxona tomonidan qoplanadi. Ta’mirlangan hisoblagichni qayta qiyoslash uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

Qiyoslash davrida hisob-kitob

Hisoblagich iste’molchining aybisiz buzilganda yoki qiyoslash uchun echilganda, suv uchun hisob-kitob avvalgi uch hisob-kitob oyidagi o‘rtacha sarf asosida amalga oshiriladi.

Bu tartib bir oydan ortiq qo‘llanilishi mumkin emas.

Chat