Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 40390 marta o'qildi

Xizmat mazmuni

Yuridik va jismoniy shaxslar ob’ektni suv ta’minoti va suvni chiqarib tashlash tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlar olishi mumkin.

Murojaat:

  • Davlat xizmatlari markaziga shaxsan;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — YaIDXP orqali elektron shaklda beriladi.

Davlat xizmatlari markazi to‘ldirilgan so‘rovnomani real vaqt rejimida, YaIDXP esa avtomatik ravishda suv ta’minoti va kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotiga yuboradi.

Talab etiladigan ma’lumotlar

So‘rovnomada iste’molchi va ulanayotgan ob’ekt to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Zarur bo‘lganda ulanish rejalashtirilayotgan tarmoqlarning balansda saqlovchisi roziligi mavjudligi haqidagi ma’lumot ham kiritiladi.

Iste’molchidan ma’muriy reglamentda nazarda tutilmagan qo‘shimcha ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.

YaIDXP orqali murojaat qilinganda so‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Xizmat narxi

Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganda yig‘im — BHMning 10 foizi.

YaIDXP orqali murojaat qilinganda belgilangan yig‘imning 90 foizi, ya’ni BHMning 9 foizi undiriladi.

Xizmat ko‘rsatish muddati va natijasi

Suv ta’minoti va kanalizatsiya xo‘jaligi tashkiloti so‘rovnoma kelib tushganidan keyin 3 ish kuni mobaynida:

  • QR-kod qo‘yilgan texnik shartlarni ishlab chiqadi;
  • texnik shartlarni Davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP orqali iste’molchiga yuboradi;
  • yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan asos bo‘yicha texnik shart berishni rad etadi.

Tashkilot loyihalash va qurilish-montaj ishlariga doir tijorat taklifi hamda shartnoma loyihasini ham yuborishi mumkin. Taklifda ishlarning muddati va xarajatlar kalьkulyatsiyasi aniq ko‘rsatilishi kerak.

Texnik shart talab etilmaydigan holatlar

Quyidagi hollarda texnik shart olish, suv ta’minoti loyihasini ishlab chiqish va kelishish talab etilmaydi:

  • maishiy iste’molchilarning xonadonlari, shaxsiy uy-joylari, dala hovlilari, yordamchi xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqa bog‘ ob’ektlari uchun;
  • birlamchi texnik sharti mavjud ko‘chmas mulk ob’ekti boshqa shaxsga o‘tkazilganda;
  • fuqaroning familiyasi, ismi yoki otasining ismi o‘zgarganda;
  • yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli yoki firma nomi o‘zgarganda;
  • suvdan foydalanish hajmi o‘zgarmagan holda ulanish nuqtasi yoki ishlab chiqarish faoliyati turi o‘zgarganda.

Bunday holatlarda hisobga olish uskunasini o‘rnatish, plombalash va suv ta’minoti shartnomasini tuzish uchun murojaat qilinadi.

Rad etish

Yig‘im to‘lanmaganligi davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. So‘rovnomada yuklama hajmi noto‘g‘ri ko‘rsatilsa, mas’ul tashkilot ob’ektni o‘rganishi yoki iste’molchi bilan bog‘lanib ma’lumotga aniqlik kiritishi lozim.

Qonunchilikda belgilanmagan boshqa asoslar bo‘yicha texnik shartlarni berishni rad etish taqiqlanadi.

Chat