Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12339 marta o'qildi

Turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish

Fuqaro doimiy yashash joyidan boshqa manzilda vaqtincha yashayotgan bo‘lsa, turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Fuqaroning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmaganligi uni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.

Turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish fuqaroning yashash joyi bo‘yicha mavjud ro‘yxatini bekor qilmaydi.

Yangi manzilga kelgan fuqaro 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi kerak.

Murojaat qilish usullari

Fuqaro yoki turar joy mulkdori:

  • migratsiya va personallashtirish bo‘linmasiga;
  • profilaktika inspektoriga;
  • Davlat xizmatlari markaziga;
  • «Aqlli» migratsiya shoxobchasiga;
  • «E-xabar berish» tizimiga;
  • YaIDXP orqali murojaat qilishi mumkin.

Mulkdor va ro‘yxatdan o‘tayotgan fuqaroning roziligi Face-ID yoki Mobile-ID orqali tasdiqlanadi.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Quyidagilar talab etiladi:

  • mulkdorning uy-joy maydonini berish haqidagi roziligi;
  • mulkdorning pasporti, yashash guvohnomasi yoki ID-kartasi;
  • ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxsning pasporti yoki ID-kartasi;
  • 16 yoshga to‘lmagan bolaning tug‘ilganlik guvohnomasi;
  • zarur hollarda vasiylik, homiylik yoki patronatni tasdiqlovchi hujjat.

Ijara yoki tekin foydalanish shartnomasi mulkdor tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa, bu mulkdorning ro‘yxatdan o‘tkazishga roziligi hisoblanadi.

Ijaraga oluvchi shartnomada ko‘rsatilgan, ammo 1 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.

Davlat boji va natija

Davlat boji BHMning 2 foizini tashkil etadi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda uning 90 foizi — BHMning 1,8 foizi undiriladi.

Ariza 1 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi. To‘lov amalga oshirilgandan keyin QR-kodli elektron yoki qog‘oz shakldagi qayd varag‘i shu kunning o‘zida beriladi.

Davlat boji 10 kun davomida to‘lanmasa, ariza avtomatik bekor qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazilganlik fuqaroga turar joyga nisbatan mulk huquqi yoki mustaqil foydalanish huquqini bermaydi.

Chat