Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 23731 marta o'qildi

Uchastka saylov komissiyalari qanday jihozlanishi kerak?

Uchastka saylov komissiyasi joylashgan bino saylovchilar erkin va yashirin ovoz berishi, komissiya esa o‘z vazifalarini to‘liq bajarishi uchun zarur sharoitlar bilan ta’minlanishi kerak. Binolarni jihozlash va ularda zarur tartibni saqlab turish uchun uchastka saylov komissiyasi mas’ul hisoblanadi.

Uchastkada nimalar bo‘lishi kerak?

Uchastka saylov komissiyasi joylashgan binoda quyidagilar bo‘lishi lozim:

  • O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — binoning ustida va ichida;
  • O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi — bino ichida;
  • saylov uchastkasining tartib raqami ko‘rsatilgan peshlavha;
  • yashirin ovoz berish uchun kabinalar yoki xonalar;
  • saylov qutilari;
  • zarurat bo‘lganda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari;
  • kuzatuvchilar uchun alohida joylar;
  • saylov sanasiga bag‘ishlangan plakatlar;
  • saylov uchastkasining xaritasi;
  • uchastka saylov komissiyasi a’zolarining tarkibi, ish rejasi va navbatchiliklar jadvali haqidagi axborot;
  • saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid ma’lumotlar joylashtiriladigan maxsus stend;
  • zarur mebelь va ofis texnikasi;
  • telefon, printer, seyf va kantselyariya tovarlari;
  • Internetga ulangan hamda Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kirish imkoniyatiga ega kompьyuterlar;
  • yong‘inga qarshi vositalar.

Nomzodlar va siyosiy partiyalar haqida qanday ma’lumot bo‘ladi?

Saylov uchastkasida saylovchi tanlov qilish uchun zarur bo‘lgan axborot bilan tanishishi mumkin bo‘lishi kerak.

Maxsus stendda, jumladan:

  • bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ro‘yxatga olingan nomzodlarning tarjimai holi va dasturlarining asosiy yo‘nalishlari;
  • saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyaning dasturi;
  • partiya ro‘yxati joylashtiriladi. Ushbu materiallar tegishli saylov komissiyalari tomonidan tayyorlanadi yoki nashr qilinadi.

Ovoz berish xonasi qanday tashkil etiladi?

Ovoz berish xonasida yashirin ovoz berish uchun etarli miqdorda kabinalar yoki xonalar bo‘lishi, saylov byulletenlarini berish uchun alohida joy ajratilishi va saylov qutilari o‘rnatilishi kerak.

Saylov qutilari shunday joylashtiriladiki, saylovchi ularning oldiga borishdan avval albatta yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasi orqali o‘tadi. Bu saylovchining tanlovi sir saqlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qanday sharoit bo‘lishi kerak?

Ovoz berish xonalari:

  • yorug‘ va keng;
  • alohida kirish va chiqish joyiga ega;
  • jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun kirish imkonini ta’minlaydigan nishab yo‘lkalar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.

Zarurat bo‘lganda ular uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari ham tashkil etiladi.

Bino qachon tayyor bo‘lishi kerak?

Lozim darajada jihozlangan ovoz berish binosi saylov komissiyasiga saylovdan kamida 11 kun oldin taqdim etilishi kerak.

Davlat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun zarur binolar hamda jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart.

Moddiy-texnik sharoitni kim ta’minlaydi?

Tutash hududlarni obodonlashtirish, fuqarolar uchun zarur sharoitlarni yaratish, saylov komissiyalarini:

  • texnik vositalar;
  • mebelь va ashyolar;
  • ofis texnikasi;
  • transport bilan ta’minlash mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari zimmasiga yuklatilgan.

Aloqa vositalari bilan ta’minlash esa raqamli texnologiyalar sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Eslatma: ovoz berish binosida saylov jarayoniga aloqador bo‘lmagan boshqa siyosiy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chat