Hayvonni:
— qiynash;
— unga azob yoki jabr etkazish g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda sodir etilsa, ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz muomala uchun 3 BHMdan 5 BHMgacha jarima belgilangan.
Agar shu huquqbuzarlik:
— ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida takroran sodir etilsa;
— voyaga etmagan shaxs ishtirokida sodir etilsa;
— hayvonning o‘limi yoki mayib bo‘lishiga olib kelsa,
5 BHMdan 10 BHMgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin.
Eslatma: hayvonning o‘limi yoki mayib bo‘lishi birinchi holatning o‘zida ham og‘irlashtirilgan ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Jinoiy javobgarlik uchun esa qo‘shimcha shart — shu kabi harakat uchun avval ma’muriy jazo qo‘llangan bo‘lishi talab etiladi.
Agar shaxs hayvonni qiynash yoki unga azob berish natijasida uning o‘limi yoki mayib bo‘lishiga sabab bo‘lsa va u avval xuddi shunday harakat uchun ma’muriy jazoga tortilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.
Bunday qilmish uchun:
— 25 BHMdan 50 BHMgacha jarima;
— 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
— 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
— 6 oygacha ozodlikni cheklash;
— yoki 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish belgilanishi mumkin.
Hayvonni qiynash bilan uni saqlash qoidalarini buzish bir xil huquqbuzarlik emas.
Shahar va boshqa aholi punktlarida hayvonlarni saqlash qoidalarini buzish uchun ham alohida ma’muriy javobgarlik mavjud. Agar bunday qoidabuzarlik inson salomatligiga yoki mol-mulkka zarar etkazsa, jazo og‘irlashadi.
Hayvonga nisbatan zo‘ravonlik davom etayotgan bo‘lsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish mumkin.
Imkoni bo‘lsa:
— foto yoki videoni;
— hodisa joyi va vaqtini;
— guvohlar ma’lumotlarini;
— hayvonning holatini tasdiqlovchi materiallarni saqlab qolish maqsadga muvofiq.
Bunda shaxs o‘z xavfsizligini xavf ostiga qo‘ymasligi lozim.