Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 29816 marta o'qildi

Ma’lumotnomaning mazmuni

Ma’lumotnoma oilaning Ijtimoiy reestrga kiritilganligini tasdiqlaydi. U oilaga qonunchilikda nazarda tutilgan ijtimoiy xizmatlar, yordamlar, imtiyozlar va davlat xizmatlari bo‘yicha chegirmalardan foydalanish uchun taqdim etilishi mumkin.

Ma’lumotnoma oila Ijtimoiy reestrga kiritilganidan keyin oilaning muomalaga layoqatli a’zosi murojaati asosida beriladi.

Ma’lumotnoma oilani Ijtimoiy reestrga kiritish uchun asos emas. U Reestrga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyin oilaning amaldagi maqomini tasdiqlaydi.

Ijtimoiy reestrdagi oila toifalari

Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalar avtomatik ravishda quyidagi toifalardan biriga ajratiladi:

  • «davlat ta’minotidagi oila» — oila a’zolari mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan va har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar;
  • «kambag‘al oila» — mehnatga layoqatli a’zolari mavjud, ammo har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar;
  • «kambag‘allik chegarasidagi oila» — har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining bir baravaridan bir yarim baravarigacha bo‘lgan belgilangan oilalar.

Oilaning toifasi uning daromadlari, mol-mulki, bandligi, oila tarkibi va ijtimoiy holati haqidagi elektron ma’lumotlar asosida belgilanadi.

Murojaat qilish va ma’lumotnoma olish

Ijtimoiy reestrga kiritish uchun murojaat:

  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;
  • «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi;
  • «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali berilishi mumkin.

Fuqaro murojaatni rasmiylashtirishda qiynalsa, yashash joyidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi yoki ijtimoiy xodimga murojaat qilishi mumkin.

Oila Reestrga kiritilganidan keyin ma’lumotnoma YaIDXP orqali elektron shaklda olinadi. Ma’lumotnoma Reestrdagi joriy ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.

Oilani Ijtimoiy reestrga kiritish va Reestrni yuritish bilan bog‘liq davlat xizmatlari bepul amalga oshiriladi.

Maqomning o‘zgarishi

Reestrga kiritilgan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati elektron ma’lumotlar asosida har oyda qayta baholab boriladi.

Savolnoma:

  • «davlat ta’minotidagi oila» toifasi uchun — har 12 oyda;
  • «kambag‘al oila» toifasi uchun — har 6 oyda qayta to‘ldiriladi.

Oila toifasi o‘zgarsa yoki oila Reestrdan chiqarilsa, ariza beruvchiga SMS-xabar yuboriladi. Shu sababli ma’lumotnoma Reestrdagi amaldagi maqomga muvofiq qayta olinishi lozim.

Shikoyat qilish tartibi

Oilani Reestrga kiritish rad etilsa, toifa noto‘g‘ri belgilansa yoki ma’lumotlarda xato bo‘lsa, manfaatdor shaxs:

  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi yoki Davlat xizmatlari markazi orqali;
  • YaIDXP;
  • «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali tuman yoki shahar hokimligi huzuridagi apellyatsiya kengashiga shikoyat qilishi mumkin.

Shikoyat, umumiy qoidaga ko‘ra, 15 kun ichida, alohida hollarda esa 30 kungacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Apellyatsiya kengashiga murojaat qilish yuqori turuvchi organ yoki sudga bevosita murojaat qilish huquqini cheklamaydi.

Chat