Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16156 marta o'qildi

Qiyoslash davriyligi va murojaat

Tabiiy gaz hisoblagichlari:

  • jismoniy shaxslar uchun — har 8 yilda;
  • yuridik shaxslar uchun — har 4 yilda qiyoslashdan o‘tkaziladi.

Talabgor Davlat xizmatlari markaziga, YaIDXP orqali yoki belgilangan hollarda bevosita hududiy gaz ta’minoti tashkilotiga murojaat qilishi mumkin. Qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmaydi.

Maishiy va elektron gaz hisoblagichlarini navbatdagi qiyoslash qiyoslov muddati tugashiga 3 oy qolganda, hududiy gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan proaktiv shaklda, murojaatsiz tashkil etiladi.

Xizmat ko‘rsatish bosqichlari

  • Hisoblagichni echish — so‘rovnoma tushganidan keyin 5 ish kuni ichida.
  • Metrologiya xizmati tomonidan qiyoslash — hisoblagich qabul qilinganidan keyin 3 ish kuni ichida.
  • Hisoblagichni metrologiya xizmatidan olib ketish — sertifikat yoki xabarnoma kelib tushganidan keyin 2 ish kuni ichida.
  • Hisoblagichni o‘rnatish va plombalash — qiyoslashdan keyin 3 ish kuni ichida.

Hisoblagich echilganda dalolatnoma 2 nusxada, o‘rnatilganda esa 3 nusxada rasmiylashtiriladi. Har ikki holatda bir nusxa talabgorga beriladi.

Qiyoslash natijasi

Ijobiy natijada qiyoslash sertifikati rasmiylashtiriladi. Salbiy natijada hisoblagichning foydalanishga yaroqsizligi haqida xabarnoma beriladi.

Hisoblagich yaroqsiz deb topilsa, hududiy gaz ta’minoti tashkiloti uni 3 ish kuni ichida ta’mirlaydi yoki yangisiga almashtiradi. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik qiluvchilar uchun bu xarajatlar gaz ta’minoti tashkiloti hisobidan qoplanadi. Takroriy qiyoslash uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.

Yig‘im miqdori

Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganda:

  • jismoniy shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik qiluvchilar uchun — BHMning 20 foizi;
  • yuridik shaxslar uchun — BHMning 1,5 baravari.

YaIDXP orqali murojaat qilinganda:

  • jismoniy shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik qiluvchilar uchun — BHMning 18 foizi;
  • yuridik shaxslar uchun — BHMning 1,35 baravari.

HGTTga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilinganda yoki xizmat proaktiv ko‘rsatilganda:

  • jismoniy shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik qiluvchilar uchun — BHMning 16 foizi;
  • yuridik shaxslar uchun — BHMning 1,2 baravari.

Echish, qiyoslash va o‘rnatish birga so‘ralganda yig‘im bir marta undiriladi.

Ijtimoiy chegirmalar

Belgilangan yig‘imlarga:

  • «kambag‘al oila» a’zolari va I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga — 50 foiz;
  • «davlat ta’minotidagi oila» a’zolariga — 75 foiz chegirma qo‘llaniladi.

Navbatdagi qiyoslash muddati tugashiga 3 oy qolganda xizmatni tashkil etish HGTT zimmasiga yuklatilgan; iste’molchi alohida ariza berishi shart emas.

Chat