Ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning oylik ijara to‘lovi bir qismini qoplab berish davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasiga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan ariza beruvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.
Ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyi doirasida (tuman, shahar miqyosida) ariza beruvchilarga oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish amalga oshirilmaydi.
Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda, ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishlari shart.
Bunda talabgorlarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar, Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda — bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lanadi.
Davlat oliy ta’lim muassasalarining faqat kunduzgi ta’lim shaklida (xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida va fakulьtetlarida ta’lim olayotgan talabalardan tashqari), davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishidan qat’i nazar, ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarning 60 foiziga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Talaba o‘quv yili davomida akademik ta’tilga chiqqan, kursda qoldirilgan yoki talabalar safidan chetlashtirilgan hollarda, unga ijara haqining bir qismini qoplash uchun beriladigan mablag‘larni to‘lash to‘xtatiladi.